02:13 / 09.05.2023
582

Shohajahon qozoqlardan Meliqo‘ziyev o‘chini oldi, ruslar va kubaliklarning “ketmoni” baland uchdi!

Shohajahon qozoqlardan Meliqo‘ziyev o‘chini oldi, ruslar va kubaliklarning “ketmoni” baland uchdi!
Toshkentda davom etayotgan boks bo‘yicha kattalar o‘rtasidagi jahon chempionatining sakkizinchi kungi bellashuvlari ham keskin va murosasiz janglarga boy bo‘ldi.
 
Sports.uz portali an’anaga muvofiq, jahon chempionatidagi eng kuchli terma jamoalar – O‘zbekiston, Qozog‘iston, Kuba va Rossiya charm qo‘lqop ustalari qayd etgan natijalar bilan tanishtirishda davom etadi.
 
Musobaqaning sakkizinchi kunida boks ishqibozlari ikkita “el-klasiko” – o‘zbek va qozoq bokschilarining o‘ziga xos dueliga gavoh bo‘ldi.
 
Eng yengil – vazni 48 kilogrammaga bo‘lgan bokschilar jangida yosh vakilimiz – Shodiyor Meliqo‘ziyev qozog‘istonlik Sanjar Tashkenbayga qarshi ringga ko‘tarildi. Bu bahsda tajriba bobida ustun bo‘lgan raqib g‘alaba qozondi. Shu tariqa, Tashkenbay Toshkentdagi yurishini davom ettiradigan bo‘ldi.
 
Shodiyor Meliqo‘ziyev o‘chini Shohjahon Abdullayev olib berdi. Ikkinchi “el-klasiko”da u qozog‘istonlik Sog‘indiq Togambay bilan to‘qnash keldi. Bu bahsda hamyurtimiz katta ustunlikka erishdi. U ikkinchi raundda kuchli zarba bilan raqibning qoshini yordi, nokdaunga uchratdi va jangni o‘z foydasiga hal qildi.
 
Jahon chempionati oldidan qozog‘istonlik boks mutaxassislari Sog‘indiq Togambay o‘zbek bokschisidan chuqur nokaut uchun o‘ch olishga tayyorligini ta’kidlagan edi. Bu ikki bokschi joriy yilning yanvar oyida Shohjahon va Sog‘indiq Tailandda 22 yoshgacha bo‘lgan bokschilar o‘rtasidagi Osiyo chempionatida to‘qnash kelgandi. O‘sha bahsning birinchi raundida  Abdullayev raqibini bitta zarba bilan chuqur nokautga tushirib, jangni o‘z foydasiga hal qilgandi.
 
Abdullayev va Togambayning jahon chempionatidagi raqobatida Shohjahon yana bir bor g‘alabani nishonladi.
 
Qozog‘iston terma jamoasining uchinchi vakili – Mahmud Sobirxon mukammal texnikasi evaziga vengriyalik Ishtvan Sakuni mag‘lub etdi.
 
O‘zbekiston terma jamoasining qolgan uch bokschisi muxlisu mutaxassislarimizni xursand qildi. Oybek Jo‘rayev 54 kilogramm vazn toifasida Serbiyadan kelgan Tamir Galanovni musobaqadan chiqarib yubordi.
 
60 kilogrammgacha bo‘lgan bokschilar jangida Mujibillo Tursunov Marokash terma jamoasi vakili Muhammad Amutga hech qanday imkoniyat qoldirmadi.
 
Og‘ir vaznli bokschilar to‘qnashuvi ham juda qiziqarli bahslarga boy bo‘lmoqda. Ana shunday janglardan birida Lazizbek Mullajonov gruziyalik charm qo‘lqop ustasi Giorgi Chigladzedan ustun keldi.
 
Jahon chempionatining sakkizinchi kuni Rossiya va Kuba terma jamoalaridan besh nafardan sportchi ringga ko‘tarildi.
 
Ruslardan Dmitriy Dvali iordaniyaoik Zayd Al-Bitardan har tomonlama ustunligini ko‘rsatdi. Edmond Xudoyan eng yengil vaznda marokashlik Hamza As-Saadining yurishini to‘xtatdi. Vsevolod Shumkov ozarbayjonlik Tayfur Aliyevdan zo‘rligini ko‘rsata oldi.
 
Muslim Gadjimagomedov ham xitoylik Xan Syuechjenga qarshi uchrashuvni ochkolar hisobida o‘z foydasiga hal qilgan bo‘lsa,  Sharabutdin Atayev kuchli zarba bilan keniyalik Magangu Sabatni nokautga uchratdi.
 
Kuba terma jamoasi vakillarining janglari ham muxlisu mutaxassislarga manzur bo‘lmoqda. Ayniqsa, butun dunyodagi boks ishqibozlariga yaxshi tanish bo‘lgan ikki karra olimpiada va besh karra jahon chempioni  Xulio Sesar La Krus ishtirokidagi janglarga e’tibor o‘zgacha. Bu gal jahon chempionatining asosiy yulduzi avstraliyalik Aykenn Inayidan ustunligi isbotlab qo‘ydi.
 
Shuningdek, Alexandro Klaro (48 kg) mozambiklik Nordin Yussufoni, Yosvani Veytiya (54 kg) keniyalik Bakkari Hassanni, Erislandi Alvares (60 kg) dominikanlik Migel de la Krusni, Xesus Uilyams (86 kg) mozambiklik Xulio Gabriel Albinoni yengib, musobaqadagi ishtirokini davom ettiradigan bo‘ldi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Shohajahon qozoqlardan Meliqo‘ziyev o‘chini oldi, ruslar va kubaliklarning “ketmoni” baland uchdi!