14:50 / 23.09.2022
1 282

O‘zbekiston MTJ Kamerunni qay tarzda mag‘lub etdi?

O‘zbekiston MTJ Kamerunni qay tarzda mag‘lub etdi?
Bugun O‘zbekiston milliy terma jamoasi Janubiy Koreyada Kamerun bilan o‘rtoqlik o‘yini o‘tkazdi.

Raqib “Afrika sherlari” va jahon chempionati ishtirokchisi. Biz esa biror marta ham mundial ta’mini totib ko‘rmagan kamdan-kam g‘alabalarini eslab, ovunib yuradigan jamoa.

Shomurodov Masharipov va Hamdamovsiz yangi vingerlar bilan birga to‘p tepdi. Murabbiy 5 himoyachi bilan o‘yinni boshladi, kutilganidek.

Dastlabki hujumda Eldor to‘pni Erkinovga tashlab berdi. U esa pas berishga qaror qildi. Ammo to‘p raqibga kelib tushdi.

Oradan biroz vaqt o‘tib, Shomurodov o‘zining reydini tashkil etib, darvozaga zarba berdi. Posbon birinchi urinishda qo‘lidan chiqarib yubordi. Ammo keyin xatosini to‘g‘riladi.

19-daqiqada kamerunliklar jarima maydoni ichidan boshi bilan to‘pni yo‘lladi. Yusupovning baxtiga to‘p yuqoridan o‘tib ketdi.

25-daqiqada Eldor Shomurodov tezligini ishga solib jarima maydoniga kirdi va chiroyli pasi bilan Hojimat Erkinovning gol urishini ta’minladi. Erkinov darvozani ishg‘ol qildi. Hujumchi haqiqiy pleymeykerlardek uzatmani amalga oshirdi.

Kamerun golgacha deyarli yugurmadi. Darvozasidan to‘p olib chiqqach harakatga tushib qoldi.

Birinchi bo‘lim oxirida Kamerun vakili uzoq masofadan zarba berdi. O‘tkir Yusupov vaziyatni nazorat qilib turgani bois to‘pni qiyinchiliksiz egallab oldi.

Tanaffusda kamerunliklar bosh murabbiydan yaxshigina eshitgan shekilli, ikkinchi taymni hujumlar bilan boshladi. Ketma-ket uch vaziyatda ish zarbagacha yetib bormadi.

55-daqiqada Eldor Shomurodov ajoyib harakatlari bilan Onana darvozasiga ancha kuchli zarba yo‘lladi. Posbon qiyinchilik bilan to‘pni maydon tashqarisiga chiqarib yubordi.

Oradan ko‘p o‘tmay O‘tkir Yusupov katta sahnaga chiqdi. Darvozabonimiz raqibning yaqin masofadan bergan kuchli zarbasini bartaraf etdi.

77-daqiqada vakillarimiz qarshi hujumga chiqib ketdi. Shahboz Umarov pas berishda xatoga yo‘l qo‘ydi. Ammo himoyachilar qaytargan to‘pni Odil Hamrobekov egallab olib, jarima maydoniga kirib borgan Oston O‘runovni to‘p bilan ta’minladi. O‘runov oyog‘ini qo‘yish orqali darvozani ishg‘ol qildi.

Qolgan vaqt mobaynida tomonlar har qancha harakat qilmasin, hisob o‘zgarmadi. Shu tariqa, O‘zbekiston milliy terma jamoasi jahon chempionati ishtirokchisiga imkoniyat qoldirmadi.

O‘yindan ikki xil xulosa: biri o‘zidan nomdor jamoaga futbolchilarimiz o‘zlarining nimalarga qodir ekanligini ko‘rsatib qo‘yish. Ikkinchisi, Katanetsning taktikasi ish berdi.

Shuningdek, hamkasblarimizning bir gapi ham bor: balki termamiz yaxshi o‘ynab, raqibga o‘yin bermagandir. Bu ham variant.

Qisqasi, Katanes tanqidlarga javob berishni boshladi. Asosiysi, kimning fikri to‘g‘ri chiqishi emas, terma jamoa g‘alaba qozonishi!

Bekzod ISAYEV

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » O‘zbekiston MTJ Kamerunni qay tarzda mag‘lub etdi?