16:00 / 22.08.2022
1 471

Babayan yoki Kapadze ko‘chasida bayram bo‘ladi yoxud "Olimpik" bu safar durang o‘ynay olmaysan!

Babayan yoki Kapadze ko‘chasida bayram bo‘ladi yoxud "Olimpik" bu safar durang o‘ynay olmaysan!
Samvel Babayan bosh murabbiyligidagi “Navbahor”ning O‘zbekiston chempionatidan tashqari, O‘zbekiston Kubogida ham maqsadi aniq: faqat sovrin yutish! Aslida Kubok bahslari o‘sha sovrinni qo‘lga kiritish uchun chempionatdagidan ko‘ra eng qisqa yo‘l. Lekin hamma jamoalar ham bu musobaqaga bor e’tiborini qaratishni istashmaydi. Undan ko‘ra chempionatga asosiy e’tiborini qaratadilar. Lekin “Navbahor” bundan mustasno. U yerda sovrinlarga o‘ch bo‘lgan murabbiy ishlar ekan, jamoasi bilan o‘zi qatnashayotgan har bir musobaqada g‘olib chiqish istagida va buni qo‘l ostidagilarga ham singdiryapti.

Superligada biroz “pauza”. Sababi O‘zbekiston Kubogi 1\8 final bosqich o‘yinlarini o‘tkazib olish fursat kelgandi. Bu musobaqada favoritlar chempionatdagi favoritlar desak mubolag‘a qilmaymiz. “Navbahor” chempionatda karvonboshilikni o‘z qo‘liga olganini bilasiz. Kubok doirasida bu jamoani Toshkentda syurprizlarni taqdim etib kelayotgan debyutant “Olimpik” qarshi oladi. Ushbu bahs juftliklar orasida eng qiziqarlisi bo‘lishi katta ehtimol.

Chunki Timur Kapadze ustozlik qilayotgan “Olimpik” yosh bo‘lishiga qaramasdan hech kimdan qo‘rqmayapti. Eng ko‘p – 10 ta durang o‘ynashga ulgurgan bu klub 19 ochko bilan 7-o‘rinda turibdi. “Navbahor” uchun jiddiy raqibga aylanyapti. Boisi, bu jamoalar chempionatda 10-tur doirasida Toshkentda o‘zaro kuch sinashishgan. O‘sha uchrashuvda Jamshid Iskanderovning goliga “Olimpik”dan Po‘latxo‘ja Xoldorxonov goli bilan javob qaytargan bo‘lib, bahs 1:1 hisobi bilan yakun topgan. Demak, bu safargi to‘qnashuv ikkala klubning o‘zaro ikkinchi o‘yiniga aylanadi.

Xo‘sh, 1\8 finalga qadar jamoalar guruhda qanday natijalar qayd etishdi? “Olimpik” “F” guruhida “Andijon-2”, “Sho‘rtan” va “Turon” bilan bellashdi. O‘shanda Kapadze Kubok yo‘lidagi kurashni mag‘lubiyat bilan boshlagandi. Safarda “Andijon-2”ga 1:0 hisobida mag‘lubiyatga uchragani yodimizda turibdi. 2-turda “Turon”ni 5:1 hisobida tor-mor keltirgan “Olimpik” 3-turda “Sho‘rtan” bilan 1:1 hisobida durang qayd etgan. Ushbu natijalar Kapadze jamoasini keyingi bosqichiga chiqishi uchun yetarli bo‘ldi.

“Navbahor” “A” guruhida “Qizilqum”, “Neftchi” va “Dinamo” bilan kuch sinashdi va eng kuchli guruh sifatiga e’tirof etilgan. Avvaliga safarda “Qizilqum” darvozasiga javobsiz 2 ta gol urgan “Navbahor” 2-turda Namanganda “Dinamo”ni 1:0 hisobida yengdi. 3-turda vodiy derbisi ostida o‘tgan uchrashuvda “Neftchi” ustidan 2:0 natijasi bilan ustun kelib, guruhda 100 foizli ko‘rsatkichni qayd etdi.

Yuqorida aytganimizdek, “Olimpik” va “Navbahor” bungacha chempionatda birinchi davradagi o‘yinda kuchlar teng kelib qolgandi. Lekin bu safar bunaqasi ketmaydi. Endi durang bo‘lishi mumkin emas. Kimdir yutqazishi muqarrar. Aks holda keyingi bosqichga kim chiqadi? Shu bois g‘olib aniqlanishi shart.

Bilsangiz kerak, Superliganing 16-turida ikkala klub ham bir xil natija ko‘rsatdi. “Olimpik” “Paxtakor” maydonida 1:1 o‘ynagan bo‘lsa, “Navbahor” ham vodiy derbisida “Qo‘qon-1912”ga qarshi bahsda ushbu natijani qayd etdi. Albatta, nom jihatidan qarasak, “Navbahor” yana favorit bo‘lishi tabiiy. Axir tarkibida kimlar o‘ynayotganiga bir qarang! “Olimpik”da nomdor o‘yinchilar yo‘q.

Lekin Kapadzening maqsadi va yo‘nalishi boshqa. U hech kim bilmagan va tanimagan futbolchilardan jamoa tashkil qildi. Parij Olimpiadasi yo‘lida ushbu tarkibni “pishitib” boryapti. Bunda esa unga Superligadagi ishtirok juda qo‘l kelyapti. Boshida ko‘pchilik e’tiborga olmagan “Olimpik”ka endi boshqacha nazar bilan qaramoqdalar. Kapadze va “Olimpik” boshqalarni o‘ziga hurmat bilan qarashga majburlay oldi.

Chunki jamoa shunga munosib o‘yin namoyish etyapti. Hatto, “Paxtakor” ham “Olimpik”ni yutolmayapti. Klub 16 ta o‘yinning faqat 3 tasida yutqazdi xolos. Kubokda ham Kapadze oxirigacha bormoqchi. Bu intrigani kuchaytirishi shubhasiz. Musobaqa favoriti hisoblangan “Navbahor” “Olimpik”ka qarshi jiddiy hozirlik ko‘ryapti. Boisi, yosh raqibining kuchini endi yaxshi biladi. Kapadze jamoasi Kubokda ham syurprizlarni taqdim etarmikin-a?

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Babayan yoki Kapadze ko‘chasida bayram bo‘ladi yoxud "Olimpik" bu safar durang o‘ynay olmaysan!