Bugun «Paxtakor» o‘yingohida jamoa yangi a’zolari – bosh murabbiy Maksim Shatskix hamda chernogoriyalik himoyachi Iliya Martinovich ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Dastlab jamoa ustozi Maksim Shatskixga so‘z berildi.
"Hammaga salom. Avvalo, safimizga yangi kelib qo‘shilgan Iliya Martinovichga so‘z berishni joiz deb bildim. Marhamat, uning fikrlariga quloq tutamiz", - dedi Shatskix.
Shundan so‘ng Iliya Martinovich fikrlari bilan o‘rtoqlashdi va savollarga javob qaytardi.
"Xayrli kun. Bu yerga kelganimdan juda xursandman. Jamoa yaxshi taassurot qoldirdi. «Paxtakor» katta klub ekanligini ko‘rib turibman. Bu tashkiliy ishlar orqali ham sezilib turibdi" - dedi Martinovich.
- Nima uchun aynan «Paxtakor»ni tanladingiz?
- Chunki «Paxtakor» katta tarixga ega klub. Dragan Cheran va Oliver Sharkich bilan klub haqida batafsil gaplashdim va bu yerga kelishga qaror qildim. Faoliyatim davomida faqat Yevropada to‘p tepganman. «Paxtakor» 15-chempionlik sari harakat qilayotganini bilaman, shu bois libosda uchinchi yulduzni paydo qilishga intilamiz. Shuningdek, jamoaga OCHLda yordam bermoqchiman.
- Kecha «Paxtakor» «Nasaf» bilan nazorat uchrashuvi o‘tkazdi. O‘zbek futboli haqidagi ilk taassurotlar qanday bo‘ldi?
- Futbolchilar tezkor va texnik jihatdan kuchli ekan. O‘yin juda tezkor ravishda o‘tdi. «Nasaf»da yosh futbolchilar ko‘pligini ko‘rdim. 2-davra boshlanishiga 1 hafta qoldi, astoydil tayyorgarlik ko‘ramiz.
- Ukraina klubi «Chernomores» safida o‘ynashga ulgurdingizmi?
- Odessaning «Chernomores» klubi bilan shartnoma imzolagandim, ammo 2 oydan keyin siyosiy holat yuzaga keldi. Shu bois Chernogoriyaga qaytib ketishga majbur bo‘ldim.
Martinovich bilan savol-javob yakunlangach, bevosita Shatskix bilan muloqot bo‘lib o‘tdi.
- Chempionat o‘yinlarini kuzatib borarmidingiz, darajasi qanday deb hisoblaysiz?
- Daraja xalqaro maydon orqali belgilanadi. Lekin raqobat jiddiy kechmoqda. Chempionlik uchun kurashadigan jamoalar ko‘paygan. Demak, hammasi to‘g‘ri yo‘lda ketmoqda. Umuman olganda, har yili chempionatni kuzatib kelganman va hammasi to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilyapti deb o‘ylayman.
- «Paxtakor»ga sport direktori bo‘lib keldingiz. Bosh murabbiyga aylanish siz uchun syurpriz bo‘ldimi?
- Klubga sport direktori sifatida kelgandim. Bu men uchun yangi ish, yangi yo‘l edi. Keyinroq «Paxtakor» Voyneski bilan xayrlashdi va meni bosh murabbiylikka taklif etdi. Bolalikdan shu yerda o‘ynaganim bois taklifga rozilik berdim.
- Yana qaysi chiziqlarni kuchaytirish kerak?
- Iloji boricha har bir chiziqni, chunki raqobat bo‘lishi kerak. Raqobat bo‘lmasa, o‘sish bo‘lmaydi. Har bir pozitsiyada 2 tadan futbolchi bo‘lishi lozim. Shunda rivojlanish bo‘ladi va futbolchilar ham borini berib o‘ynashadi. Agar raqobat bo‘lmasa, ruhiy jihatdan qiyinchilik yuzaga keladi. Yana xaridlar bo‘ladi, albatta. Bizda yuqori darajali futbolchilar bo‘lishi kerak.
- «Paxtakor» siz kelguningizcha asosan, 1 yillik shartnomalar tuzardi, lekin hozir 2 yoki 3 yillik shartnomalar ham tuzilmoqda. Bu sizning tashabbusingizmi?
- «Paxtakor»dek klub har bir futbolchisi bilan har yili shartnomani 1 yilga uzaytiraverishi yarashmaydi. Biz kamida 2 yoki 3 yillik kelishuvni rasmiylashtirishni yo‘lga qo‘ymoqdamiz.
- O‘zbekiston terma jamoasida ancha yillar harakat qildingiz. Bundan tashqari, Valeriy Lobanovskiy shogirdisiz. «Paxtakor» qanday taktika asosida o‘ynaydi?
- Hozir boshqa avlod o‘ynamoqda. Men Lobanovskiy davrida o‘ynagan futbol bo‘lmaydi. Chunki futbol ham boshqa yo‘nalishda rivojlanib ketdi. Hozir oldingidek og‘ir yuklamalar berilmaydi. Ilgari avlod boshqa edi, ekologiya boshqacha edi. Hozirgi kunda futbolchi har qanday pozitsiyada o‘ynashga moslashishi kerak.
- Bilamizki, muxlislarning ko‘pchiligi bevafo bo‘lishadi. Sizda muvaffaqiyatsizlikka uchrasam, nima qilaman degan xayol o‘tdimi?
- Haqiqiy muxlis hamisha siz bilan birga bo‘ladi. Hech bir murabbiy har doim g‘alaba qozonmaydi. Mag‘lubiyatsiz g‘alaba ham bo‘lmaydi. Muxlislarga kelsak, bundan cho‘chimayman. Rahbariyat va muxlislar faqat g‘alabani kutishlarini bilaman.
Agar nazorat qo‘limdan chiqib ketsa, jamoadan bo‘lmayman, bu aniq. Muxlislar shunchaki ishdan tashqari, 2 soatga kelib, jamoani qo‘llab-quvvatlab turishsa, hammasi zo‘r bo‘ladi.
- Kimlar bilan muzokaralar olib borilayotganini ochiqlay olasizmi?
- Hamma narsani o‘z vaqti bo‘ladi. Buni ochiqlay olmayman, to‘g‘ri tushuning. Lekin tez orada bilib olasiz.
- Hozirgi avlod baribir boshqacha, deb aytdingiz. Ayni paytda futbolchilarning jussasi ham kichrayib ketgani bor gap. Bu sizga sezildimi?
- Tan olish kerak, ekologik vaziyat va ovqatlanish tartibi o‘zgarib ketdi. Katta shaharlarda mashinalar ko‘p bo‘ladi. Bu ham katta muammo va hamma joyni muammosi. Shu va boshqa sabablar xohlaysizmi-yo‘qmi, albatta ta’sir ko‘rsatadi. Futbol atrofidagi infrastruktura ham o‘zgargan. Hozir futbolchi mashg‘ulotga keladi, unga hamma narsa muhayyo etiladi, biz o‘ynagan davrda bunday emasdi. Biroq bunga sekin-asta moslashib boramiz. Bizda yaxshi futbolchilar yig‘ilgan, jamoamiz juda ahil.
- Aytaylik, «Paxtakor»da yaxshi natijalarga erishdingiz va sizga milliy terma jamoadan taklif bo‘ldi. Qaysi birini tanlaysiz?
- Men «Paxtakor» bosh murabbiyiman. Terma jamoa haqida o‘ylayotganim yo‘q. Albatta, ular uchun qayg‘uraman. Menda hozir termaga nisbatan bitta kichik e’tiroz bor: bilasiz, «Paxtakor» terma asosini tashkil qiladi. Shunday ekan, FIFA kunlaridan tashqari boshqa paytda futbolchilarimizni bezovta qilmasliklarini xohlagan bo‘lardim.
- Uzoq vaqtdan buyon termamiz birinchi raqamli to‘purarisiz. Eldor Shomurodov sizning rekordingizga yetishiga 3 ta gol qoldi. Natijani yangilasa, xafa bo‘lmaysizmi? Umuman, Shomurodov haqida qanday fikrdasiz?
- Nima deyishim mumkin? Unga omad tilayman. Uning o‘yinlarini uzoq vaqtdan beri kuzatib boraman. Hozirgi paytda O‘zbekistonning eng kuchli hujumchisi. Afsuski, kam o‘yin amaliyotiga ega bo‘lmoqda. Unga Rimdan ketishni maslahat bergan bo‘lardim. U termaga foyda keltirishi uchun boshqa bir Yevropa jamoasida doimiy tarzda o‘ynashi kerak. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Pashinyan Armanistonning Mustaqillik deklaratsiyani eng katta muammo va fojia deb atadi
Jo Bayden: “Ba’zan xotinim meni kosmosga jo‘natish bilan tahdid qiladi”
Yaxshi pishgan va mazali anor tanlashga yordam beradigan tavsiyalar
Har qanday katta yoshdagi kishi yetuk emas
Rossiyalik deputat: «Oliy ma’lumotlilarning kurerlik qilishi — vatanparvarlikka zid»
Kreml Ukraina bo‘yicha muzokarada shartlar qo‘yishga urinmoqda
Blinken Isroildan uchta muammoni hal etishni talab qildi
Apple dongdor ikki ayfonini rasman eskirgan deb e’lon qildi