Bugun tongda professional bokschimiz Elnur Abduraimov faoliyatidagi 11-jangini o‘tkazdi. Charm qo‘lqop ustamiz Meksikada tashkil etilgan prof boks oqshomida mezbonlar vakili, faoliyatida hali mag‘lubiyat va murosani bilmay kelayotgan Anxel Daniel Garsiya Molinaga qarshi ringga ko‘tarildi. O‘n raundga mo‘ljallangan jang 7-raundda to‘xtatildi.
Afsuski, shu raundga kelib bokschimizning murabbiylari jangni davom ettirmaslikni ma’lum qilishdi. Bunga Abduraimovning ikkinchi raundda qo‘lidan olgan jarohati sabab bo‘lgan.
"Hammasi Allohdan! Ikkinchi raundda do‘stim qo‘lidan jarohat oldi va buning natijasida 8-raundda jangni to‘xtatdik. Do‘stim, biz sen bilan, hali kuchli bo‘lib qaytasan", - deya ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida xabar qoldirgan Isroil Madrimov.
Bu Elnur uchun professional boksdagi dastlabki mag‘lubiyat bo‘ldi. Bungacha u 10 ta jangning barchasida g‘alaba qozongandi (9 ta nokaut). Meksikalik Molina esa 15-jangida 15-g‘alabasini qo‘lga kiritdi va IBF North American kamari egasiga aylandi.
“Zamin” yangiliklarini “Youtube”da kuzatib boring