Ummon bosh murabbiyi: "Turnir favoritlari qatorida Koreya Respublikasi, O‘zbekiston va Yaponiyani ko‘rsatgan bo‘lardim..."
20 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi Osiyo Kubogi guruh bosqich 1-turidan o‘rin olgan Janubiy Koreya - Ummon uchrashuvida koreyaliklar 4:0 hisobida g‘alaba qozondi. Bellashuvdan keyin tashkil etilgan matbuot anjumanida Ummon jamoasi bosh murabbiyi Xuan David Mansilya ishtirok etib, quyidagi fikrlarni bildirib o‘tdi:
"Biz kuchli raqib bilan o‘yin o‘tkazdik. Gol urishga harakat qildik. Biroq muammolarga duch keldik. Koreya Respublikasining kuchli ekanini hamma bilib turibdi, menimcha.
Biz o‘yinni tahlil qilib chiqamiz va keyingi bahsga tayyorgarlikni kuchliroq olib borishga urinamiz.
Himoya chizig‘ida bir qancha xatolarga yo‘l qo‘ydik. G‘alaba qozonish juda qiyin edi. Raqib safida juda tezkor o‘yinchilar bor edi.
Hakamlar ajoyib ish olib bordi. Ularga nisbatan shikoyatim yo‘q. Uchrashuv vaqtida ishtiyoq evaziga uning qarorlarini muhokama qilganim - tabiiy jarayon.
Turnir favoritlari qatorida Koreya Respublikasi, O‘zbekiston va Yaponiyani ko‘rsatgan bo‘lardim. Aslida, kuchli jamoalar yetarlicha. Hamma g‘olib bo‘lish uchun bu yerga kelgan", - dedi mutaxassis
“Zamin” yangiliklarini “Twitter”da kuzatib boring