1 740
Ja’far Irismetov "Paxtakor"dagi vaziyat, klubdan nega ketgani, Shatskix bilan munosabati haqida ochiq gapirdi
Ancha vaqt “Paxtakor” klubi sport direktori lavozimida ishlagan Ja’far Irismetov hozirgi paytga kelib futboldan tashqarida. Baribir uning futbolda to‘plagan boy tajribasi kun kelib qaysidir jamoaga asqotib qolishi tabiiy.
Uni Rossiyada ham juda yaxshi bilishadi. Shu bois tez-tez rus matbuoti ham Irismetovni “bezovta” qilib turishadi. Bu safar Ja’far Tursunboyevich Sports.uz muxbiriga intervyu berdi.
- “Paxtakor”dan ketganingizdan keyin qanday ishlar bilan bandsiz? Futboldan uzoqlashmadingizmi?
- Hozir faqat oilam bilanman. Hozircha futbolni chetdan kuzatib turibman. Superliga bilan pro liga o‘yinlarini qiziqib ko‘ryapman. Ko‘proq oilamga vaqt ajratyapman. Kichkina o‘g‘lim futbol bilan shug‘ullanadi. Unga ham e’tibor qaratib, mashg‘ulotlariga olib boryapman.
- Yaqin orada xorijiy hamkasblarimizga bir-ikki marta qiziqarli intervyular ham berdingiz...
- Ha, Rossiyadan jurnalistlar aloqaga chiqib so‘rashdi. Rossiyada shov-shuv bo‘lib ketibdi. Ya’ni, “Paxtakor”da ishlagan sport direktori “Spartak” klubiga sport direktori bo‘lishi mumkin degan, xabar ovoza bo‘lgan. Shundan so‘ng Moskvadan oldin birgan o‘ynagan bir-ikkita sobiq futbolchilar ham qo‘ng‘iroq qilishdi. Lekin bu asossiz narsa deb aytdim. Suhbatda xorijda o‘ynayotgan futbolchilarimiz haqida, keyin Yo‘ldoshev, Erkinov xususida qiziqib so‘rashadi, shunga javob beraman. Otabek Shukurov va Eldor Shomurodov haqida ham so‘radilar. Telefon qilishsa, albatta javob beraman.
- Darhaqiqat, sizni “Spartak” klubi sport direktori lavozimiga ko‘rilayotgani haqidagi xabar e’tiborimizni tortgandi. Aslida bu gap qayerdan paydo bo‘ldi? Uning zamirida ozgina bo‘lsa ham haqiqat bormidi? Shu xabardan keyin o‘zingiz ham qiziqib ko‘rgandirsiz?!
- “Spartak”dan hech kim menga qo‘ng‘iroq qilmagan. Ayrim muxbirlar telefon qilib, “Spartak”dagilar siz bilan aloqaga chiqishdimi, deb so‘rashdi. Balki ularga kimdir aytgan bo‘lishi mumkin. To‘g‘risini aytsam, unchalik qiziqib ko‘rmadim. Chunki bu asossizligini bilardim. Bilasiz, sport direktori lavozimi juda mas’uliyatli ish bo‘ladi. Rossiya futbolchilarini yaxshi bilmayman. Albatta, ko‘pchiligini bilamanu, lekin sport direktori oliy liga va birinchi ligasidagi 80-90 foiz futbolchilarni bilishi kerak. Bunga vaqt kerak.
Jurnalistlarga bu gaplar asossiz ekanini darhol aytdim. Lekin qanaqadir bo‘lishi mumkinligini ham istisno qilmadim. Osiyolik agent masalasida ko‘rib chiqishi mumkin. Rossiyada chetdan o‘yinchi oldingidek olishmayapti. Asosan O‘zbekiston va Osiyoga qaratishdi, e’tiborlarini. Transfer bozorini biz tarafga qaratgani uchun shu yo‘nalishda balki meni ko‘rishgandir deb aytdim. Aniqrog‘i, O‘rta Osiyo uchun skaut sifatida. Bu faqat mening taxminim.
- Bundan tashqari, Shomurodov to‘g‘risidagi gapingiz ham e’tiborni tortdi. “Roma” a’zosi Stefan El Shaaravini Eldordan to‘pni qizg‘onishi haqida aytdingiz. Umuman, bunga o‘zingiz qanchalik ishonasiz? Shomurodov hali ham “Roma”da yoki Turkiyaga ketishi kerakmi? Fikringiz qanday?
- O‘yinda ko‘rgan narsamni aytdim-da. Mashg‘ulot jarayonlarini ko‘ra olmaymiz. 2-3 ta uchrashuvda ahamiyat berib qaraganimda El Shaaravi Shomurodovga pas bermadi. U ham bilardiki, Eldor bilan o‘zi raqobatchi. Abraxam to‘purar. Bu futbolchini Shomurodov yoki El Shaaravi bilan tenglashtirmoqchi emasman. Albatta, menga Eldorni o‘ynagani yaxshi. Uning o‘ynashi O‘zbekiston terma jamoasi uchun ham kerak. Chunki termamizda undan ko‘p narsa kutiladi. Shomurodov haqida bir nima deyishim qiyin.
Turkiya chempionati ham yomon emas. Agar u yerga ketsa, Italiyadan keyin orqaga tashlangan qadam deb o‘ylayman. Iloji bo‘lsa, A seriyada qolgani ma’qul. “Bolonya” va yana ayrim klublar qiziqyapti deb eshitdim. Eldorni o‘zi nima qilishni yaxshi biladi. Shuning uchun uni u yerga yoki bu yerga o‘tishi kerak, deb aytishim qiyinroq. Futbolchini agentlari bor. “Roma”dagi holatini ham o‘zi biladi. Biz esa chetdan gapiraveramiz. Holbuki, siz bilan biz “Roma”ni ichida nima bo‘layotganini bilmaymiz.
- “Paxtakor”da bir necha yil samarali faoliyat olib bordingiz. Lekin u yerdagi ishingiz nihoyasiga yetdi. Shu paytgacha klubdan ketganingiz yuzasidan buning sababini aytmay kelayotgandingiz. Endi sizda shu haqida gapirish imkoniyati bor. Kim sababchi yoki nima turtki bo‘ldi?
- “Paxtakor”dan ketishimga sababchi deb kimnidir ko‘rsata olmayman. Menimcha, yangi rahbariyat kelganidan so‘ng jamoani yangilashmoqchi bo‘lishdi. Sport direktori sifatida Maksim Shatskixni chaqirishdi. Klubga 2017 yilda kelgan bo‘lsak, jamoani yangilab olish uchun bizga bir yil vaqt kerak bo‘ldi. 4,5 yil ishlagan faoliyatimda faqatgina Kubokda Samarqandda “Nasaf”ga yutqazib qo‘ydik. Qolgan barcha sovrinlarni yutishga harakat qildik. Baribir o‘zbek klublarini Osiyo Chempionlar ligasida muvaffaqiyatli qatnashishi qiyin. Bu yilgi OCHLdagi ishtirokni sabab deb ko‘rsata olmayman. Chunki jamoani kuchaytira olmadik. Buning sabablari bor.
O‘ylashimcha, buni rahbariyat yaxshi biladi. Lekin “Paxtakor”ni hozirgacha O‘zbekistondagi eng yaxshi jamoa deb o‘ylayman. Qaysi futbolchilarni klubga olib kelgan bo‘lsam, barchasi terma jamoa o‘yinchilariga aylanishgan. Klub hamma futbolchilar bilan shartnomalarni uzaytirdi. Ketish – bu ham ishimizning bir qismi. 4,5 yil ishlagan bo‘lsam, yaxshi faoliyat olib bordim, deb hisoblayman.
- Maksim Shatskix sport direktori bo‘lib kelganidayoq uni keyinchalik bosh murabbiy bo‘ladi, degan taxminlar bor edi. Bu amalda tasdig‘ini topdi. Uni taklif qilish tashabbusi kimdan chiqqandi? U bilan munosabatingiz qanday?
- Shatskixni olib kelish tashabbusi kimdan chiqqanini bilmayman. O‘ylashimcha, bu oldindan tayyorlangan. Ishdan ketishimiz birinchi davra tugamasidanoq ro‘y berdi. Yangi rahbariyatni ko‘zlagan maqsadi bor. Rejasiga yarasha ish tutadi. Shatskixni oldindan murabbiy bo‘lib kelgani ma’lum edi. Faqat o‘sha paytda Voyneskini ishdan bo‘shatish nomantiqligini bilib, menimcha birinchi davra tugashini kutishdi. Maksimni jamoa bilan yaqinroq tanishishi uchun sport direktori lavozimiga qo‘yib turishdi.
Shatskix bilan munosabatim qanaqa? Birga to‘p surganman, terma jamoada. Shundan so‘ng hech qanaqa aloqam bo‘lmagan. “Rotor”da yordamchi murabbiy bo‘lib ishlayotganida bir-ikki marta gaplashganman. Munosabatim yomon emas. Iloji boricha hech kim bilan yomon munosabatda bo‘lmaslikka harakat qilaman. “Paxtakor”da ishlagan davrimda ham hech qaysi inson bilan yomon munosabatda bo‘lmaganman.
- Slavche Voyneskidan intervyu olganimda u “Paxtakor”dan ketishim bir oy avval hal qilib bo‘lingandi, degan gapni aytgan. Siz ham ketishini bilganmisiz? Murabbiyni ishdan bo‘shatilishi odilona qarormidi yoki unga oxirigacha imkoniyat berilishi zarurmidi?
- Sobir aka Xodiyev bilan birga jamoadan ketganimizdan keyin menimcha uni ham ketishi aniq bo‘lgan. Rahbariyatga Slavche uncha yoqmadi, desam ham bo‘ladi. Lekin bitta o‘yin zaxirada va bir ochko farqi bilan hamda himoya chizig‘ini har qancha yomonlashmasin eng kam 7 ta gol o‘tkazgan jamoa bo‘ldi. Shu bois Voyneskini O‘zbekiston chempionatida yomon natija ko‘rsatmadi, deb o‘ylayman. Ha, “Paxtakor” chempionlar ligasida yaxshi o‘ynay olmadi. Lekin oldingi yili ham “Paxtakor” OCHLda yaxshi qatnasha olmagandi. Misol uchun o‘shanda hozirgidan bo‘sh jamoalar orasidan chiqa olmagan. Agar Osiyo Chempionlar ligasidagi natijaga qarab ish tutadigan bo‘lsak, unda “Paxtakor” har yili murabbiy o‘zgartirishiga to‘g‘ri keladi.
Masalan, OCHLdagi raqiblarimizda shunday ediki, ularning bitta futbolchisi bizning budjetimizdan ko‘p pul olardi. Albatta, ana shunday o‘yinchilar o‘yin taqdirini hal qilib ketishadi. Misol uchun bitta futbolchisi uchta gol uryapti, bizga. Yigitlarimiz yakkama-yakka vaziyatdan gol ura olmayapti, ular esa yo‘q joydan urishyapti. Bu futbolchining mahorati bilan bog‘liq. Bunday darajadagi o‘yinchilarni jalb qila olmaymiz. Xorijdan maksimal ravishda budjetga qarab olib kelinadi. Bizga Yevropadan kelaman degan o‘yinchilar o‘ylashimcha yo‘q. Dragan Cheran adashib kelib qolgan (kuladi). O‘zbekistonda boshqa kuchli legionerni ko‘rmayapman.
- “Paxtakor”ning chempionligiga qanchalik ishonasiz? Bu borada yana kimni imkoniyati ko‘proq?
- Fikrimcha, chempionlik uchun kurash asosan “Navbahor”, “Nasaf” va “Paxtakor” o‘rtasida kechadi. Ko‘ryapsizlar, “Paxtakor” har uchrashuvda qandaydir muammolarga duch kelyapti. Shatskixni qanaqa murabbiyligini vaqt ko‘rsatadi. Biz ham kelgan paytda birinchi yili chempion bo‘la olmaganmiz. Agar unga Osiyo Chempionlar ligasi orqali baho berish kerak bo‘lsa, o‘sha yerda ko‘rinadi. “Paxtakor” bu yig‘ilgan tarkib bilan chempion bo‘lishi lozim. “Navbahor”da ham yaxshi imkoniyat bor. Ochkolar bo‘yicha birinchi o‘rinda. O‘zaro uchrashuvlarda ko‘p narsaga oydinlik kiritiladi. “Paxtakor” ham, “Navbahor” ham boshqa uchrashuvlarda ochko yo‘qotmasa kerak, deb o‘ylayman.
“Nasaf”da har yilgidek barqarorlik yetishmayapti. Jamoa kerakli o‘yinlarda ochko yo‘qotib qo‘ymoqda. Ro‘ziqul akani qanday ishlashini hamma biladi. Safarda ikkita yutishdi. Baribir bu klub ham chempionlikka kurashadi. Qolganlarni xafa qilgim kelmayapti. Ulug‘bek Baqoyev ham yaxshi jamoa tuzgan. “So‘g‘diyona”da ham chempion bo‘lishga imkoniyat bor. 3 ta emas, 4 ta jamoa deylik. Kuchli uchtalikka kirishga shu 4 ta jamoa haqdor. “Qizilqum” yaxshi boshladi, keyin barqarorlik yetishmadi. Chempionlik uchun asosiy da’vogarlar “Paxtakor” bilan “Navbahor” bo‘lsa kerak.
- Keyingi rejangiz qanday? Takliflar bormi?
- Aniq takliflar yo‘q, hali. Oldin ham aytgandim, murabbiy bo‘lishni xohlardim. Sport direktori bo‘lib ishlagan holda bu yo‘nalishda ham ancha o‘sdim desam bo‘ladi. “Paxtakor”da ishlab bu yo‘nalishda faqat yutuqlarga erishdim. Shota Arveladzedan ancha narsa o‘rgandim. Aynan shu sohada ko‘p narsani o‘rgatib ketdi. Agar murabbiylikka taklif tushsa ham buni ko‘rib chiqsa bo‘ladi. Chunki murabbiylikka o‘qiganman, PRO litsenziyam bor. Qanchalik tayyorman, bunisini vaqt ko‘rsatadi. Futbol bizning hayotimiz. Futbolda bo‘lsam bo‘ldi. Sport direktori yoki murabbiy sifatida qaysidir klubga yordamim tegsa xursand bo‘laman. “Zamin” yangiliklarini “Youtube”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
KXDR yetakchisi dronlarni ommaviy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni buyurdi
Ayrim boshqaruv servis kompaniyalari shartnomalarida asossiz shartlar belgilangani aniqlandi
20 yoshli o‘zbekistonlik qizni qarindoshi Turkiyaga sotib yubordi
Rossiya armiyasi Kupyanskka kirgani aytilmoqda
Kreml Ukraina bo‘yicha muzokarada shartlar qo‘yishga urinmoqda
Turkiyaning Harper's Bazaar nashri yil ayolini aniqladi (foto)
Buyrak salomatligi uchun eng foydali sabzavot...
Shols va Putin o‘rtasidagi suhbat Kiyevga signal bo‘ldi