1 803
Odil Ahmedov: «Arsenal»ning taklifi, Shomurodovga maslahat va Rossiya — O‘zbekiston o‘yini haqida
O‘zbekiston futbol federatsiyasi vitse-prezidenti, sobiq futbolchi Odil Ahmedov Rossiyaning «Sport24» saytiga intervyu berdi.
Rossiya va O‘zbekiston terma jamoalari o‘rtasida o‘rtoqlik o‘yini bo‘lishi haqida
Hozirda RFI va O‘FA o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tmoqda. Biroq hozircha bitim imzolangani yo‘q. Xalqaro bo‘lim bu ish bilan shug‘ullanmoqda. Agarda o‘yin o‘tkaziladigan bo‘lsa, yaxshi futbol tomosha qilardik.
O‘zbekiston uchun Rossiya bilan o‘yin qanday ahamiyatga egaligi haqida
Biz uchun nafaqat Rossiya, balki har qanday kuchli jamoa bilan o‘yinlar muhim. Rossiya bilan O‘zbekistonning ancha yillik aloqalari bor. Futbolchilarimiz RPL klublarida to‘p suradi. Hozirda ikki futbolchimiz (Ibrohimxalil Yo‘ldoshev «Nijniy Novgorod»da, Hojimat Erkinov «Torpedo»da) u yerda o‘ynamoqda. Yana bir nechta futbolchilarimizga qiziqishlar mavjud, balki ular ham RPLda to‘p surar.
Oston O‘runovning Rossiyadagi faoliyati muvaffaqiyatsiz yakunlangani haqida
Futbolchining faoliyati avvalo o‘ziga bog‘liq. Klubda sen professional ravishda murabbiyning barcha aytganlarini bajarishing zarur. O‘runovda istiqbol bor, u Rossiyada va Yevropada ham yaxshiroq o‘ynay olardi. Biroq xarakter bu xarakter.
«Roma»da ishlari yurishmayotgan Eldor Shomurodov jamoasini o‘zgartirishi kerakligi haqida
Eldor bilan muloqot qilib turaman, haqiqatan ham «Roma»da ishlari yurishmayapti. Qishda boshqa klub izlashi kerak, deb o‘ylayman. Lekin Yevropada qolishi kerak. Shomurodov o‘zining darajasini namoyish eta oldi. Gol urdi, alohida vaziyatlarda o‘zini ko‘rsata oldi. RPLga qaytishi kerak emas.
«Anji»dagi faoliyati haqida
Jahon yulduzlari yig‘ilgan jamoada munosabatlar a’lo darajada edi. Men uchun Eto’O eng yaxshisi edi. Aynan u sabab ajoyib jamoa va muhit shakllangandi.
U doim menga «Barselona»dagi vaqti, La Liga va Chempionlar Ligasida qanday g‘alaba qozongani haqida gapirib berardi. Asosiysi, futbolchilarning mentaliteti ekanini ta’kidlardi. Mana shu narsani «Anji»ning har bir futbolchisiga singdirishga urinardi.
Samyuuel Eto’O va Igor Denisov o‘rtasidagi kelishmovchilikning sababi haqida
Igor qora tanli futbolchilar haqida juda ko‘p nojo‘ya gaplar gapirganidan so‘ng darhol ziddiyat kelib chiqdi. Shu sababli ular tortishib ketdi va janjallashib ketishiga oz qoldi.
Umuman olganda Eto’O jamoadoshlariga bosim o‘tkazmaydigan, ziddiyatga bormaydigan futbolchi. Ha, juda ko‘p narsalarni o‘z zimmasiga olardi, lekin har bir ishini professional tarzda bajarardi. Samyuuel sardor va jamoa yetakchisi edi, shuning uchun futbolchilardan o‘z imkoniyatini maksimal darajadan ko‘rsatishni talab qilardi.
APLdan taklif tushgani haqida
«Arsenal» tomonidan haqiqatan ham qiziqish bo‘lgan edi. «Anji» rad javobini bergan. O‘sha vaqtda Dog‘iston klubining oldida katta maqsadlar bor edi, men esa asosiy tarkib futbolchilaridan biri edim. Lekin hech qachon afsuslanmayman.
«Anji»dan so‘ng boshqa jamoalardan qiziqish bo‘lgani haqida
«SSKA» klubi qiziqish bildirgandi. Muzokaralar bilan men emas, agentim shug‘ullangan.
Nega «SSKA»ga rad javobini bergani haqida
«Krasnodar»ning loyihasi ko‘proq yoqqandi. Sergey Galitskiyni bilardim va juda qattiq hurmat qilardim. Hozir ham «Krasnodar» haqida gapirilsa, xayolimga birinchi o‘sha ism keladi.
U jamoada o‘ynaganimdan faxrlanaman. Galistkiy mashg‘ulot va o‘yinlar vaqtida yonimizga kelardi — u uchun ish eng muhimi edi. Sergey doim biz bilan bo‘lardi. Hech qaysi futbol klubining rahbari Galistkiychalik o‘z loyihasiga bunchalik jiddiy qiziqish bildirmaydi. U «Krasnodar» haqida aqldan ozar darajada o‘ylardi. Galistkiy — dunyo futbolidagi birinchi raqamli shaxs, deb bemalol ayta olaman.
Faoliyatining eng yuqori cho‘qqisida Xitoyga ketgani haqida
O‘sha vaqtda «Nitssa» va «Shanxay SIPG»dan taklif bor edi. Juda uzoq o‘yladim va oilam bilan maslahatlashdim. Xitoyliklar menga qulayroq shartnoma taklif qilgani uchun «Shanxay»ga o‘tgandim.
Qo‘shimchasiga Villash-Boash o‘z jamoasida meni ko‘rmoqchi edi. Keyin klubga Xalk va Oskar kelib qo‘shildi. Kuchli legionerlardan iborat yaxshi jamoa shakllangandi.
Kelajakda murabbiy bo‘lishi haqida
Hozircha murabbiylik faoliyati haqida o‘ylaganim yo‘q. Buning uchun mustahkam asablar kerak. Balki keyinchalik bu haqida o‘ylab ko‘rarman.
Ahmedov 2021 yil dekabrida futbolchilik faoliyatini yakunlashini ma’lum qilgandi. O‘sha oyda Odil O‘FA vitse-prezidenti lavozimiga saylangan.
«Paxtakor» tarbiyalanuvchisi hisoblangan Ahmedov faoliyati davomida «Paxtakor» (2006—2011), «Anji» (2011—2014), «Krasnodar» (2014—2016), «Shanxay SIPG» (2017—2021), «Sanchjou Mayti Layons» (2021) kabi jamoalarda to‘p surgan. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Donald Tramp 27 yoshli Karolin Levittni Oq uy matbuot kotibi etib tayinlamoqchi
Endi operatsiyadan so‘ng kesmalar o‘rni ikki barobar tezroq bitishi mumkin
Apple dongdor ikki ayfonini rasman eskirgan deb e’lon qildi
AQSH harbiylari orasida o‘z joniga qasd qilish ko‘paydi
AQSH Isroilning ikki vaziriga sanksiya qo‘llamoqchi
Rossiyalik deputat: «Oliy ma’lumotlilarning kurerlik qilishi — vatanparvarlikka zid»
Jo Bayden: “Ba’zan xotinim meni kosmosga jo‘natish bilan tahdid qiladi”
Ayrim boshqaruv servis kompaniyalari shartnomalarida asossiz shartlar belgilangani aniqlandi