Katanes boshchiligidagi O‘zbekiston Eronga mag‘lub bo‘ldi. Toshkentda bu termaga faqat bir marotaba gol urgandik, bugun bu natijani o‘zgartira olmadik. Golsiz mag‘lubiyat. Muxlis ko‘zi bilan qarasak, xohlaganimizni gapirib, vakillarimizni qoralashimiz mumkin, ammo...
Farq baribir bor
Eron bilan bo‘lgan o‘yinlar yaxshi esimda. Abramovning jamoasi bu termani "JCH-2014" saralashida "JAR" stadionida bo‘lgan bahsda o‘yin tomonlama "ko‘mib" tashlagan. Toza golimiz hakamlarning xatosi tufayli inobatga olinmagan. So‘nggi daqiqalarda o‘tkazib yuborilgan gol va 0:1 hisobidagi mag‘lubiyat. Tehronda bo‘lgan o‘yinda qisman adolat qaror topib vakillarimiz g‘alaba qozongan. "JCH-2018" saralashidagi ikki o‘yinni esa eslash biroz og‘riqli. Toshkentdagi bahsda Jalol Husaynining bosh bilan urgan goli bellashuv taqdirini hal qilgan.
Tehrondagi bellashuvda esa shunchaki maydonda yo‘qolib qolganmiz. Azmun hamda Taremi gol urgandi o‘shanda. Raqib bizni shu qadar oson mag‘lub etganini ko‘rib, hafsalam pir bo‘lgan. O‘sha oxirgi o‘yindan keyin oradan 6 yil vaqt o‘tdi. Eron 2018 yilgi Mundialda ancha shovqin ko‘tardi. Qatarda ham Uelsni mag‘lub eta oldi. Forslar Yevropaning nomdor jamoalari bilan ham bemalol bahlasha oladigan holatga yetib keldi va hozir ham shunday. Bizchi?
Kuper boshchiligida Osiyo Kubogida ishtirok etdik. Bir qarashda yaxshi taassurot qoldirdik, ammo yakunda baribir uncha yaxshi bo‘lmagan natija bilan kifoyalandik (nimchorak final) Murabbiy o‘zgardi va hatto so‘nggi jahon chempionati saralashining 3-bosqichiga ham chiqa olmadik. Osiyoda beshtadan bittasi sifatida e’tirof etiluvchi vakillarimiz Qatar, Xitoy, Suriya, Iroq, BAA kabi terma jamoalardan ham reyting borasida pastroqqa tushib ketdi. O‘yin taraflama ham, balki. Avlodlar almashinuvi, yetakchilarning aksari termani tark etdi. Hammasini boshidan boshlash va O‘zbekistonning Osiyodagi mavqeini tiklash kerak edi. Bu missiya Katanetsga topshirildi.
Nima kutgandingiz?
Vakillarimiz qator o‘rtoqlik uchrashuvlarida ijobiy natija qayd etdi. "CAFA"da esa futbolchilarimiz yanada muxlislarning mehrini qozona oldi. Finaldagi o‘yinda ham vaziyat o‘zgarmadi, nazdimda. Tarafdorlarim topilsa kerak, deb o‘ylayman. Kimdirlar bu Katanes uchun birinchi katta sinov edi va u bundan o‘ta olmadi deyapti. Nima kutgandingiz? Endigina aniq bir shakl-shamoyilga kirib borayotgan termamiz yaqinda Qatarda yulduzli termalar bilan olishib yurgan Eronga mag‘lub bo‘lganiga shuncha e’tirozmi? Osiyoning top termasiga qarshi so‘nggi muhim o‘yin esingizdami? (Saudiya Arabistoni) O‘shandagi mag‘lubiyat va hozirgisini solishtirib ko‘ring?
Albatta, yutsa xursand bo‘lardik, ammo mag‘lubiyat uchun nega buncha tanqid? Ustiga-ustak, Eron bizni o‘yin tomonlama yanchib tashlagani yo‘q. Yigitlarimiz o‘ta tartibli forslar mudofaasini ko‘p bora yorib o‘tdi va raqibga erkin o‘ynashga qo‘ymadi. Bor fokusni natijaga emas, o‘yinga qaratsak, u qadar ham yomon uchrashuv o‘tkazmaganimizni anglab yetarmidik? Hali katta turnirlar oldinda. Asl bahoni Osiyo Kubogi va "JCH-2026" saralashidagi o‘yinlarda beramiz. Hozir bu qadar tanqid va bosim yumshoq qilib aytganda, nimaga kerak?
Moslashuvchan taktika biz uchun eng mosi!
Katanes ketishi va tizimli futbolni targ‘ib qiluvchi murabbiy kelishi kerakligi haqidagi fikrlarga ham ko‘zim tushdi. Naqadar absurd va o‘ylanmay aytilgan fikrlar... Keling, misol keltiray. Keyrush qo‘l ostidagi Eron ("JCH-2014", "JCH-2018" saralashidan olgan xulosalarim) na to‘pni nazorat qilib total futbol namoyish etardi va na chuqur himoyalanardi. Raqibga moslashib o‘ynash uslubini o‘sha Eronda ko‘rardim (Uzoqda bo‘lmagan misol). Biz ularni faqat himoyaga yotib oluvchi yoki hujumda doimiy aktiv jamoa sifatida ko‘rmasdik. Biz ham hozir shunday qilyapmiz.
Shaxsan bu yondashuv menga yoqyapti. Tizim yaratilishiga qarshi emasman. Biroq biz 2026 yil Mundialga chiqishni istaymiz, o‘sha "qulog‘idan aqli oqib ketayotgan" tanqidchilar ham shuni istaydi. Shunday ekan, hozirgi holatimiz uchun shu optimal yechim emasmi? Bundan tashqari so‘nggi yillarda Yevropa futbolida tizimlarning inqirozini ham ko‘ryapmiz. Gvardiola o‘z an’analaridan voz kechishni boshlayapti, "nemischa pressing" ham, "italyancha himoya" ham ko‘p hollarda ish bermay qolyapti. Agar tizimli futbol har doim ish berganida, Tuxelning "Chelsi"si va Anchelottining "Real"i Chempionlar ligasini, shuningdek, Skalonining Argentinasi jahon chempionatini yutmasdi.
O‘rinsiz tanqid
Ayrimlar uchun tanqid go‘yoki "kislorod"day bo‘lib qolgan. Usiz nafas ololmaydilar. Va ular har doim tanqid uchun sabab topadi. Topilmasa, axtarib bo‘lsa ham topadi. Ular uchun hammasi zo‘r bo‘lmagani yaxshimi, deb qolaman, ba’zan. Balki jon kuydiraverib, tanqiddan uyog‘iga o‘tolmaydigan bo‘lib qolgandirlar (optimstistik versiya).
To‘g‘ri tashxis tarafdoriman
Tan olish kerak, hozir termamizda pozitsiyalarda balans yo‘q. Hujum kuchliroq, himoya chizig‘ida muammolar bor. Markaz esa o‘z statusida (o‘rtacha). Biroq o‘sha eng zo‘rlar va yetakchilar to‘p tepadigan hujum chizig‘imizdagi futbolchilar ham o‘z klublarida zaxira futbolchisi. U qadar zo‘r bo‘lmagan "masalliq"dan yaxshi "ovqat" tayyorlanyapti. Endi Eronning tarkibiga bir qarang. Bo‘ldi, boshqa gapim yo‘q!
Kecha Eronni yutsak bo‘lardi. Hali bu jamoa o‘sishda davom etsa, yutamiz ham. Boshqa Osiyo grandlariga ham bemalol bosh og‘riq bo‘la olamiz, deb o‘ylayman. Xatolarni biroz minimallashtirish lozim. Yana realizatsiya ustida ham ishlash talab etiladi. "CAFA Nations Cup"dagi o‘yinlardan olgan xulosam, jamoa yomon emas, taktikaga ham umuman e’tiroz yo‘q. Uchiga chiqqan optimist emasman. Shunchaki, to‘g‘ri tashxis tarafdoriman.
(MR.O) Xudayqulov KARIM
“Zamin” yangiliklarini “Facebook”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
KXDR Rossiyaga 100 minggacha harbiy yuborishi mumkin
Kim Chen In harbiylarni jangovar holatda turishga chaqirdi
O‘zi choy damlaydi va suhbatlashadi: dunyodagi birinchi “aqlli” choynak taqdim etildi (video)
Global ochlik va qashshoqlikka qarshi kurash alyansiga 82 mamlakat a’zo bo‘ldi
Turkiya Isroil prezidenti samolyotini havo hududiga kiritmadi
Tyumen oblastiga O‘zbekistondan mehnat migrantlari ishga jalb qilinadi
Omega-3 qanday qilib ozishga yordam beradi?
Ijtimoiy tarmoqlar davrida ruhiy salomatlikni qanday saqlash mumkin?