12:20 / 12.10.2022
1 817

"Nasaf"ga kubok kerak emasmi? "Navbahor" qaysi yo‘lni tanlaydi? "So‘g‘diyona" va AGMK eplay olarmikan?

"Nasaf"ga kubok kerak emasmi? "Navbahor" qaysi yo‘lni tanlaydi? "So‘g‘diyona" va AGMK eplay olarmikan?
Ertaga O‘zbekiston Kubogida birinchi yarim final uchrashuvi bo‘lib o‘tadi. Unda "Nasaf" Qarshida AGMKni mehmon qiladi. Ikkinchi qarama-qarshilik Namanganda, "Navbahor" hamda "So‘g‘diyona" jamoalari o‘rtasida o‘tkaziladi.

Ko‘pchilik e’tibor bermadi, ammo futbolimizda sodir bo‘lgan so‘nggi voqealar kubok mavqeini keskin tarzda oshirib yubordi. Qanday qilib, deysizmi? Yaqin daqiqalar ichida shu haqda fikr yuritamiz.

"So‘g‘diyona"ning qoqilishlari

"OFK Kubogini yutish - Superligada chempion bo‘lishdan qiyinroq", degandim. Haliyam fikrimda qolaman, jizzaxliklar kuch yetmagani uchun emas, xato taktika ortidan yarim finalda mag‘lub bo‘ldi. Hozir ichki chempionatimizda chempion bo‘laman, deb jiddiy niyat qilgan 3 ta klubning har uchalasi Osiyoning ikkinchi turnirida zafar quchish uchun yetarli potensialga ega edi. Afsus, yakunda o‘zbek jamoalari yana xalqaro maydonda bosh sovrinsiz qolmoqda...

O‘z navbatida, OFK Kubogidan chiqib ketgan Baqoyev shogirdlari endi bor e’tiborini O‘zbekiston Kubogiga qaratishi aniq. Nega? Chunki kubok g‘olibiga kelasi mavsum Osiyo Chempionlar ligasida qatnashish imkoniyati taqdim etiladi. Ayni paytda ichki chempionatda 5-o‘rinda borayotgan "bo‘rilar" ko‘proq e’tiborni bitta frontda qaratishi mantiqan bo‘lardi. Boshqachasiga har ikki turnirni hech vaqosiz tugatib, yil so‘ngida murabbiyga chiqish eshiklari ko‘rsatilishi hech gap emas.

"Navbahor"ning barqaror emasligi

Chempionlik uchun kurash olib borayotgan ikki jamoaning o‘zaro o‘yini, yangi murabbiy qo‘l ostiga o‘tganiga ko‘p bo‘lmagan, yosh futbolchilardan iborat o‘rtamiyona raqib, barchasi o‘z qo‘lida ekanini yaxshi his qilib turgan saviyali futbolchilar - Babayanga 20-turda juda zo‘r "shans" taqdim etilgandi. Ammo namanganliklar keraksiz joyda "Bunyodkor"dan mag‘lub bo‘lib, o‘z imkoniyatlarini pasaytirib yubordi. "Lochinlar"ni oldinda "vodiy derbisi", "Olimpik" va AGMK kabi kuchli jamoalarga qarshi bellashuvlar kutib turganini inobatga olsak, chempionlik uchun "do konsa" kurashish oson bo‘lmasligi aniq.

Moziyga qaytib biroz o‘ylab ko‘rilsa, klub oldiga qo‘yilgan vazifa OCHL yo‘llanmasi ekanini eslaymiz. Demak, maqsadga yaqinroq va osonroq yo‘l bilan ham yetib olish mumkin ekan. Bundan vaziyatda aqlli Babayan nega o‘zini qiynashi kerak? Boz ustiga, kubok yarim finali Namanganda o‘tkaziladi. Bu "lochinlar" uchun qo‘shimcha motivatsiya degani. Barchasi futbolchilarning o‘z qo‘lida.

"Nasaf"ning azaliy orzusi

"Ajdarlar" o‘z tarixida ilk bor chempionlik mazasini tatib ko‘rishi mumkin. Tasavvur qilyapsizmi? Bu Klopp boshqaruvidagi "Liverpul"ning 30 yildan so‘ng APL g‘olibi bo‘lganidan ham yaxshiroq bo‘ladi. Buning uchun qarshiliklar Superliganing navbatdagi 5 uchrashuvida g‘alaba qozonsa kifoya. Yaqin yillar ichida bunday qulay imkoniyat yuzaga kelganmidi o‘zi?

Mana shu narsa O‘zbekiston Kubogida intriganing keskin ortishiga sabab bo‘ldi. Chunki endi "Nasaf"ga ko‘proq chempionat qiziq, avval ham shunday edi. Ammo hozirgisichalik emas! Balki Berdiyev oltin dublga harakat qilib ko‘rar, lekin bu tavakkal yakunda juda katta muvaffaqiyatsizlikka olib kelishi ehtimoli katta. Hattoki "Real" ham YECHL uchun ko‘p marta La Liga va Ispaniya Kubogini qurbon qilgan. Menimcha, kubok yarim finalida to‘xtash chempionlik fonida bilinmay ham ketadi.

AGMKning so‘nggi najoti

Mirjalol Qosimov yaxshi sharoitda ishlashga o‘rgangan, ko‘p hollarda unga so‘raganlari muhayyo qilingan. Va tabiiyki, oxirida buning so‘rovi ham qattiq bo‘ladi. Demoqchimanki, legionerlar jalb etib, o‘zi uchun qulay tarkibni shakllantirib olgan mutaxassis mavsumni qandaydir yutuq bilan yakunlashga majbur! Superliga oltin medallarini Olmaliqning eng ashaddiy muxlislari ham umid qilmay qo‘ygani aniq. Yagona yo‘l, so‘nggi najot, oxirgi umid - AGMK uchun kubokni yana qanday nomlash ham mumkin?!

Taqdirning chevarligini qarangki, bu yo‘lda olmaliqliklarga O‘zbekiston Kubogini eng kam o‘ylayotgan "Nasaf" raqiblik qiladi. Qosimov aqlli murabbiy. U yakunda rahbariyatga maqtana olishi mumkin bo‘lgan narsaga shunchaki ikkita o‘yinni yutib erishish mumkinligini juda yaxshi biladi.

P/S: Blog shunchaki O‘zbekiston Kubogida favqulodda yuzaga kelgan intriga haqida edi. Yarim finalchilarning imkoniyatlari, favoritlar va bevosita o‘yin haqida tez fursatlarda yana g‘oyibona fikr almashamiz.

Javohir Azimov

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » "Nasaf"ga kubok kerak emasmi? "Navbahor" qaysi yo‘lni tanlaydi? "So‘g‘diyona" va AGMK eplay olarmikan?