00:11 / 28.04.2023
351

Eron, Tojikiston va Ummon. CAFA musobaqasi Katanets jamoasi uchun nega bu qadar muhim?

Eron, Tojikiston va Ummon. CAFA musobaqasi Katanets jamoasi uchun nega bu qadar muhim?

10-20 iyun kunlari Toshkent va Bishkek shaharlarida "CAFA Nation's Cup-2023" musobaqasi bo‘lib o‘tishidan xabaringiz bor. Tarixda ilk bor o‘tkazilayotgan musobaqadan nima kutish mumkinligini hozircha hamma turlicha taxmin qilyapti. Kim uchundir bu oddiy o‘rtoqlik o‘yinlari darajasidagi o‘yinlar ketma-ketligi bo‘lsa, boshqalar uchun chinakam kichik qit’a birinchiligi o‘rnida qabul qilindi. Xo‘sh, aslida-chi? Musobaqa formati qanday? Nima uchun CAFA o‘tkazayotgan turnirdagi g‘alaba  Srechko Katanets boshqaruvidagi jamoamiz uchun juda muhim? Barchasiga batafsil to‘xtalamiz.

Musobaqa formati

7 terma jamoa ikki guruhga bo‘linadi. A guruhidan o‘rin egallagan O‘zbekiston, Tojikiston, Turkmaniston va Ummon terma jamoalari Toshkentda kvartetning eng kuchli jamoasi nomini aniqlab olish uchun “jang” qilsa, Bishkek shahrida Qirg‘iziston, Afg‘oniston va Eron termalari “B” guruhida kurash olib boradi.

“A” guruhida bo‘lib o‘tadigan o‘yinlar

11 iyun. 1 tur

O‘zbekiston – Ummon.

Tojikiston – Turkmaniston.

14 iyun. 2 tur

Ummon – Tojikiston.

O‘zbekiston – Turkmaniston.

17 iyun. 3 tur

O‘zbekiston – Tojikiston.

Turkmaniston – Ummon.

“B” guruhi

10 iyun. 1 tur

Qirg‘iz Respublikasi – Afg‘oniston.

13 iyun. 2 tur

Eron – Afg‘oniston.

16 iyun. 3 tur

Qirg‘iz Respublikasi – Eron.

Guruh g‘oliblari turnirning final o‘yinida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritadi. Ikkinchi o‘rinni olgan jamoalar o‘rtasida musobaqa bronza medallari uchun o‘yin tashkil etiladi. Final va 3-o‘rin uchun o‘yinlarga Toshkent shahri mezbonlik qiladi.

Turnir qadri

Musobaqa ahamiyatini belgilab olish unga qaysi pozitsiyadan qarashga bog‘liq. Masalan, FIFA tomonidan beriladigan ochkolarni hisobga olsak, bu Katanets shogirdlarining "JCh-2026" musobaqasi saralashi oldidan ikkinchi savatchadan birinchi savatchaga ko‘chib o‘tish uchun ajoyib imkoniyat. Buning uchun kamida finalga qadar chiqish va unda g‘alaba qozonish talab etiladi. Ana shunda, reytingda bizdan oldinda turgan BAA va Ummon termalaridan birini quvib o‘tish imkoniyatimiz bo‘ladi. Boz ustiga, Ummon terma jamoasi bilan o‘zaro  o‘yinda to‘qnash kelishimizni hisobga olsak, bu yaqin kelajakda termamiz uchun yoqimli bonus vazifasini o‘tab berishga qodir musobaqa ekanligini darrov ko‘zga tashlanadi.

Markaziy Osiyo chempionatida kamida 3 bor maydonga tushamiz. Ularning birinchisi FIFA kunlariga to‘g‘ri kelmagani bois odatiy ballarning yarmi beriladi. Agar musobaqada muvaffaqiyatli ishtirok etib, 4-o‘yinga qadar etib borsak (final yoki uchinchi o‘rin uchun bahs) u ham o‘z qiymatining yarmi bilan baholanadi.

Sababi, FIFA iyun oyidagi o‘z kunlarida faqat ikkitadan o‘rtoqlik o‘yinlarini o‘tkazish uchun ruhsat bergan. Agar biz bu minimum vazifani maksimal darajada uddalasak, FIFA reytingida balandlab, Osiyo reytingida bizdan oldinda turgan Ummon yoki BAAni quvib o‘tishimiz mumkin. Ulardan biridan o‘tib ketsak ham, yakunda 2026 yilgi mundialning 2-bosqichini birinchi savatchada boshlashimiz mumkin. Bu o‘z-o‘zidan qit’amizning grandlari bilan keyingi bosqichga qadar uchrashmay turishimizni ta’minlaydi.

Muxlislar e’tibori

Ishqibozlarimizning katta qismi turnirga u qadar katta qiziqish bildirmayotgani rost, biroq bu aldamchi his. Guruh bosqichidagi g‘alabalar, ularni stadionga chorlashiga shubha yo‘q. Boz ustiga, ehtimoliy final bo‘lishi kutilayotgan O‘zbekiston – Eron o‘yini CAFA turnirining kulminatsion nuqtasiga aylanishi aniq. To‘g‘ri, bunga qadar forslar ham, biz ham guruhdan birinchi o‘rin bilan chiqib olishimiz talab etiladi, biroq Srechko Katanets shogirdlarining bu vazifani ortiqcha muammosiz hal etishlariga ishonaman.

Guruhdagi Ummon va Tojikiston termalari bilan o‘yinlar ham taktik tomonidan termamiz ustoziga Osiyo kubogi oldidan repetitsiya vazifasini o‘tab berishi aniq. O‘ziga hos kichik qit’a birinchiligi chog‘ida ishqibozlar stadionga kelishi va jamoamizni qo‘llab-quvvatlab turishiga umid qilamiz. Qayta tiklanayotgan terma jamoa hozir ularga har qachongidanda muhtojroq.

Yahyoxo‘ja Ulug‘xo‘jaev


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Eron, Tojikiston va Ummon. CAFA musobaqasi Katanets jamoasi uchun nega bu qadar muhim?