00:38 / 22.01.2023
817

Shomurodovning yo‘li ochilmoqda!

Shomurodovning yo‘li ochilmoqda!
“Roma”da kutilmagan voqealar ro‘y bermoqda. Joze Mourinoning ishongan o‘yinchilaridan biri Nikolo Dzanolo birdaniga jamoadan ketadigan bo‘lib qoldi. 23 yoshli universal futbolchi murabbiylardan o‘zini navbatdagi o‘yinlarga jalb qilmasligini so‘ragan. Vaziyatni kuzatib borayotgan mutaxassislar Italiya terma jamoasi o‘yinchisining kutilmagan qadamini ikkita sabab bilan izohlamoqda.

Birinchidan, klub rahbariyati anchadan beri Dzanologa o‘zi kutgan shartnomani bermayapti. Klub xo‘jayinlari hujumkor futbolchining mavsum davomida barqaror o‘ynay olmasligini va jarohatlarga moyilligini inobatga olib, katta maoshli yangi bitim berishga shoshilmayapti.

Bu boradagi muzokaralar kuzning boshida to‘xtatilgan. Dzanolo va uning agentlari klub qishki ta’til vaqtida yangi bitim berishiga umid qilgandi. Amalda bunday bo‘lib chiqmadi. Rahbariyat mavsumning qolgan qismida futbolchi nimalarga qodirligini yana bir karra isbotlashi kerakligini talab qilindi.

Ikkinchidan, Nikoloning birdaniga ketish qaroriga kelishiga Italiya kubogi doirasida “Jenoa”ga qarshi o‘tkazilgan uchrashuvdagi voqealar sabab bo‘ldi. Garchi poytaxt klubi raqib ustidan g‘alaba qozonib, keyingi bosqichga chiqqan bo‘lsa-da, muxlislarning Nikologa hushtakbozlik qilgani unga juda og‘ir botdi.

Ana shu voqeadan keyin Dzanolo ham keskin harakat qila boshladi. Bir necha pozitsiyada o‘ynay oladigan bu o‘yinchiga har doim xaridor ko‘p bo‘lgan. Italiyaning deyarli barcha grand klublari, Angliya Premer-ligasi va Germaniya Bundesligasi vakillari Nikoloni o‘z safiga qo‘shib olishga tayyor.

Vaziyatni to‘g‘ri baholagan Rim klubi mutasaddilari ham futbolchini sotib yuborishga tayyorligini bildirdi. “Roma” iste’dodli o‘yinchini 35-40 million yevroga transfer qilishni ko‘zlamoqda.

Transfer mutaxassislar Dzanoloning ketishi Eldor Shomurodovning transferini osonlashtirishini ta’kidlamoqda.

Italiya futbolini yoritib borayotgan https://tuttoasroma.it sayti jurnalisti Roberto Molinarining yozishicha, Dzanolo sotib yuborilganidan keyin sport direktori Tyagu Pinto Shomurodovni so‘rab kelayotgan jamoalar uchun talabni pasaytiradi.

Ayni paytda rimliklar har qanday xaridordan Shomurodov uchun 12-14 million yevro badal pulini darrov to‘lash yoki yozda to‘lash majburiyatini olishni talab qilmoqda. Dzanolo savdosida klub g‘aznasiga mo‘may daromad tushganidan keyin Eldor transferidan ko‘zlanayotgan tushumning ahamiyati yo‘qoladi va Tyagu Pinto klublarga transfer uchun keyinchalik to‘lash huquqini taqdim qilishi mumkin bo‘ladi.

Qishki transferlar yopilishiga o‘n kundan kamroq vaqt qolayotgan pallada Eldor Shomurodovga “Torino”, “Lill” va “Kremoneze” da’vogarlik qilmoqda. Legionerimizning o‘zi Turinga ko‘chib o‘tishga rozilik bergan.

Hamyurtimiz Italiyadan chetga chiqmoqchi emasligi Eldor uchun 13-14 million yevro berishga tayyor “Lill”ning yo‘lini yopmoqda. Shuningdek, hujumchimiz A Seriyaning autsayder jamoasi “Kremoneze” chorlovlarini rad etgan bo‘lsa-da, bu klub uchinchi marotaba “Roma”ga murojaat qilib, o‘zbek futbolchisini berishni so‘rayapti.

Bundan tashqari, Nikolo Dzanoloning ketishi tarkibda klub mutasaddilari kutayotgandek yangi o‘yinchiga joy ochilishi, maoshlar budjetining yengillashishiga ham ta’sir qiladi.

Xulosa qilib aytganda, Dzanoloning klubdan ketishi nafaqat Eldor Shomurodov, balki bosh murabbiy Joze Mourino bilan kelisha olmay qolgan niderlandiyalik himoyachi Rik Karsdorp va jahon chempionatida qatnashganiga qaramay, “Roma”da o‘yin amaliyoti berilmayotgan urugvaylik Matias Vinaning transferiga ham yo‘l ochadi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Shomurodovning yo‘li ochilmoqda!