15:32 / 02.02.2023
518

Jamshid Iskanderov: Katanetsdan xafaligi, “Paxtakor” bilan janjali va “Navbahor”ning OCHLdagi imkoniyati haqida

Jamshid Iskanderov: Katanetsdan xafaligi, “Paxtakor” bilan janjali va “Navbahor”ning OCHLdagi imkoniyati haqida
Ortda qolgan mavsumda "O‘zbekistonning eng yaxshi futbolchisi" deb e’tirof etilgan “Navbahor” yarim himoyachisi Jamshid Iskanderov “Dangal” loyixasi mehmoni bo‘ldi.

Assalomu alaykum, Jamshid. Taklifimizga rozi bo‘lganingiz uchun rahmat.
- Assalomu alaykum! E’tibor uchun sizga ham rahmat.

Jamshid, o‘tgan yili O‘zbekistonda yilning eng yaxshi futbolchisi deb e’tirof etildingiz, ammo terma jamoadan hali-hamon chaqiruv oglaningiz yo‘q. Termamiz bosh murabbiyi Srechko Katanes sizni jismoniy tayyorgarligingiz talabga javob bermagani uchun tarkibga chaqirmaganini aytdi. Bunga munosabatingiz qanday?
- To‘g‘risi, mana shunday so‘zlardan juda to‘yib ketdim, charchadim. Terma jamoa bosh murabbiyidan bunday so‘zlarni eshitish yoqimsiz. Shaxsan menga ham. Katanetsning o‘z qarashlari bor. U o‘ziga mos keladigan futbolchini tarkibga chorlamoqda. Biz esa, mehnat qilishda davom etamiz.

Hozirgi Jamshid Iskanderov o‘zining yoshligi bilan o‘tmishda uchrashishni uddalaganida, unga nima maslahat bergan bo‘lardi?
- Birinchi navbatda, hech kimga ishonmaslik kerakligini uqtirardim. Ota-onam buni ko‘p bor aytishgan, ammo menda ishonuvchanlik bor. Shu sababli, ko‘p bor xatoga yo‘l qo‘ydim. Hozir deyarli hech kimga sirimni aytmayman. Yaqinlarim bilan doim aloqadaman. Futbolchilik faoliyatim davomida ko‘p bor pand yedim, ammo hozir hammasini unutganman. Endi meni nimagadir ishontirish mushkul.

Siz avvaliga o‘smirlar, keyin yoshlar terma jamoalarida sardor sifatida to‘p surdingiz. Afsuski, professional futbolga o‘tadigan paytda ishqibozlar “radar"larida ko‘rinmay qoldingiz. Bu nima bilan bog‘liq?
- To‘g‘ri aytdingiz. Birinchi navbatda jarohat, ammo ayb to‘liq bunda emas. O‘z vaqtida O‘zbekistondan keta olmadim. Xorijdan kelgan takliflarni qabul qilishim, Yevropada to‘p surishim kerak edi. Bundan afsuslanaman. O‘zimga bo‘layotgan takliflarni eshitib turib ham xorijga ketolmadim. Terma jamoada muntazam o‘ynab, klubimda asosiy ijrochi bo‘lgan davrimda legioner bo‘lish vazifasini uddalay olmadim. Shunga qaramay, bunda hech kimni ayblamoqchi emasman. Balki o‘z ustimda bundan ham ko‘proq ishlaganimda, vaziyat boshqacha bo‘lardi.

Futbolda ko‘plab nohaqliklarga uchragan bo‘lsangizda, rivojlanishda to‘xtab qolganingiz yo‘q. Og‘ir kunlar sizni nimalarga o‘rgatdi?
- Kuchli bo‘lishga! Oldingizga qandaydir maqsad qo‘ydingizmi, demak faqat olg‘a qadam tashlash shart. Hayot - shavqatsiz. Biroz ikkilandingmi, tamom, zamondan ortda qolib ketish hech gap emas. Futbolchilik faoliyatimdagi ayrim voqealardan so‘ng men harakatdan to‘xtab qoldim. Kuchliroq bo‘lishim, yana oldinga qadam tashlashim kerak edi.

Jarohat olgach, uzoq muddat futbol o‘ynay olmadingiz. Ishqibozlar ham sizni biroz unutgandek bo‘ldi. O‘sha kunlarda nimalarni his qildingiz?
- Jarohat sababli ancha payt yashil maydonga chiqa olmadim. Og‘ir kunlarimda oila a’zolarim yonimda bo‘ldi. Shunga qaramay, buni hazm qilish juda og‘ir. Doim omma e’tibor markazida tursangizu, bir zum o‘tib hech kim sizni qidirmay qo‘ysa, alam qiladi. Ayrim insonlar yonimda menga suyanchiq bo‘ldi, ammo ko‘pchilik ketib qoldi. Shu bois, hozir juda kam insonlargagina sirimni ishonib aytishim mumkin. Hayot bizni yildan yilga tajribaliroq qilib bormoqda.

Bugun “Navbahor” jamoasi yetakchisi hisoblanasiz. Agar 10 yil ortga qaytsak, qanday orzularingiz bor edi?
- Birinchi navbatda, Olimpiada o‘yinlarida ishtirok etish. Keyin, terma jamoamiz bilan birgalikda Jahon chempionatiga chiqish va Yevropaning kuchli klublarida to‘p surish. To‘g‘ri, yillar o‘tib bormoqda, ammo hali bu orzularimning birortasidan voz kechganim yo‘q. Hech bo‘lmaganda, bittasini bo‘lsa ham ro‘yobga chiqarish uchun harakat qilaman.

Siz juda iqtidorli futbolchi sifatida barchaning e’tiboriga tushgan edingiz. Aytingchi, talantingizni necha foizidan foydalandim, deb o‘ylaysiz?
- 100 foiz deya olmayman. Unday bo‘lganida, hozir Yevropa klublaridan birida to‘p surayotgan bo‘lardim. Qayerlardadir o‘zimga bog‘liq bo‘lgan, ayrim joylarda o‘zimga umuman bog‘liq bo‘lmagan sabablarga ko‘ra bor imkoniyatimni namoyish etolmadim. Faoliyatim davomida menga yaxshi dalda berib, to‘g‘ri qaror qabul qilishimga ko‘mak beradigan insonlar doim ham atrofimda topilmadi. Shunga qaramay, hozirgi holatim uchun ham Yaratgandan roziman.

Toshkentning “Paxtakor” jamoasi bilan uy masalasida sudlashdingiz. Uning yakuni qanday bo‘ldi?
- 2017 yilda “Paxtakor” bilan shartnomam tugadi. Menda boshqa klublardan takliflar bor edi. Jamoa rahbarlari bilan uchrashdim va ketmoqchiligimni aytdim. Ular meni olib qolmoqchi ekanligini ma’lum qildi. Yangi shartnomaga ko‘ra menga Toshkentdan uy berilishi ko‘rsatilgandi. Bu og‘zaki kelishuv bo‘lganiga qaramay, menga keyinchalik uyni o‘z nomimga o‘tkazib berishlari yozilgan hujjatni taqdim etishdi. Aynan shu qog‘ozda yozilgan gaplar asosida o‘sha uyda istiqomat qilib keldim.

Biroz muddat o‘tib, “Paxtakor”dan ketdim. Bir yil “Lokomotiv” safida to‘p surdim. Keyingi ikki mavsumni Janubiy Koreyada o‘tkazdim. So‘ngra, "Navbahor” bilan shartnoma imzoladim. Yurtimizga qaytgach, menga qo‘ng‘iroq qilishdi. 15 kun ichida Toshkentdagi uyni bo‘shatib qo‘yishim kerakligini aytishdi. To‘g‘risi, bu uy men uchun halol edi. Shunga qaramay, indamay uyni topshirib, chiqib ketdim. Juda ham alam qildi. Ayniqsa, ota-onamning oldida o‘zimni juda yomon his qildim.

Endi navbat blis-savollarga. Qisqa savollarga beriladigan qisqa javoblar orqali suhbatdoshimizni yanada yaxshiroq ochib berishga intilamiz!

Ayni damdagi Superligamizning eng zo‘r 3 futbolchisini sanab bering.
- Rustam Ashurmatov, Husniddin Aliqulov va Farrux Ikromov.

Siz bilan birga to‘p surgan eng kuchli 3 futbolchi kimlar?
- Anvar Soliyev, Odil Ahmedov va Jaloliddin Masharipov.

Hozirgi darajaga yetishishingizda xizmati eng katta bo‘lgan 3 insonni sanab bering.
- Birinchi navbatda, Xorazmdagi birinchi ustozim Olimboy Davletov, keyin “Paxtakor”da menga ustozlik qilgan Kim Dmitriy. Uchinchisi professional futboldagi ilk ustozim Viktor Jalilov.

Jahon chempionatiga yo‘llanma yoki o‘zbek futbolidagi halollik?
- O‘zbekiston futbolida halollikni yo‘lga qo‘ysak, Jahon chempionati yo‘llanmasining o‘zi keladi.

Futbolimiz rivojlanyapti deb hisoblaysizmi?
- Menimcha, futbolimiz rahbarlari bunga harakat qilmoqda.

“Real” yoki “Barselona”?
- “Barselona”.

Messi yoki Ronaldu?
- Ronaldu

Jarimadan urilgan gol yoki 3 ta assist?
- 3 ta assist!

Jaloliddin Masharipov yoki Eldor Shomurodov?
- Jaloliddin Masharipov.

“Navbahor” yoki “Paxtakor"?
- “Paxtakor”da katta bo‘ldim. U yerdagi yillarim uchun minnatdorman, ammo u o‘tmishda qoldi. “Navbahor” mening kelajagim. Men Namangan klubi bilan yangi tarix yozmoqchiman.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Jamshid Iskanderov: Katanetsdan xafaligi, “Paxtakor” bilan janjali va “Navbahor”ning OCHLdagi imkoniyati haqida