17:32 / 12.03.2023
727

Abduxoliqov Premer-ligada ham porlay boshladi

Abduxoliqov Premer-ligada ham porlay boshladi

Qozog‘iston Premer-ligasida ikkinchi tur yakunlandi. Joriy mavsumda qo‘shni mamlakat chempionatida uch nafar futbolchimiz ikki jamoa sharafini himoya qilmoqda.

Quvonarli tomoni, Bobur Abduxoliqov va Shahboz Umarovni transfer qilgan “Ordabasi” ham, Igor Sergeyev uchinchi mavsumini boshlagan “Tobol” ham bu yil chempionlik uchun kurashmoqda.

Ikkinchi tur yakuniga ko‘ra, “Ordabasi” yuz foizlik natija  ko‘rsatayotgan beshta jamoadan biri hisoblanadi va to‘plar nisbatidagi ustunlikka ko‘ra, birinchi o‘ringa chiqib oldi. Shimkentliklar bu gal “Shaxtyor” maydonidan 4:1 hisobidagi g‘alaba bilan qaytdi. Boshlang‘ich tarkibda o‘ynagan Bobur Abduxoliqov assist qayd etdi.

Zaxiradan o‘yinga qo‘shilgan Shahboz Umarov esa, o‘zi ishlagan penaltini aniq bajarib, Qozog‘iston chempionatidagi gollari hisobini ochdi.

Igor Sergeyev o‘ynayotgan “Tobol” ham safar uchrashuvidan uch ochko bilan qaytdi. Kustanayliklar Almatida “Kaspiy” jamoasi mehmoni bo‘lib, kichik hisobda zafar quchdi. “Tobol”ga g‘alaba keltirgan yagona golni bellashuvning 65-daqiqasida aynan Igor Sergeyevning o‘rniga maydonga tushgan ivuarlik hujumchi Serj Deble  urdi.

Qozog‘istonning nufuzli nashrlaridan Sports.kz portali Premer-liganing ikkinchi turida o‘zini ko‘rsatgan futbolchilardan ramziy terma jamoa tuzib chiqdi. Bu jamoa quyidagicha ko‘rinish oldi:

Darvozabon: Maksim Plotnikov (“Kaspiy”).

Markaziy himoyachilar: Abzal Beysebekov (“Astana”), Mamadu Mbodj (“Ordabasi”), Boyan Mladovich (“Tobol”).

O‘ng qanot yarim himoyachisi: Andriya Filipovich (“Aktobe”).

Markaziy yarim himoyachilar: Igor Stasevich (“Atirau”), Asxat Tagibergen (“Ordabasi”).

Chap qanot yarim himoyachisi: Maksim Samorodov (“Aktobe”).

Hujumkor futbolchi: Serikjan Mujikov (“Tobol”).

Hujumchilar: Bobur Abdixoliqov (“Ordabasi”), Joao Paulo (“Qayrat”).

Bosh murabbiy: Milich Churchich (“Tobol”).

Ushbu ramziy terma jamoani tuzgan Sports.kz portali Bobur Abuxoliqovning ikkinchi turdagi harakatlarini quyidagicha ta’rifladi.

- Bobur maydonda o‘ynagan vaqti davomida “Shaxtyor” darvozasini xavf ostida ushlab turdi. Hisob ochilishiga olib kelgan kombinatsiyada qatnashdi, ikkinchi to‘p kiritilgan vaziyatda jamoadoshiga golli pas uzatdi, o‘zining zarbasi ustunga tegib qaytdi va bir necha marotaba yaxshi vaziyatlar yarata oldi, - deb yozmoqda Sports.kz portali.

Qozog‘iston Premer-ligasining uchinchi tur uchrashuvlari 14-15 mart kunlari tashkil etiladi. “Ordabasi” 14 mart kuni chempionat autsayderlaridan biri “Jetisu” jamoasini qabul qiladi. Shu kuni “Tobol” futbolchilari o‘z muxlislari ko‘z o‘ngida Qarag‘andaning “Shaxtyor” jamoasiga qarshi saf tortadi.


arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Abduxoliqov Premer-ligada ham porlay boshladi