
“Roma” sport direktori Tyagu Pinto qishki transferlar davri uchun tuzilgan rejalarni ketma-ket amalga oshirishga harakat qilmoqda.
Poytaxt klubi rahbariyati hozirgi tarkibni tark etadigan futbolchilarning nomini aniqlab bo‘lgan. La Repubblica nashri “Roma” birinchi navbatda, yetarli o‘yin amaliyotiga ega bo‘lmayotgan o‘zbekistonlik hujumchi Eldor Shomurodov, urugvaylik himoyachi Matias Vina va bosh murabbiy Joze Mourino bilan mojaroga borgan niderlandiyalik o‘ng qanot himoyachisi Rik Kasrdorpdan voz kechish qarorini tasdiqlagani haqida yozdi.
Ma’lumki, “Roma” va “Torino”ning Shomurodov transferi bo‘yicha muzokarasi hal qiluvchi bosqichga kirdi. Tomonlar tez orada oxirgi uchrashuvni o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rmoqda.
Yana bir nufuzli manba – https://tuttoasroma.it sayti Joze Mourino Eldorning transferiga ruxsat berishga shoshilmayotganini ma’lum qildi.
Portugaliyalik mutaxassis bir qarorga kelishi uchun yaqinda transfer qilingan yangi hujumchi – Ola Solbakkenning imkoniyatlarini chuqurroq o‘rganib chiqishi lozim. Sayt ekspertlari Mourino o‘tgan yili “Budyo-Glimt”ning “Roma”ga qarshi o‘yinlarida ko‘rgan hujumchining nimalarga qodirligini bilmasligini ta’kidlamoqda.
Joze Mourino Ola Solbakken Eldor Shomurodovning o‘rnini bosishini ko‘rsata olgan taqdirdagina o‘zbek hujumchisining transferiga ruxsat berishi mumkinligi aytilmoqda.
Ta’kidlash joizki, yozda ham Joze Mourino boshqa klubga otlangan Shomurodovga Rimda qolib, asosiy tarkib uchun kurashishni maslahat bergan va albatta unga imkon berilishini ma’lum qilgandi. Eldor ham taniqli murabbiyning gapiga ishonib, “Roma”ni tark etmagan edi. Biroq, va’da qilingan imkoniyat berilgani yo‘q.
Sport direktori Tyagu Pinto bir necha yangi xaridlarni amalga oshirishga bel bog‘lagan. Buning uchun u chiqish transferlariga ham ishlashi shartligini biladi. Transfer bo‘yicha mutaxassislar Rim klubi yangi ijrochilarni olishi uchun kamida ikki o‘yinchisini boshqa jamoaga jo‘natishi lozimligini bildiryapti.
Ayni paytda “Roma” mutasaddilari chiqishga qaratilgan bir necha transferlar bo‘yicha ishni davom ettirmoqda. Xususan, hozirgi tarkibda borlardan Matias Vinani “Betis”ga jo‘natish harakati bor. Ispan klubi urugvaylik himoyachiga jiddiy qiziqish bildirmoqda. Jahon chempionati qatnashchisi ham Eldor singari yetarli o‘yin amaliyotiga ega bo‘lmayapti.
Shuningdek, Rik Karsdorp ham o‘ziga yangi jamoa qidirmoqda. Mourino hali g‘azabidan tushgani yo‘q va himoyachini o‘yin qaydnomalariga kiritmayapti. Bundan tashqari, Tyagu Pinto niderlandiyalik futbolchi o‘rniga boshqa ijrochilarni olib kelishga urinmoqda. Nomzodlar orasida “Real”da tarbiyalangan Alvaro Odriosola ham bor.
Tyagu Pinto e’tiboridan mavsum boshidan beri ijarada yurgan o‘yinchilar ham chetda qolgani yo‘q. Rimliklar “Valensiya”ga ijaraga berilgan niderlandiyalik hujumkor futbolchi Jastin Klyuyvertning transfer huquqini ispan klubiga sotish bo‘yicha muzokaralarning yakuniy bosqichini o‘tkazmoqda.
RomaEldor ShomurodovJoze MourinoTyagu PintoTransfer muzokaralariSport direktori O'zbekiston yangiliklari Yangiliklar
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar