date 22:49 / 16.07.2022
views 1 255

Kuchli oltilikdagi jamoalar transfer oynasida qaysi pozitsiyasini kuchaytirishi lozim?

Kuchli oltilikdagi jamoalar transfer oynasida qaysi pozitsiyasini kuchaytirishi lozim?
Xabaringiz bor, oʻzbek klublari uchun yozgi transfer oynasi ochildi. Ayrim jamoalar allaqachon yangilarni roʻyxatdan oʻtkazishga ulgurdi. Yana kimlardir oʻzi uchun kerakli boʻlgan zonalarni kuchaytirish uchun izlanishda davom etmoqda. SPORTS.uz joriy mavsumda chempionlik uchun talashayotgan 6 klubga alohida e'tibor qaratgan holda, qaysi pozitsiyalarni kuchaytirishi kerakligi borasida fikr yuritadi. Maqolani hajmi katta boʻlib ketmasligi uchun uni ikki qismga boʻlib taqdim etamiz.

"Nasaf"

Markaziy hujumchi

Qarshiliklar joriy mavsumda chempionlikni oldiga maqsad qilib qoʻyganidan xabaringiz bor. Birinchi davradan soʻng "ajdarlar" oltin medallar uchun olti da'vogardan biri boʻlib turibdi. Hozir, Roʻqizul Berdiev har safargidan-da koʻproq yangi ijrochilarga muhtoj. Qarshida oʻz oʻrnini topa olmagan Semir Smaylagich jamoani tark etdi. Oʻzbekiston chempionatida gʻalaba qozonish uchun yaxshi imkoniyatga ega jamoa bittagina markaziy hujumchi bilan qolib ketdi. Tarkibga e'tibor berib qarasak, Husain Norchaevdan boshqa sof forvard yoʻq ekanligini darrov payqaysiz. Joriy mavsum startidagi OChL oʻyinlari, Superligadagi qizgʻin kurash, yurtimizda boʻlib oʻtgan U23 Osiyo Kubogi "ajdarlar" straykerini ancha holdan toydirdi.

U qanchalar kurashga chanqoq boʻlmasin, bir futbolchi uchun 3 ta katta turnirda 100 foiz kuch bilan harakat qilish qiyin. Boz ustiga, jarohatlardan hech kim sugʻurtalanmagan. Bunday vaziyatda Roʻziqul akaning jamoasiga Norchaevdan sal yoshi kattaroq, tajribasi bor boʻlgan toʻpurar suv va havodek zarur. Katta ehtimol bilan, zaxira oʻrindigʻida oʻyinni boshlasada, istalgan paytda "jangga qoʻshilib", tablodagi hisobga ta'sir koʻrsatishga qodir futbolchi chempionlik uchun tashlangan dadil qadam boʻladi.

AGMK

Tayanch yarim himoyachi

Mavsum boshida Yovan Jokich "Navbahor"ga oʻtib ketganida, hech kim AGMK uchun katta muammo paydo boʻlishiga ishonmagani rost. Qosimov bolqonlik tayanch yarim himoyachining oʻrnini Siyavush Haqnazari va Alisher Jalilov bilan toʻldirishga urinib koʻrdi. Shuningdek, Mirjamol Qosimovning ham istalgan vaziyatda markazda sifatli oʻyin namoyish etishiga umid qilingani aniq. Amalda barchasi boshqacha koʻrinish oldi. Haqnazari Oʻzbekistondagi ilk oylarida adaptatsiya sababli formaga kira olmadi. Alisher Jalilov esa Tojikistonning eng yaxshi futbolchisi boʻlishiga qaramay, Superligada qolganlardan bir bosh ajralib tura olmadi. Mirjamol Qosimov tayanch zonasidagi kurashlarda gʻalaba qozonishni har safar ham uddalay olmadi.

Mirjalol Qoʻshoqovich tomonidan markazga koʻchirilgan Sanjar Tursunov tayanch pozitsiyasida istasa ham koʻngildagidek oʻynay olmadi. Natijada, "konchilar"ning markaziy zonasida muammolar koʻzga tashlana boshladi. Doim maydonda qora ishni amalga oshirgan Jokichni oʻrnini toʻldirish hozir olmaliqliklar uchun juda muhim. Tarkibda top darajadagi ijrochilar bor. Tajribali murabbiy va katta oʻyinlarni koʻrgan futbolchilar hal qiluvchi turda chempionlikni ilib ketishi mumkin. Buning uchun markazdagi boʻshliqni iloji boricha tezroq sifatli ijrochi bilan toʻldirish lozim. Hozirgi AGMK tarkibida birorta sof tayanch yarim himoyachisi qolmaganini inobatga olsak, bu jamoaning chempionlik uchun kurashdagi imkoniyatlariga kattagina ta'sir koʻrsatishi aniq.

"Qizilqum"

Kreativ pleymeyker

Nikola Lazarevich shogirdlari mavsumni juda yaxshi boshladi, ammo keyin ketma-ket ochkolarni boy berdi. 1-davra soʻngida esa, oʻz pozitsiyasini biroz tiklab oldi. Shunga qaramay, transfer oynasidagi faollik zarafshonliklarga zarar qilmaydi. Ayniqsa, maydon markazidagi kreativ pleymeyker "Qizilqum"ni yanada xavfli raqibga aylantirishi mumkin. Jamoa tarkibiga e'tibor qaratar ekanmiz, futbolchilar 3-5-2 sxemasi uchun ideal tarzda mos tushishiga guvoh boʻlamiz. Ikkita yuqori darajadagi markaziy hujumchi va qanotning istalgan qismida "yondirishga" qodir yigitlar Lazarevich rejalarini toʻliq amalga oshirishi mumkin. Biroq kamchiliklar ham yoʻq emas. "Qizilqum"ning oʻyinlarini kuzatib borgan boʻlsangiz, maydon markazi va hujumchilar oʻrtasidagi boʻshliqqa bir necha bor guvoh boʻlgansiz.

Temurxoʻja Abduholiqov va Aleksandar Stanislavlevich koʻp vaziyatlarda sof pleymeykerning yoʻqligi bois, oʻyindan uzilib qolmoqda. Jamoa uchun "fantazista" obrazidagi erkin ijodkor yaxshigina plyus boʻlishi aniq. Tarkibdagi Sanjar Shoahmedov bu ishni qisman uddalamoqda, lekin oldinga chempionlikni maqsad qilgan klub mavsumni birgina ijrochiga suyanib oʻtkazmasligi shart. Jamshid Iskanderov singari oʻyinni oʻqiy oladigan ijrochi "oltin qazuvchilar" uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochishi mumkin. Hujumlarni faqat qanotlardan emas, markazdan ham uyushtirish imkoniyati murabbiy uchun maydonda koʻplab "manyovr"larni amalga oshirish imkonini taqdim etadi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport