11:47 / 09.04.2023
378

«Juda qo‘rqyapman, bunaqa bo‘lishini tasavvur qilmaganman» – Kerjakov urushga qarshiligi haqida

«Juda qo‘rqyapman, bunaqa bo‘lishini tasavvur qilmaganman» – Kerjakov urushga qarshiligi haqida

Rossiya milliy jamoasi tarixidagi eng yaxshi to‘purar Aleksandr Kerjakov 2022 yil kuzida mamlakatni tark etishga qaror qildi. Sobiq futbolchi va ayni damda murabbiy hisoblangan Kerjakov bu haqda rossiyalik jurnalist Nobel Arustamyan bilan intervyuda aytib o‘tgan.

Futbolchi ayni damda oilasi bilan Dubayda yashamoqda. Kerjakov buni emigratsiya deb atashlarini istamay, shunchaki Rossiyadan boshqa joyda bo‘lishni istaganini aytdi.

«Bu kelishimni qochish, ko‘chib ketish demagan bo‘lardim, shunchaki biroz muddat uzoqroqqa ketgim keldi. Chunki har kuni [urush haqida] o‘qiysan, hammasini ko‘rasan va bo‘layotgan voqealar dahshatini his qilasan. Men uchun bularni qabul qilish juda og‘ir bo‘ldi, xotinimga ham. Shu bois ketishga qaror qildik», deb Dubayda yashash qarorini izohlagan Kerjakov.

Jurnalist Kerjakovdan Rossiyada uni aynan nima qanoatlantirmayotgani haqida so‘ragan: «Xuddi [urush] hech narsaga ta’sir qilmaganday gapirish juda qiyin. Ko‘pchilik esa hech nima bo‘lmaganday gapiradi, bu Rossiyadagi eng katta muammo. To‘g‘risi, men qo‘rqyapman, juda qo‘rqyapman. Qachondir bunaqa bo‘lishini tasavvur qilmagandim.

Intervyularimni titib ko‘rishing mumkin, doim eng katta niyatlarimdan biri urush bo‘lmasligi ekanini aytganman. Nafaqat bizda, butun dunyoda ham urush bo‘lishini istamayman. Axir qanday qilib hozirgi kabi zamonaviy rivojlangan dunyoda bunaqa bo‘lishi mumkin.

Nima bo‘layotgani haqida o‘zimga savol berib nimalar bilandir ularni izohlashga harakat qilaman, ammo baribir bo‘lmaydi, javob topa olmayman. Ochig‘i menda o‘xshamayapti», degan futbolchi.

«Hamma gap bir mavzuga taqalaveradi»

Rossiya futbolining nomdor vakili suhbat davomida yaqinda Kiprda rossiyalik reper Oksimironning konsertiga tushgani va dasturdan keyin u bilan asosan urush haqida gaplashganini aytib bergan.

«Hozirgi kunda nima haqida gapirish mumkin? O‘ylab qolaman-da, qanday la’nati davr kelib qoldi deyman. Odamlar gaplashganda va hatto tanishganda faqat bitta narsa haqida (urush nazarda tutilmoqda – tarj.) gaplashishga odatlanib qolishdi. Tasavvur qilyapsanmi, kimnidir anchadan beri ko‘rmagansan, kim bilandir esa tanishmoqchisan, boshida u yoq bu yoqdan gaplashasan, lekin oxir-oqibat hammasi o‘sha bitta mavzuga borib taqalaveradi».

Arustamyan futbolchidan bunday holatda nima qilish mumkinligi haqida so‘ragan: «Hech nima, sen nima qila olasan, masalan? Sen o‘z pozitsiyangdasan, o‘z imkoniyatingdan kelib chiqib harakat qila olasan. Sen hamma narsani o‘zgartira olmaysan. Faqat atrofingdagi narsalarni o‘zgartirishing mumkin. Agar xohlasang, marhamat, o‘zgartir.

Atrofingda gaping qovushadigan odamlar bo‘lishiga harakat qil. Kimningdir fikrini endi o‘zgartira olmaysan, chunki juda ko‘p vaqt o‘tib ketdi. Ishon, o‘zgartira olmaysan. Shuncha vaqt o‘tib ham odamlarning fikri o‘zgarmadimi, demak bu ularning pozitsiyasi.

Oksimiron bilan gaplashganimda ham u shunday dedi: kimdir jon-jahdi bilan qarshi, kimdir esa qo‘llaydi, bunaqa vaqtda nima haqida gapirish mumkin? Eng katta muammo esa odamlarning sharoitga moslashib ketishi», degan murabbiy.

Aleksandr Kerjakov 30 ta gol bilan Rossiya milliy jamoasi tarixidagi eng yaxshi to‘purar hisoblanadi. Shuningdek, «Zenit» tarixidagi eng yaxshi to‘purar futbolchi ham aynan Kerjakov (161 ta gol). Professional faoliyati davomida 233 ta gol urgan hujumchi «Zenit»dan tashqari Moskvaning «Dinamo» hamda Ispaniyaning «Sevilya» jamoalarida ham o‘ynagan.

Futbolchilik faoliyatini yakunlagach, Kerjakov Rossiya yoshlar jamoasi, «Tom» hamda o‘zbekistonlik Ibrohimxalil Yo‘ldoshev harakat qilayotgan «Nijniy Novgorod» jamoalarida murabbiy bo‘lib ishlagan.

Rossiyada aksar futbolchilar urush boshlanganidan buyon intervyu berishdan tiyilib kelmoqda. Suhbatlarga borayotganlar ham urush haqidagi savollardan qochishmoqda. O‘tgan yili «Zenit»ning boshqa bir sobiq futbolchisi Igor Denisov urushga qarshi ekanini aytib chiqqandi. Rossiya milliy jamoasi hujumchisi Artyom Dzyuba esa avvaliga urushni qoralagandi, lekin yaqinda, Turkiya chempionatidan Rossiyaga qaytgach, Vladimir Putinning harakatlarini to‘liq qo‘llashini aytdi.


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » «Juda qo‘rqyapman, bunaqa bo‘lishini tasavvur qilmaganman» – Kerjakov urushga qarshiligi haqida