Ilkay Gundo‘g‘an «Barselona»ga o‘tdi. 32 yoshli futbolchi Xavi jamoasini, albatta, kuchaytiradi. Nega? Va qanday rolda? Quyida shu haqda fikr yuritiladi.
Gundo‘g‘an — yarimhimoyaning istalgan pozitsiyasida o‘ynay oladigan futbolchi va bir vaqtning o‘zida bir necha top-murabbiylar bilan ishlashda noyob tajribaga ega: Gvardiola bilan 7 yil, Klopp bilan 4 yil, Tuxel bilan bir mavsum. Bunga Germaniya milliy jamoasidagi Lyov va Flikni ham qo‘shing. Ajoyib ro‘yxat.
Ochig‘i, bu tajriba yarimhimoyachining kelajakda murabbiy bo‘lish istagiga ta’sir ko‘rsatgan: «O‘ylaymanki, dunyoning eng zo‘rlari bilan ishlagandan keyin murabbiy bo‘lib ishlab ko‘rish imkoniyati haqida o‘ylamasam, aqldan ozgan odam bo‘lardim».
Ilkay — aqlli futbolchi, o‘yinni mukammal tahlil qila oladi va to‘g‘ri qaror qabul qiladi. Mana Gvardiolaning so‘zlari: «U juda — aqlli yigit, aqlli futbolchi! Futbolchilarda men qadrlaydigan asosiy fazilatlardan biri — bu aql. Menga maydonda nima bo‘layotganini tushunadigan va himoyada ham, hujumda ham muammolarni tezda hal qiladigan o‘yinchilar yoqadi».
Gundo‘g‘an yarimhimoyada istalgan rolni o‘ynashga qodir. «Manchester Siti»da u «sakkizlik», tayanch yarimhimoyachisi va «aldamchi to‘qqizlik» pozitsiyalarida o‘ynadi. Shuningdek, Rodri bilan tandemda harakat qilib, ortdan qo‘shilgan holda jarima maydonchasi tashqarisidan zarbalar berardi yoki hujumga ikkinchi temp bag‘ishlardi. Umuman olganda, Pep uni yarimhimoyaning hamma joyida sinab ko‘rdi va futbolchi ishini yaxshi bajardi.
Yana Gvardiolaga so‘z beramiz: «Ilkay — juda muhim futbolchi. U turli pozitsiyalarda o‘ynay oladi: tayanch zonasida barqaror, shu bilan birga jarima maydonchasida ham xavfli bo‘lishi mumkin — har jihatdan ajoyib o‘yinchi».
Quyida Gundo‘g‘anning Premer-liganing o‘tgan mavsumida to‘pga tegingan hududlari xaritasi. Futbolchi deyarli hamma joyda harakatlangan.
U ko‘proq chap qanotga moyilligini ko‘rish mumkin. Nominal ravishda, Ilkay ko‘pincha o‘yinni «chap sakkizlik» rolida boshlagan.
«Barselona»da bu uning asosiy pozitsiyasiga aylanishi mumkin. Ammo bu yerda Xavi jamoasidagi yarimhimoya bilan umumiy kartinani yana bir bor tushunish kerak. Kataloniyaliklarning o‘ziga xos o‘yinchilari bor, ammo jamoadan ketgan Busketsning o‘rniga aniq o‘rinbosar yo‘q. Tayanch yarimhimoyachisi izlash klub uchun yozgi transfer oynasining asosiy vazifasi hisoblanadi.
«La Masia»dan chiqqan Niko Gonsales yoki Mark Kasadoga imkoniyat berilishi mumkin. Lekin Xavi ularga asosiy variant sifatida qarashi qiyin.
Hozir «Barsa» transfer bozorida faol, ammo «yangi Buskets» izlash ishlari qanday yakunlanishi aniq emas. Bu pozitsiyani jamoadagi mavjud resurslardan Frenki de Yong yopishi mumkin. Ammo bu pozitsiya niderlandiyalik futbolchini qanday cheklashi bir necha o‘yinlarda ko‘rindi. Frenkiga juftlikdagi sherik bilan ancha qulayroq.
Gundo‘g‘an juda bo‘lmaganda yagona tayanch yarim himoyachisi sifatida ham harakat qila oladi, lekin bu variant optimal hisoblanmaydi. Birinchidan, u ko‘proq hujumkor pozitsiyada jamoaga ko‘proq narsa bera oladi. Ikkinchidan, uning doimiy ravishda ushbu rolda harakat qilishida ma’lum xavotirlar mavjud.
Ilkay Frenki singari ko‘proq mobil o‘yin uslubiga intiladi va bu tayanch hududida o‘ynash uchun eng yaxshi xususiyat emas, bu yerda ko‘proq o‘z joyida bo‘lish va hududni bo‘sh qoldirmaslik kerak. Shuning uchun, germaniyalik futbolchini de Yong, Pedri va Gavi bilan raqobatda «sakkizlik» pozitsiyasida ishlatish yaxshiroq variant bo‘lib tuyuladi.
Masalan, chap qanot hujumida Gavi yoki Pedri, «sakkizlik» rolida esa Frenki va Gundo‘g‘an. Agar Xavi aldamchi vinger g‘oyasidan chekinsa, u holda Pedri chap yarim qanotdan, Frenki yoki Gundo‘g‘an o‘ngdan o‘rin olishi mumkin. Yoki aksincha. Variantlar ko‘p, chunki Xavida maydon markazida turli sifatlarga ega bo‘lgan, bir-birini to‘ldirib, o‘rnini bosa oladigan futbolchilar to‘plami bor.
Gundo‘g‘anni «aldamchi to‘qqizlik» pozitsiyasida ishlatish juda qiziq bo‘lardi. Ammo Levandovski bor jamoada Xavining yaqqol hujumchisiz o‘ynashiga ishonish qiyin. Ilkay bu pozitsiyada tajribaga ega. Misol uchun, 2020/2021 yilgi mavsumda Gundo‘g‘anning jarima maydonchasi ichida «aldamchi to‘qqizlik» roliga o‘tishi «Siti»ga Premer-ligadagi chempionlik poygasida ustun kelishga yordam berdi va futbolchi o‘shanda jamoaning eng yaxshi to‘purari bo‘ldi (13 gol).
«Barselona»ning hozirgi yarimhimoyasida Ilkay raqib jarima maydonchasi ichidagi eng xavfli o‘yinchiga aylanadi. U o‘tgan mavsumda «Siti»da 53 marta raqib darvozasiga zarba yo‘llagan. «Barsa»dan eng yaqin ta’qibchi — Gavi (28). Ilkay hisobida 7,5 ta ehtimoliy gol bor, Pedrida — 4,9. Bu daraja haqida emas, balki o‘yin uslubi haqida.
Xavi Gundo‘g‘anni Levandovskining o‘rnini bosuvchi va «aldamchi to‘qqizlik» bilan hujumga qo‘shiluvchi sifatida ko‘rishi dargumon, ammo buni qo‘shimcha variant sifatida hisoblasa arziydi. Hech bo‘lmaganda Ilkayning hujumga qo‘shilish qobiliyatidan foydalanish mumkin.
Xullas, Gundo‘g‘an — jahon darajasidagi futbolchi, u maydondagi mavqeyi va rolidan qat’i nazar jamoani, albatta, kuchaytiradi.
“Zamin” yangiliklarini “Odnoklassniki”da kuzatib boring