19:40 / 25.02.2023
565

Ertangi bahsda Shomurodovga joy bormi?

Ertangi bahsda Shomurodovga joy bormi?

26 fevral kuni Eldor Shomurodov o‘ynayotgan “Spetsiya” A Seriyaning 24-turida safarda “Udineze” mehmoni bo‘ladi. Bu bahs liguriyaliklarning yangi bosh murabbiyi Leonardo Semplichi uchun dastlabki sinov vazifasini o‘taydi.

Bo‘lajak bahs har ikki jamoa uchun muhim ahamiyat kasb etadi. “Udineze” hamon Yevrokuboklarga yo‘llanma beradigan o‘ringa da’vogarlik qilmoqda. Hozir Andrea Sottil shogirdlari yettita g‘alaba, to‘qqizta durang va yettita mag‘lubiyat bilan 30 ochko jamg‘argan holda o‘ninchi pog‘onada bormoqda. Udineliklarni xalqaro musobaqalarga yo‘llanma beradigan so‘nggi o‘rin – yettinchi qatordagi “Yuventus”dan atigi ikki ochko ajratib turibdi.

Yettinchi o‘rin uchun kurash eng qizg‘in kechadigan raqobatga aylanib qolgan. Yevropa maydoniga yo‘llanma beradigan bu o‘ringa “Yuventus”, “Bolonya”, “Torino”, “Udineze”, “Monsa” va “Empoli” ham kurashish imkoniga ega.

“Udineze”ning tarkibi ancha kuchli. Bu jamoada sloveniyalik Yaka Biyol, ispaniyalik Jerar Deulofeu, germaniyalik Lazar Samardjich, argentinalik Roberto Pereyra, fransiyalik Florian Toven, portugaliyalik Betu kabi taniqli futbolchilar jamlangan.

“Spetsiya” esa, A Seriyadagi joyini saqlab qolish uchun kurashmoqda. Yangi bosh murabbiy Leonardo Semplichi agar bu ishni uddalasa, lavozimida qolib, kamida yana ikki mavsum ishlash imkoniga ega bo‘ladi.

Liguriyaliklarni quyi ligaga yo‘l ochadigan xavfli hududdan atigi ikki ochko ajratib turibdi. Jamoaga g‘alaba suv va havodek zarur.  

Aslida “Udineze” jamoasi “Spetsiya”dan har tomonlama kuchli ekani e’tirof etib kelinadi. Biroq, masalaning qiziq tomoni shundaki, o‘zaro raqobatda ustunlik “Spetsiya” tomonida ekan.

Bu jamoalar o‘ziro sakkiz marotaba to‘qnash kelgan. “Udineze” A Seriyadagi yettita bahsdan ikkitasida zafar quchgan. “Spetsiya” hisobida uchta g‘alaba bor va yana ikkita bellashuvda kuchlar teng kelgan.

Italiya kubogi doirasidagi yagona o‘yinda liguriyaliklar g‘alabani tantana qilgan. O‘z navbatida, to‘plar nisbatidagi ustunlik ham “Spetsiya” tomonida – 16:9.

Mutaxassislar Leonardo Semplichi bo‘lajak bahsda qaysi hujumchidan foydalanishini tahlil qilmoqda. Florensiyalik mutaxassisning o‘zi Eldor Shomurodov ham, Mbala Nzola ham jamoa uchun muhim va qadrli ekanini, tez orada mashg‘ulotlar orqali ularning o‘rnini belgilab olishini aytgandi.

Uchrashuv oldi tafsilotlarini yoritayotgan saytlar ekspertlarining tarkib borasidagi fikrlari bir joydan chiqmayapti.

Xususan, https://www.calciospezia.it sayti vakillari yangi murabbiylar shtabi bo‘lajak o‘yinda jamoaning eng yaxshi to‘purari Mbala Nzolaga suyanishini taxmin qilyapti. Ularning  tarkibi quyidagicha:

“Spetsiya” (4-2-3-1): Dragovski; Amyan, Kaldara, Nikolau, Retsa; Ampadu, Burabiya; Grin, Agudelo, Gyasi; Nzola.

Yana bir nufuzli manba –  https://footballnews24.it saytining ikki eksperti Benedetta Segetti va Alessandro Anjeli Leonardao Semplichi Eldor Shomurodovni ilk daqiqalardan o‘ynatishini ta’kidlab, quyidagi tarkibni havola etdi:

“Spetsiya” (3-5-2): Dragovski; Amyan, Kaldara, Nikolau; Gyasi, Ampadu, Burabiya, Agudelo, Retsa; Nzola, Shomurodov.

Ayrim manbalar, Leonardo Semplichi vaziyatdan kelib chiqib, hujumga zo‘r beradi, degan fikrni ilgari surmoqda. Ular tajribali murabbiydan hujum uchligidan foydalanishini kutyapti. Bu vaziyatda Mbala Nzola markaziy hujumchi vazifasini bajaradi, o‘ng qanotdan Daniele Verde, chap tomondan Eldor Shomurodov raqib darvozasiga bosim uyushtirishi talab etiladi.

Bo‘lajak bellashuv 26 fevral kuni Toshkent vaqti bilan soat 22:00 da boshlanadi.


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Ertangi bahsda Shomurodovga joy bormi?