2 372
O‘yin hali tugamadi! "Nasaf" va "Navbahor"ning g‘alabalari qanday oqibatlarga olib kelishi mumkin?
O‘zbekiston kubogida yarim final uchrashuvlari o‘tkazildi. Kutilganidek, har ikki bahsda kichik favoritlarning qo‘li baland keldi. Avvaliga "Nasaf" o‘z maydonida AGMKni mag‘lub etgan bo‘lsa, kecha "lochinlar" Namangandagi futbol shousida "bo‘rilar"ni yengib, Buxoro chiptasini o‘ziniki qildi. G‘oliblar-ku, barchaning diqqat e’tiborida. Biz o‘z yurishini final ostonasida to‘xtatishga majbur bo‘lgan jamoalar haqida biroz fikr almashamiz.
Kelasi mavsum o‘zbek klublaridan 4 nafari OCHLda ishtirok etishi haqida juda ko‘p yozdik. OFK bizga 2+2 kvota taqdim etgan. Bu vaziyatda O‘zbekiston Superligasida 4-o‘rin sohibi ham xalqaro maydonda yurtimiz sharafini himoya qilishi mumkin bo‘ladi. Demak, kechagina kubokdan chiqib ketgan AGMK va "So‘g‘diyona" uchun so‘nggi chora aynan shu - chempionatda kuchli to‘rtlikka kirish. Aslida, bu katta muammo tug‘dirmasligi mumkin, boisi bu joy uchun kurashayotgan jamoalar soni uchtagina xolos. "Konchilar" va "bo‘rilar"dan tashqari "Qizilqum" ham OCHLning so‘nggi chiptasini o‘ziniki qilmoqchi. Hatto, Lazarevich shogirdlari raqobatchilaridan ko‘proq ochko to‘plagani uchun kichik favorit hamdir.
Yaxshisi, e’tiborimizni tomonlarning qolgan 5 ta uchrashuvdagi raqiblariga qaratsak (nisbatan jiddiyroq raqiblar qoraytirilgan harflarda yoziladi).
"Qizilqum" 4-o‘rin, 35 ochko, raqiblari - "Nasaf", "Surxon", "Qo‘qon-1912", "Paxtakor", "So‘g‘diyona".
Lazarevich shogirdlari to‘g‘ridan to‘g‘ri raqobatchilaridan ko‘proq ochko to‘plagan bo‘lishi mumkin, biroq taqvim ular uchun juda og‘ir. Ko‘rib turganingizdek, jadvalda ulardan yuqoriroqda borayotgan klublarning har uchalasi navoiyliklarga qarshi maydonga tushadi. Chempionlik kurashi o‘zining qizg‘in pallasiga kirganini inobatga olsak, "akulalar"ning birortasi bo‘sh kelmasligi va aksincha, faqat g‘alaba uchun o‘ynashi aniq.
O‘z navbatida, "Surxon" va "Qo‘qon-1912" ham bo‘sh kelmasligi ehtimoli katta. Boisi, ular "xavfli hudud"da boryapti va odatda, chempionat yakunida mana shunday jamoalar ko‘proq muammo tug‘diradi. Bu ham yetmaganidek, "oltin qazuvchilar" yetakchisi, Superliga to‘purari Temurxo‘ja Abduholiqov ketma-ket ikkita "voha derbisi"da maydonga tusha olmaydi. Uning diskvalifikatsiya muddati hali tugagani yo‘q.
"So‘g‘diyona" 5-pog‘ona, 33 ochko, raqiblari - "Surxon", "Qo‘qon-1912", "Lokomotiv", "Paxtakor", "Qizilqum".
Taqdir "bo‘rilar" bilan shu qadar ko‘p hazillashdiki, uncha-muncha jamoa bunga dosh berib, kurashishda davom etamiz, deya olmaydi. Muhimroq deb qaralayotgan ikkita frontda ham final ostonasida juda asabiy o‘yin o‘tkazib, yakunda hech vaqosiz qolish futbolchilarga psixologik bosim bo‘lishi aniq. Ammo hozir emas! Jizzaxliklarning dam olishga haqqi yo‘q!
Agar "So‘g‘diyona" xalqaro maydonga yo‘llanma ololmasa, katta ehtimol bilan bosh murabbiy Ulug‘bek Baqoyevga chiqish eshiklari ko‘rsatiladi. Menimcha, buni mutaxassisning o‘zi ham tushunib turibdi. Yuzaga kelgan vaziyat biroz ularning foydasiga ishlashi mumkindek taassurot qoldirmoqda. Ya’ni, tarkibdagi jarohat olgan yetakchilar muhim bellashuvlarga qadar safga qaytishi mumkin. Shuningdek, bir nechta bahsga chetlatilganlar ham "Paxtakor"ga qarshi uchrashuvga qadar qaytib qolsa kerak.
AGMK 6-o‘rin, 32 ochko, raqiblari - "Bunyodkor", "Neftchi", "Dinamo", "Olimpik", "Navbahor".
Olmaliqliklarni oldinda o‘rtacha darajadagi o‘yinlar kutib turibdi, bonusga quyi ligaga ravona bo‘lishi deyarli aniq bo‘lgan "Dinamo" bor. Yagona qiyin raqib - "Navbahor". Qosimov kubok bellashuvida "Nasaf" to‘sig‘idan o‘tishiga shu qadar ishondi chog‘i, shogirdlari Superligadagi so‘nggi - prinsipial raqib "Qizilqum"ga qarshi bahsda o‘ziga o‘xshamadi. Masalan, o‘sha kungi "konchilar" bir necha kun oldin "ajdarlar"ga qarshi tengma-teng o‘yin ko‘rsatgan klub emasdi.
Mayli, bo‘lar ish bo‘ldi. Endi AGMK o‘zi bilan teng kuchli va oxirgi turlarda boshqacha futbol namoyish etayotgan jamoalar - "Bunyodkor" hamda "Neftchi"ni bir amallab mag‘lub etsa, buyog‘i ancha oson kechadi. Nega? Chunki keyingi raqiblardan samarqandliklarda motivatsiya qolmagan bo‘lsa, "olimpiyachilar" Olmaliqdagi maydonda o‘zlari istagan o‘yinni ko‘rsatishga qiynaladi. "Navbahor"ga qarshi uchrashuvga ishonib bo‘lmaydi, namanganliklar o‘z maydonida nimalarga qodirligini ko‘p bor isbotlamoqda.
Yuqorida Superliga 4-o‘rini uchun tom ma’noda jang qiladigan 3 jamoa imkoniyatlari haqida fikr yuritdik. Shu o‘rinda bir ehtimoliy holatni esdan chiqarmaslik lozim: Agar qahramonlarimiz, aytaylik "Qizilqum" oldinda turgan o‘yinlarning barchasida g‘alaba qozonsa, bronza uchun da’vogarga aylanadi. "Paxtakor" bilan oradagi farq atigi 4tani tashkil etmoqda. Xullas, bu yilgi mavsum uzoq eslanishiga sabablar yetarlicha.
Javohir Azimov
“Zamin” yangiliklarini “Instagram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Rossiyalik deputat: «Oliy ma’lumotlilarning kurerlik qilishi — vatanparvarlikka zid»
Donald Tramp 27 yoshli Karolin Levittni Oq uy matbuot kotibi etib tayinlamoqchi
Apple dongdor ikki ayfonini rasman eskirgan deb e’lon qildi
AQSH Isroilning ikki vaziriga sanksiya qo‘llamoqchi
AQSH harbiylari orasida o‘z joniga qasd qilish ko‘paydi
Jo Bayden: “Ba’zan xotinim meni kosmosga jo‘natish bilan tahdid qiladi”
Yaxshi pishgan va mazali anor tanlashga yordam beradigan tavsiyalar
Endi operatsiyadan so‘ng kesmalar o‘rni ikki barobar tezroq bitishi mumkin