10:20 / 04.08.2022
1 501

Bu hujumchi ketsa, Shomurodovga joy ochiladi

Bu hujumchi ketsa, Shomurodovga joy ochiladi
Eldor Shomurodovga xaridor bo‘layotgan jamoalardan biri “Sassuolo” o‘z tarbiyalanuvchilaridan Jakomo Raspadorini mo‘may daromad evaziga boshqa klublarga sotib yuborishni rejalashtirmoqda.

22 yoshli hujumchining o‘zi klub rahbariyatiga murojaat qilib o‘zini Chempionlar ligasida ishtirok etadigan jamoalarga qo‘yib yuborishni so‘radi. Bu o‘yinchiga grand jamoalardan takliflar yetarli.

Xususan, “Sassuolo” sport direktori Jovanni Karnevali Raspadori transferi bo‘yicha “Napoli” bilan muzokaralar muvaffaqiyatli davom etayotganini ta’kidladi. Shuningdek, bu mutaxassis klub rahbariyatining “Roma” hujumchisi Eldor Shomurodovni olishga intilayotganini ham tasdiqlagan edi.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, “Sassuolo” Raspadori o‘rniga aynan o‘zbek hujumchisini olib kelmoqchi.

Jakomo Raspadorini sotish orqali sassuololiklar o‘z budjetini mustahkamlab olmoqchi. Faoliyati davomida 175 ta uchrashuvda raqiblar darvozasini 60 marta ishg‘ol qilgan va jamoadoshlariga 17 ta golli pas uzatgan futbolchi uchun klub mutasaddilari 25 million yevro talab qilyapti.

Aslida “Sassuolo” iste’dodli o‘yinchilarni kashf qilib, ularning mahoratini oshirib, katta klublarga sotib yuborishni zo‘r uddalaydi. Xususan, “Sassuolo” yaqinda o‘zi tarbiyalagan Janluka Skamakkani “Vest Xem”ga katta summaga sotib yubordi. Italiyalik hujumchini sassuololiklar 2017 yili “PSV Eyndxoven” yoshlar jamoasidan 4,7 million yevroga xarid qilgan edi. Joriy transferlar mavsumida ular 30 million yevroga baholangan Skamakkani “Vest Xem”ga 36 million yevroga pulladi.

23 yoshli hujumchi 2020-2021 yilgi mavsumda Eldor Shomurodov bilan birga “Jenoa” sharafini himoya qilganini yaxshi bilasiz.

Professional faoliyati davomida “Sassuolo”, “Jenoa”, “Kremoneze”, “Zvolle” va “Askoli” kabi klublar sharafini himoya qilgan iste’dodli hujumchi jami 172 ta uchrashuvda maydonga tushib, o‘z hisobiga 55 ta gol va yettita assist rasmiylashtirgan.

“Sassuolo” qisqa fursatda Raspadorini sotadigan bo‘lsa, Eldor Shomurodov transferini tezlashtiradi. Chunki ikki asosiy hujumchisidan ayrilgan jamoada faqatgina bitta tajribali forvard Domeniko Berardi qoladi. Berardi o‘tgan mavsum 33 ta uchrashuvda 15 ta to‘p kiritib, jamoaning Skamakkadan keyingi ikkinchi to‘purari bo‘ldi.

Demak, Shomurodov transferi atrofidagi voqealar hali-beri to‘xtamaydi. Kuzatishda davom etamiz.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Bu hujumchi ketsa, Shomurodovga joy ochiladi