15:32 / 30.06.2023
152

FIFA va O‘FA vakillari ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi

FIFA va O‘FA vakillari ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi

Foto: O‘FA

Futzal bo‘yicha JCH oldidan FIFA va O‘FA vakillari ishtirokida tashkil etilgan matbuot anjumani 30 iyun, juma kuni bo‘lib o‘tdi. Anjumanni O‘FA birinchi vitse-prezidenti Ravshan Ermatov ochib berdi.

"O‘zbekiston so‘nggi yillarda bir qator nufuzli turnirlarga mezbonlik qilib, ko‘plab tajriba orttirdi. Bu esa 2024 yilgi futzal bo‘yicha JCHga O‘zbekistonning mezbonlik qilish imkoniyatini oshirdi, deya olamiz. Qayd etish kerak, bu o‘z-o‘zidan bo‘lmaydi. O‘zbekistonda davlatimiz rahbarligida sportga katta e’tibor berilmoqda. FIFA Prezidenti Janni Infantino O‘zbekistonga tashrifi davomida davlatimiz rahbari bilan uchrashib, O‘zbekiston yirik turnirlarni o‘tkazish, mezbonlik qilishga ishtiyoqi yuqori ekanligi, mamlakatda so‘nggi yillarda ko‘plab sohalar singari sportga ham e’tibor va yondashuv o‘zgarib borayotganini qayd etdi.

Biz avvalgi yillar davomida musobaqalar geografiyasini hududlarga ham ko‘chirdik. Qashqadaryo, Namangan, Farg‘onada bir qancha xalqaro o‘yinlar o‘tdi. Bu esa viloyatlarda infratuzilmalarni rivojlantirish, mutaxassislarni xalqaro tajribasini oshirishga xizmat qildi, desak bo‘ladi. Yurtimizda futzalga berilayotgan e’tibor, milliy chempionat va undagi sog‘lom raqobat ham futzal bo‘yicha Jahon chempionatini O‘zbekistonda o‘tkazilishiga sabab bo‘ldi, desak bo‘ladi", - dedi Ravshan Ermatov.

FIFA musobaqalar o‘tkazish bo‘limi boshlig‘i Haime Yarza Gonzalez ham o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.

Foto: O‘FA

"2024 yilgi Jahon chempionati mezboni etib O‘zbekiston variantida to‘xtadik. Chunki u yerda ko‘plab musobaqalarni ajoyib ravishda o‘tkaza oldi. Barchamiz buni guvohi bo‘ldik. O‘zbekistonning xalqaro turnirlarni o‘tkazish tajribasiga tayanib, ushbu sport turini u yerda yanada ommalashtirish yuzasidan bu qarorga keldik.

O‘zbekistonga kelishdan oldin ko‘p narsa kutgandik. Har bir shaharda futzalga bo‘lgan qiziqishdan mamnun bo‘ldik. Fursatdan foydalanib, bugungi anjumanda ishtirok etayotgan O‘zbekiston futzal MTJga Jahon chempionatida omad tilayman.

Ushbu tashrif davomida janob Ravshan Ermatov va Jahongir Usmonov bilan birgalikda beshta shaharda — Toshkent, Farg‘ona, Andijon, Samarqand va Buxoroda bo‘ldik. U yerdagi maydonlar, mashg‘ulot zallari va mehmonxonalarni o‘rganib chiqdik. Endilikda O‘FA vakillari bilan ushbu inspeksiya natijalarini tahlil qilamiz hamda yakuniy qarorimizni e’lon qilamiz.

Bu O‘zbekiston uchun nafaqat o‘zining futzal imkoniyatlarini namoyish etish, balki Yangi O‘zbekistonni ham dunyoga yana bir bor ko‘rsatish imkoniyati, desa ham bo‘ladi. Chunki ushbu mundial butun dunyo bo‘ylab namoyish etiladi, uni millionlab odamlar tomosha qiladilar, bundan tashqari O‘zbekistonga ko‘plab mamlakatlardan ishqibozlar tashrif buyuradi.

O‘zbekistondagi Jahon chempionatini yuqori saviyada o‘tkazish uchun oldimizda vaqt bor va albatta qiladigan ishlarimiz ham ko‘p. O‘ylaymanki, mahalliy tashkiliy qo‘mita bilan birgalikda FIFA Jahon chempionatini ham yuqori saviyada o‘tkazamiz", - dedi Haime Yarza Gonzalez.

Eslatib o‘tamiz, 23 iyun kuni o‘tkazilgan FIFA kengashining yig‘ilishida 2024 yilgi futzal bo‘yicha Jahon chempionati musobaqasi O‘zbekistonda o‘tkazilishi belgilandi.


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » FIFA va O‘FA vakillari ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi