Argentina mezbonlik qilayotgan 20 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi jahon chempionatida ishtirok etayotgan O‘zbekiston terma jamoasi ikkinchi tur bahsida Yangi Zelandiya vakillari bilan kuch sinashadi.
Xabaringiz bor, Ravshan Haydarov shogirdlari birinchi turda mezbonlarga qarshi to‘p tepib, zo‘r o‘ynaganiga qaramay, 1:2 hisobida mag‘lubiyatga uchradi. Shunday bo‘lsa-da, yosh futbolchilarimizning harakati, o‘yini, intilishi, mahorati va salohiyati xalqaro ekspertlar, xorijlik muxlislar, hatto raqiblar tomonidan ham alohida e’tirof etildi.
Navbatdagi raqib – Yangi Zelandiya birinchi tur bahsida Gvatemalani 1:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratib, daslabki uch ochkosini qo‘lga kiritdi.
Shularni inobatga olib aytish mumkinki, Yangi Zelandiyaga qarshi bahs biz uchun muhim ahamiyatga ega. Unda futbolchilarimizni faqat g‘alaba qoniqtiradi. Yutqazib qo‘ysak, guruh bosqichidan o‘tolmay qolishimizning ehtimoli juda katta bo‘ladi.
Sports.uz portali O‘zbekiston va Yangi Zelandiya uchrashuviga doir qiziqarli faktlarni muxlislar e’tiboriga havola qiladi.
Yangi Zelandiya
Faktlar:
Yangi Zelandiya o‘z tarixida ilk bor chorak finalga chiqishni mo‘ljallamoqda. Asosiy futbolchisi maydon markazini ushlab turishga qodir Jey Xerdman hisoblanadi. U tezkor va texnikasi kuchli o‘yinchilar toifasiga kiradi.
Yangi Zelandiya 20 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi jahon chempionatida olti marotaba ishtirok etmoqda.
Ular oxirgi uchta musobaqaning har birida guruh bosqichidan muvaffaqiyatli o‘tgan.
Eng yaxshi natijasi ikki marotaba nimchorak finalda qatnashgani hisoblanadi.
Yangi Zelandiyaning eng xavfli futbolchisi Oliver Kollotidir. U jarima maydonchasi ichida keskin harakat qiladi va kuchli zarbaga ega. Iste’dodli hujumchi Okeaniya chempionatida oltita uchrashuvda to‘qqizta gol urganidan keyin mutaxassislar nazariga tushdi.
Yangi Zelandiya jahon chempionatiga tayyorlanish jarayonida fevral oyida xalqaro turnirda qatnashdi. Darren Bazli shogirdlari Gvatemalaga yutqazgan bo‘lsa-da, Indoneziya va Fiji terma jamoalarini mag‘lubiyatga uchratgan.
Bosh murabbiy Darren Bazli Angliyada tug‘ilgan. Futbolchilik faoliyatida “Uotford”, “Vulverxempton” va “Uolsoll”da o‘ynagan. Keyin 2005 yilda “Nyu-Ziland Nayts” klubiga ko‘chib o‘tgan.
O‘zbekiston
Faktlar:
O‘zbekiston terma jamoasi yoshlar o‘rtasidagi Osiyo chempionatida ilk bor g‘olib chiqdi va Argentinadagi jahon chempionatiga qit’a chempioni sifatida keldi.
O‘zbekiston yoshlari 2013 va 2015 yillarda jahon chempionatining chorak finalida ishtirok etgan va bu gal o‘z natijasini yaxshilashga urinadi.
Bosh murabbiy Ravshan Haydarov mamlakatning turli yoshdagi va milliy terma jamoasini boshqargan. 2018 yili uning shogirdlari 23 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi Osiyo chempionatida g‘olib chiqdi. Bu gal Ravshan Haydarov 20 yoshgacha bo‘lgan shogirdlarini qit’a chempioniga aylantirdi.
Bu mutaxassis “Paxtakor” bosh murabbiyi sifatida O‘zbekiston chempionatida ham ikki marotaba chempion bo‘lgan.
O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi Osiyo chempionatida beshta uchrashuvda o‘z darvozasi daxlsizligini saqlab qoldi.
Eng mashhur o‘yinchisi Abdulqodir Husanov hisoblanadi. Terma jamoa himoya chizig‘ida aynan mana shu futbolchi yetakchilik qiladi. U “Energetik-BGU” safida Belarus oliy ligasida ikkinchi mavsumini o‘tkazmoqda.
Husanov har ikki oyog‘ida ishonchli o‘ynaydi. Turli taktik sxemalarga moslasha oladi. To‘pni yaxshi nazorat qiladi, tezkor, shuningdek, turli masofalardan kuchli va aniq zarba bera oladi, jarima zarbalaridan gol urishga usta.
O‘zbekiston yoshlar terma jamoasining eng xavfli futbolchisi sifatida Abbosbek Fayzullayevni ko‘rsatish mumkin. Universal hujumchi sifatida oldingi chiziqda yetakchilik aynan unga yuklatilgan.
Klublar miqyosida Fayzullayev “Paxtakor” safida O‘zbekiston chempioni va Superkubok sohibi bo‘ldi. O‘zbekistonliklarning bu futbolchidan umidlari katta.
O‘zbekiston va Yangi Zelandiya o‘rtasidagi uchrashuvda Ravshan Haydarov shogirdlariga muvaffaqiyat tilaymiz.
“Zamin” yangiliklarini “Instagram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Eron AQSHdan 1 trln dollar kompensatsiya talab qildi
Turkiya Isroil prezidenti samolyotini havo hududiga kiritmadi
Kim Chen In harbiylarni jangovar holatda turishga chaqirdi
Ijtimoiy tarmoqlar davrida ruhiy salomatlikni qanday saqlash mumkin?
Shimoliy Koreya Rossiyaga uzoqqa zarba beruvchi qurollar yubordi
Rashida Tolib Kongress a’zolariga «achchiq haqiqat»ning suratini ko‘rsatdi
KXDR Rossiyaga 100 minggacha harbiy yuborishi mumkin
Tyumen oblastiga O‘zbekistondan mehnat migrantlari ishga jalb qilinadi