Ha, barcha MMA ixlosmandlari “UFC 286” turnirinii kutmoqda desak, yanglishmagan bo‘lamiz. Sababi, markaziy jangda yarim o‘rta vazn (77.1 kg) toifasining yulduzlari, amaldagi chempion Leon Edvards va sobiq chempion Kamaru Usman o‘rtasidagi trilogiya bo‘lib o‘tadi. Shuningdek, ikkinchi markaziy jangda esa, muxlislar yoqimtoylari, muxlislarbop jang ko‘rsatadigan yengil vazn (70.3 kg) toifasidagi Jastin Geytji hamda Rafael Fiziyev to‘qnashuvini guvohiga aylanamiz.
An’anaga muvofiq tarzda biz Kamaru Usman va Leon Edvards o‘rtasidagi qarama-qarshilik borasida MMA olami vakillarini fikri bilan qiziqdik.
Otabek Musayev –O‘zbekiston MMA assotsiatsiyasi hakamlar qo‘mitasi raisi
- Bu jang to‘liq davom etmaydi. Kamaru Usmon muddatidan avval g‘alabani qo‘lga kiritadi. Uzog‘i bilan 2-raundda nokautga uchratadi.
Mirzohid Ataboyev – murabbiy, kikboksing bo‘yicha jahon chempioni
- Bu jangda Kamaru Usman g‘alaba qozonadi, deb o‘ylayman. Chunki u avvalgi jangidan to‘g‘ri xulosa qilgan. To‘g‘ri, Edvards ikkinchi jangda uni nokautga uchratgan. Biroq, unga qadar nigeriyalik jangchi qanchalik ustunlik qilayotgani barchaga ma’lum. Shunchaki, Edvardsning g‘alabasi omad tufayli yuzaga kelgan. Bu safar Usman imkon qoldirmaydi.
Farruh Madaminov – murabbiy
- Kamaru Usman bu safar jangga yaxshi hozirlik ko‘rgan va avvalgi to‘qnashuvdan kerakli xulosalarni chiqargan holda, oktagonga ko‘tariladi. Qolaversa, ikkinchi jang shunchaki tasodif ekanligini isbotlashga ham harakat qiladi. Menimcha 60/40 Usman g‘alaba qozonadi.
Amin Ergashev – MMA jangchisi, O‘zbekiston MMA assotsiatsiyasi Navoi viloyati bo‘limi raisi
- Ikki jangchi o‘rtasidagi trilogiyada Kamaru Usman o‘z kamarini qaytarib oladi. Avvalgi jangda Usmanning xatolari ko‘p edi va bu safar buni ustida ishladi. U kamarni tezroq qaytarib olishga harakat qiladi. Biroq, bu borada “yonib” ketishi zarariga ham ishlashi mumkin. Qisqasi Usman g‘alaba qozonsa kerak. Bu mening shaxsiy fikrim va taxminim.
Mavlonbek Qahhorov – muaytaychi, 3 karra jahon chempioni
- Mening fikrimcha bu jangda har ikkisi juda ehtiyotkor uslubda jang qiladi. Ochiq jangni kuzatamiz deb o‘ylamayman. Jang to‘liq davom etadi va Usman ochkolar hisobida g‘alaba qozonadi.
Marat Bekmuratov – menejer (Qirg‘iziston)
- Kamaru Usmon avvalgi jangda biroz xotirjamlikka berildi va o‘sha kuchli zarbani o‘tkazib yubordi. Unda ruhiy holati yaxshi bo‘lishi lozim. Leon Edvards ham oldingi jangdan kerakli xulosalarni chiqarganligi aniq. U biladi-ki, Usman qachon bosimni oshiradi, qaysi raundlarda faollashadi... Edvardsda baribir motivatsiya kuchliroq, deb bilaman. Barchasi Usmanning ruhiy holatiga bog‘liq. Odatda, jangchilarning ba’zilari og‘ir mag‘lubiyatdan keyin so‘nib qoladi. Bunga Pyotr Yan misol bo‘la oladi. Ba’zilari esa bunaqa mag‘lubiyatdan keyin revanshda portlaydi. Usman har tomonlama Edvardsdan ustun. "Arsenal"i ham boy. Yuqorida aytganimdek, uning ruhiy holati pand bermasa g‘alaba qozonadi.
Odil Sirojiddinov – murabbiy, qo‘l jangi bo‘yicha jahon chempioni
- Oldingi jang kutilmaganda 5-raundda nokaut bilan tugagan edi. Unga qadar katta ustunlik bilan Kamaru Usman oldinda edi. Oradan jang o‘tkazmasdan tezlik bilan revansh o‘tkazilmoqda. Agar, orada yana bitta yoki ikkita jang o‘tkazib olganida Usman o‘ziga yanada ishonchini qaytarib olardi. Mening fikrimcha baribir ham Kamaru Usman yutadi, deb o‘ylayman. Lekin nokautdan keyin baribir ehtiyot bo‘lib, jang olib borsa kerak. Chunki sportda nokautdan keyin tiklanish oson bo‘lmaydi. Jang to‘liq davom etadi va ochkolarga ko‘ra, Usman g‘alaba qozonsa kerak.
Mavlud Tifiyev – muaytay hamda MMA jangchisi
- Ha, bu ikki jangchi divizionning yetakchilari, ular o‘rtasida o‘ziga xos hisob-kitob bor. Ular ikki bor to‘qnash kelib ulgurgan. So‘ngisida Edvardsga omad kulib boqqandi. Bu safar Usman hotirjamlikka berilmaydi. Xushyorroq bo‘ladi va g‘alaba qozonadi.
Kamoliddin Mamajonov – MMA jangchisi
- Bu safar ham jang juda qiziqarli o‘tishi aniq. Usman kamarini qaytarib olishi uchun bor imkoniyatini ishga soladi. Aslida, Usman har tomonlama ustun. Biroq, Edvards uni zarbada tuta olsa, zarbalari qanday kuchli ekanligini ko‘rdik. Bu safar ham Edvardsga “laki-panch” g‘alaba keltirmasa, boshqa holatda imkoniyat yo‘q.
Mashrabjon Ro‘ziboyev – MMA jangchisi
- Kamaru Usman bu safar ehtiyotkor bo‘ladi va g‘alabani qo‘lga kiritadi. O‘tgan safar 4-raund yutayotganligini bilib, xotirjamlikka berildi va bu qimmatga tushdi. Bu safar jang to‘liq davom etadi va Usman ochkolarga ko‘ra, g‘alaba qozonadi.
Humoyun To‘xtamurodov – MMA jangchisi
- Umuman bu ikki jangchini solishtirsangiz, Kamaru Usman har tomonlama ustun. Avvalgi jangda ham to‘liq ustunlik qilayotgan bir pallada, kichik xatosi tufayli mag‘lubiyatga uchragan edi. Bu safar Usman kerakli xulosalarni chiqarib olgan va qiyinchiliksiz g‘alaba qozonadi, degan fikrdaman.
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring