20:30 / 29.10.2022
2 516

Italiyalik mutaxassis Oston O‘runovga e’tibor qaratdi

Italiyalik mutaxassis Oston O‘runovga e’tibor qaratdi
Rossiya premer-ligasida “Spartake”, “Ufa” va “Ural” jamoalarida o‘ynab, Yekaterinburg klubi bilan ham shartnomani bekor qilgan Oston O‘runov muxlisu mutaxassislar muhokamalari markazida turibdi.

21 yoshli universal futbolchimiz haqidagi fikr-mulohazalar turlicha bo‘lmoqda. O‘zbek futbolini yaxshi bilgan yoki legionerimiz bilan ishlagan Andrey Kanchelskis, Valeriy Kechinov, Aleksey Stukalov kabi mutaxassislar O‘runovning iste’dodga ega ekanini e’tirof etayotgan bo‘lsa, hamyurtimizga ishonchsizlik bilan qarayotganlar ham borligini aytib o‘tish joiz.

Ana shunday mutaxassislardan biri “Spartak” klubi prezidenti bo‘lgan Leonid Fedunning sobiq maslahatchisi, italiyalik futbol agenti Franko Kamotssidir.

Franko Kamotssi ham Oston O‘runovning “Ural” bilan shartnomani bekor qilgani haqidagi xabarlardan so‘ng, o‘zbek futbolchisi haqida o‘z fikrlarini bildirdi.

- O‘runov – saviyasi past futbolchilardan. Uning qanday qilib “Spartak”dek katta klubga kelib qolgani men uchun hamon sirligicha qolmoqda. Shu o‘rinda ta’kidlashim kerakki, men klubga uni transfer qilmaslikni maslahat bergan edim, - dedi Franko Kamotssi.

Xabaringiz bor, O‘runov “Spartak” bilan uzoq muddatli shartnomani bekor qilganidan keyin sentyabr oyida “Ural” jamoasiga ko‘chib o‘tgandi. Ma’lum bo‘lishicha, hamyurtimiz jamoa bosh murabbiyi Viktor Goncharenko bilan o‘yin amaliyoti kamligi bo‘yicha janjallashib qolgan. Keyinchalik tomonlar o‘zaro kelishgan holda hamkorlikni to‘xtatishga qaror qilgan.

O‘runovning “Ural”dan ketishiga “Spartak” vakillari ham munosabat bildirdi. Xususan, poytaxt klubining ijaradagi o‘yinchilar bilan ishlash bo‘yicha menejeri Nikita Bajenov shunday dedi:

- “O‘runovning nimasi to‘g‘ri kelmadi?” degan savol miyamga eng oxiri keldi. Hamma narsaning turli darajadagi sabablari bo‘ladi. Balki Oston faoliyatini tugatadigan payt kelgandir. Albatta, bu hazil. Lekin nima bo‘lganini O‘runovning o‘zidan so‘rash kerak. Futbolda bunaqa narsalar uchrab turadi.

“Spartak”ning sobiq xo‘jayini Leonid Fedunning rafiqasi Zarema Salixova ham O‘runovning transferiga qarshilik qilganlar bo‘lgan. Ostonning navbatdagi mojarosidan keyin u ham o‘z fikrini bildirdi.

- O‘runovning transferi Shamil Gazizovning faoliyatini barbod qildi. Bu mutaxassisning bir lahzada foyda qilish istagi uni o‘zini mag‘lub etdi. Gazizov o‘zi olgan o‘yinchilar o‘ynab ketolmasa, xarajatlarni yonidan qoplab berishni va’da qilgandi. U amalga oshirgan transferlardan qaysi biri rasvo, Kokorinnikimi yoki O‘runovniki?, - dedi Zarema Salixova.

“Spartak”ning sobiq administratori Aleksandr Xadji ham ufalik mutaxassis Shamil Gazizov bilan hamkorlik Oston O‘runovning zarariga ishlashini aytgandi.

- Gazizov haqida avval ham ko‘p gapirganman. O‘runov juda yosh, shu sabab Shamilning ta’siriga tushib qolgan. Avval O‘runov haqida eshitmaganmiz, u esa “Spartak”da paydo bo‘lib qoldi.

Uning kelajakdagi faoliyati qanday davom etishi haqida biron nima deyish qiyin. Hammasi qanday jamoaga tushishiga bog‘liq. Agar yana Gazizov bilan ishlasa, hech narsa yaxshi tomonga o‘zgarmaydi
, - degan edi Aleksandr Xadji.

Eslatib o‘tamiz, Shamil Gazizov Oston O‘runovni Toshkentning “Lokomotiv” klubidan o‘z bosh direktor bo‘lgan “Ufa”ga transfer qilgan. Keyinchalik “Spartak” bosh direktori bo‘lganidan keyin legionerimizni o‘zi bilan Moskva klubiga olib ketgandi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Italiyalik mutaxassis Oston O‘runovga e’tibor qaratdi