00:54 / 05.12.2022
1 466

Mirjalol Qosimov: AGMKning bu mavsumdagi natijasi, Superliga tempi hamda uning MTJga ta’siri haqida

Mirjalol Qosimov: AGMKning bu mavsumdagi natijasi, Superliga tempi hamda uning MTJga ta’siri haqida
Olmaliqning AGMK klubi bosh murabbiyi Mirjalol Qosimov O‘zPFL matbuot xizmati bilan suhbatda yakuniga yetgan mavsum taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi. Kichik intervyu davomida “konchilar” ustozi bir nechta qiziqarli savollarga javob berib o‘tdi.

- Assalomu alaykum! AGMK "kuchli uchlik"da bo‘lishini ko‘pchilik taxmin qilgandi. 2022 yilgi natijani qanday qabul qildingiz?
- Avvalombor, assalomu alaykum! Biz ham sovrinli o‘rinni egallashimizni taxmin qilgandik. Hozircha ikki xil fikr. Mavsumni yaxshi boshlay olmadik. Dastlab, Bekobodda mag‘lub bo‘ldik. Keyin adashmasam, "Lokomotiv" bilan o‘yinda yengildik. Shunga qaramasdan, oldimizga maqsad qo‘ygandik. Unga ko‘ra, biz OCHL kvotasiga ilinishimiz lozim edi. Bir tarafdan OCHLga yo‘llanmani qo‘lga kiritdik. Yana boshqa tomondan startni yomon boshladik. Chempionatda barqaror harakat qila olmadik.

Qolaversa, 4 ta o‘yinda 4 ta qizil kartochka oldik. Bu esa 12 ochko yo‘qotilishiga sababchi bo‘ldi. Juda ham ko‘p ekani ko‘rinib turibdi, albatta. Qayerdadir yigitlar xatolarga yo‘l qo‘ydi, keraksiz joyda qizil kartochka ishlab olindi va ushbu holatlar natijaga o‘z ta’sirini o‘tkazdi. Shu o‘yinlarda jamoamiz futbolchilari chetlatilmaganda, biz 100 foiz bo‘lmasa-da, 70 foizlik natija qayd etgan holda chempionlik uchun kurashsak bo‘lardi.

- Mavsum yakuniga yetdi. Chempionat davomida jamoangiz 2023 yil uchun ham qadam tashlay oldimi yoki bu masalaga endi kirishiladimi?
- 2021 yilda 2023 yilga tayyorgarlik ko‘rgandik. Sababi, 2022 yilda OCHLda ishtirok etishimizni ta’minlab olishimiz zarur edi. Hozir halqaro maydondagi ishtirokimizni pley-off bosqichidan boshlaymiz. Bu ham o‘ziga yarasha bir natija. Maqsadimiz - OCHL guruh bosqichiga chiqish, Olmaliqqa Osiyo futboli nafasini olib kirish. Futbolni muxlislar uchun o‘ynaymiz. Bizning tomoshabinlar Qarshi yoki Namangandagi kabi ko‘p bo‘lmasligi mumkin. Ammo ular mana shunday nufuzli musobaqani ko‘rishga loyiq, deb hisoblayman.

- So‘nggi yillar bilan solishtirganda, bu yilgi mavsum nimalari bilan ajralib turdi?
- Birinchi davrani oladigan bo‘lsak, peshqadam har turda o‘zgarib turdi. Masalan, oldinlari "Paxtakor" yetakchiga aylanib olardi va oxirigacha bu narsa o‘zgarmasdi. Ular chempionlikni ancha erta hal qilardi. Bu mavsum bizning jamoa, "Paxtakor", "Navbahor", "So‘g‘diyona", "Nasaf" almashib turdi. Ikkinchi davra yakuniga kelib, 3 ta jamoada chempionlik uchun imkoni bor edi. Quyi jadvalda ham kim chiqib ketishi noma’lum edi. Albatta, "Dinamo"dan tashqari.

Bunday voqea ancha oldin ro‘y bergandi. O‘shanda "Bunyodkor"da ishlab yurgan vaqtimizda oxirgi tur shu kabi kurashga boy o‘tgan. Adashmasam, o‘shanda "Bunyodkor" chempion bo‘lgandi. Jizzaxda o‘tgan edi so‘nggi o‘yin, 2:0 ga yutgan edik, esimda. Raqiblarimiz "Nasaf" va "Lokomotiv" edi, "Paxtakor" yo‘q edi. 10 yildan yana shunday vaziyat yuzaga keldi va barchani hayajonda ushlab tura oldi.

"Nasaf"da ham juda yaxshi imkoniyat bor edi. 25-turda ular "Neftchi"ga mag‘lub bo‘lishi sabab chempionlikni boy berdi. Mavsum ancha qiziqarli o‘tdi va shunisi alohida e’tibor qaratsa bo‘ladigan jihati bo‘ldi.

- Chempionat tempi haqida qanday fikrdasiz? U sekinlashayotgandek tuyulmayaptimi?
- Chempionat qiziqarli va kurashlarga boy bo‘ldi. O‘zimizdan kelib chiqib aytadigan bo‘lsam, 4 ta qizilni bekorga olganimiz yo‘q. Kurashlarga boy bo‘lgani uchun ham kartochkalar soni ko‘payib boraverdi. Temp ham joyida bo‘ldi. Faqat bitta narsa... VAR. Bu sistema o‘yinlarga qo‘yilishga tayyor emas. Sababi, VAR bo‘lishi uchun har xil rakursdan kamera bo‘lishi kerak. Ochig‘i, 3 ta kamera bu juda ham ozlik qiladi. Eng kamida 8 ta kamera bo‘lishi kerak, deb hisoblayman. Shuningdek, VAR tez qaror chiqarishi kerak. Ba’zi vaqtlarda xulosa chiqarish jarayoni 5 daqiqaga ham cho‘zilib ketadi. Shu tufayli ham bu futbolda tempning pasayishiga va uning jozibasini yo‘qotishiga sababchi bo‘lmoqda.

Hali bu narsaga mukammal tayyor emasmiz, menimcha. Mayli, bu zamon talabi deylik, ammo 100 foiz tayyor bo‘lib, shu ishga qo‘l urilsa, juda ajoyib bo‘lardi.

- Bu yilgi chempionatning milliy terma jamoaga ta’siri haqida nima deya olasiz?
- Chempionat intrigaga, kutilmagan natijalarga boy bo‘lsa, bu terma jamoaga ijobiy ta’sir o‘tkazadi. Superliga qancha kuchli bo‘lsa, MTJga shuncha foydasi ko‘p bo‘ladi. Chempionat - bu fundament. Uning o‘sishi nafaqat milliy termaga, balki olimpiya jamoamiz uchun ham naf keltiradi.

- Mavsum davomida AGMK klubi uchun eng noqulay raqib qaysi bo‘ldi va eng mashaqqatli o‘yin kim bilan kechdi?
- Har bir o‘yinimiz oson kechgani yo‘q. Noqulay jamoa "Paxtakor" bo‘lsa kerak, menimcha. Ammo faqat bu mavsumni nazarda tutmadim. Ushbu klubga qarshi doim qiynalamiz. Hali g‘alaba qozonganimiz yo‘q "Paxtakor"ga qarshi bellashuvlarda. Shunday ekan, "sherlar"ni ko‘rsatgan bo‘lardim.

"Nasaf" ham o‘ziga yarasha murakkab. Ammo ular bilan o‘ynash zavq bag‘ishlaydi. To‘p bilan muomala qila oladigan jamoalarga qarshi to‘p tepish qiyin bo‘lishi mumkin. Biroq boshqa tomondan uning alohida jozibasi bor.

Har bitta bahs biz uchun oson o‘tmadi. To‘g‘ri, 4:0, 6:0 hisobida ham zafar quchgan o‘yinlarimiz bo‘ldi. Lekin unda biz vaziyatlardan unumli foydalandik, xolos. Vaholanki, raqibda ham imkoniyatlar yetarlicha bo‘lgan o‘sha uchrashuvlarda. Shunchaki, omad bizga kulib boqqan.

- O‘zPFL o‘yin vaqtini sun’iy cho‘zishga intilayotgan futbolchilar va klublarga qarshi chora ko‘rish mexanizmini ishlab chiqmoqda. Bunga munosabatingiz qanday?
- Futbol - bu spektakl. O‘yin paytida to‘g‘ri xulosa chiqarib bo‘lmaydi. Futbolchi rostan vaqtni cho‘zmoqdami yoki u jarohat olganmi, aniq bilib bo‘lmaydi. Ba’zida gol urgandan so‘ng, uchrashuv oxirlarida o‘yinchilar hiyla ishlatib turishadi. Bu narsa butun dunyoda bor. Vaqt cho‘zishga, ayyorlik ishlatishga doim qarshi bo‘lib kelganman. Shogirdlarimga ham shuni uqtirib kelaman. Futbolchilar chidashi kerak, ular shashka o‘ynashmayapti. Shuni tanlashgan va sabr qilishga majbur.

- 2023 yilgi mavsumdan nimalar kutmoqdasiz? Jamoangiz oldiga qanday maqsad qo‘yilgan?
- Oldimizga doim yuqori maqsad qo‘yib kelganmiz. "Osilsang, baland dorga osil", - deyishganidek, biz ham chempionlik uchun kurash olib boramiz.

Men doim chiroyli futbol tarafdori bo‘lib kelganman. O‘zim to‘p tepib yurgan davrimdan to hozirgacha bu holat menda o‘zgarmagan. Superliga, O‘zbekiston kubogida zafar quchishni niyat qilganmiz. Qolaversa, OCHLda pley-offdan muvaffaqiyatli o‘tib, guruh bosqichida munosib ishtirok etishni ham rejalashtirganmiz. O‘zbek futbolining darajasini yuqoriga olib chiqishni istaymiz.

Federatsiya tomonidan katta ishlar olib borilmoqda. Maydon holati, yoritish tizimi ustida mehnat qilinmoqda. Shuningdek, o‘yin vaqti ham odamlar ishdan kelib, bemalol hordiq chiqarib ketishadigan vaqtga to‘g‘rilanyapti. Buning uchun biz qo‘ldan kelgancha harakat qilamiz. Bitta muxlisning ham ko‘nglidan joy ola bilsak, bizning yutug‘imiz mana shu bo‘ladi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Mirjalol Qosimov: AGMKning bu mavsumdagi natijasi, Superliga tempi hamda uning MTJga ta’siri haqida