15:30 / 13.10.2022
1 426

"Kimnidir xafa qilmoqchi emasman-u, finalga..." yoxud O‘zbekiston Kubogi yarim finali oldidan

"Kimnidir xafa qilmoqchi emasman-u, finalga..." yoxud O‘zbekiston Kubogi yarim finali oldidan
13 va 14 oktabr kunlari Qarshi bilan Namanganda katta futbol bayrami. Juftliklar: “Nasaf” – AGMK hamda “Navbahor” – “So‘g‘diyona! Kuchli o‘yinlar ko‘ramiz. Final uchun bir qadam qoldi. Taniqli mutaxassislardan biri Ja’far Irismetov ikkala juftlik bo‘yicha keng qamrovdagi fikrlarini bildirdib o‘tdi.

“Nasaf” - AGMK

- “Nasaf”ni o‘z uyida hamda muxlislari qarshisida o‘ynayotgani hisobiga ularda biroz ustunlik bor. O‘zinglar bilasizlar, Qarshida muxlislar o‘z jamoasini faol qo‘llab-quvvatlashadi. AGMK o‘yinida biroz barqarorlik yetishmayapti. Lekin bu Kubok bahsi va bitta o‘yindan iborat bo‘lganligi uchun Mirjalol aka Qosimov futbolchilarni yaxshi tayyorlay oladi. AGMKda Kubok orqali Osiyo Chempionlar ligasiga chiqish vazifasi bor. Chempionatda esa ularni ishlari unchalik yaxshi emas. Shuning uchun bitta uchrashuvga juda puxta tayyorlanadi.

Chunki jamoalar uchun finalga bir qadam qoldi. Bu juftlikda katta tashabbus bo‘lmaydi, ammo “Nasaf”ning imkoniyati 60x40. Baribir qarshiliklar o‘z maydonida va o‘z muxlislari ko‘z o‘ngida o‘ynaydi. Biroq AGMK juda jiddiy qarshilik qiladi. Bunday bahsda aslida kimni g‘olib chiqishini bilish qiyin. Bu yerda ikkita faktor bor. Birinchisi, “Nasaf”ning Qarshida va muxlislarini qo‘llab-quvvatlashi ostida to‘p sursa, ikkinchi faktor, AGMK oxirgi paytlarda barqaror emas. Omad kelmayaptimi yoki o‘yini pasayganmi, buni murabbiylar biladi.

Aytganimdek, AGMK bor kuchini Kubokka tashlaydi. Boya ta’kidlaganimdek, bu ular uchun Chempionlar ligasiga chiqishning birdan-bir yo‘li. Hakamlarga keladigan bo‘lsak, oxirgi paytlarda bu masalada ko‘p muammolar ko‘tarilyapti. Baribir xatolar kuzatilyapti. Chetdan qaraganda, ko‘p vaziyatlarda bir tomonga berilyapti, boshqa tomonga esa yo‘q. Shuning uchun bahsli vaziyatlar ko‘p bo‘lyapti. Menimcha, “Nasaf” – AGMK uchrashuviga hakamlar ta’sir qilmasa kerak.

Faqat “Nasaf” emas, balki “Paxtakor” ishtirokidagi o‘yinlarda ham bahsli vaziyatlar bo‘lyapti. Menimcha, “Paxtakor” darvozasiga bir necha bor penalti belgilandi. Hakamlarni ayblamoqchi emasman, ammo nimadir bo‘lyapti. Men ular uchun javob berolmayman. Lekin Qarshidagi bahsga hakam ta’sir qilmasa kerak. Jamoalarning motivatsiyasi juda kuchli. “Nasaf” O‘zbekiston Kubogi sohibi sifatida o‘ynaydi. AGMKga esa Chempionlar ligasiga chiqish uchun g‘alaba juda kerak. Shuning uchun juda yaxshi o‘yin ko‘ramiz, deb o‘ylayman.

Menimcha, o‘yin penaltilar seriyasigacha ham borishi mumkin. AGMK yaxshi himoyalanishni biladi. Ochiq o‘yin bo‘ladi, deb o‘ylamayman. Chunki o‘rtaga final yo‘llanmasi qo‘yilgan, jamoalar tavakkal qilmaydi. Shu bois katta hisob bo‘ladi, deb o‘ylamayman. 1:0, maksimum 2:0 yoki 2:1 bo‘lishi mumkin. Qo‘shimcha vaqtlarga cho‘zilishi ham hech gap emas. Hali “Nasaf”ning peshqadamligi bu ularning ham 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi, degani emas. Shu sababli ikkala jamoa ham g‘alaba uchun borini beradi.

“Navbahor” – “So‘g‘diyona”

- AGMKga o‘xshab “So‘g‘diyona”ning Osiyo Chempionlar ligasiga imkoniyati Kubok orqali qolgan. “Navbahor” ham shuni istaydi. Menimcha, mezbonlarning imkoniyati 60x40. Lekin “So‘g‘diyona” “Navbahor” bilan qanday o‘ynashni biladi. Bu yerda “Nasaf” – AGMK kabi bir xil darajadagi juftlik desak bo‘ladi. Ulug‘bek Baqoyev shogirdlari natija uchun o‘ynashni yaxshi biladi. Bilasiz, jizzaxliklarning futboli “Atletiko”ga o‘xshatiladi. Namanganda ham juda qiyin o‘yin bo‘ladi. Fikrimcha, u yerda ham katta hisob bo‘lmaydi. 1:0 bo‘lar yoki qo‘shimcha vaqtlarni ko‘rishimiz mumkin. Lekin juftliklar bir-biriga mos. Finalga kim chiqadi? Uyda o‘ynayotgani hisobiga “Nasaf” bilan “Navbahor”da biroz imkoniyat ko‘proq.

Agar “So‘g‘diyona” yutsa buni sensatsiya deya olmayman. Yarim finalda 4 ta kuchli jamoa bor. To‘g‘ri, “Paxtakor” kurashdan chiqib ketdi. Bu jamoa ham asosiy da’vogarlardan biri edi. Kimnidir xafa qilmoqchi emasman-u, nazarimda finalga “Nasaf” bilan “Navbahor” chiqsa kerak. Lekin qandaydir syurprizlar bo‘lib qolishi mumkin. 4 ta jamoa orasida yaqqol kuchli yoki kuchsiz jamoa yo‘q. “Nasaf”ni ko‘proq favorit deyish mumkin. Ammo ba’zida qarshiliklar o‘yinida ham nimadir yetishmay qolyapti.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » "Kimnidir xafa qilmoqchi emasman-u, finalga..." yoxud O‘zbekiston Kubogi yarim finali oldidan