“Roma” sport direktori Tyagu Pinto murabbiylar shtabiga kerak bo‘lmay qolgan futbolchilardan qutilishga harakat qilmoqda.
O‘zgarishlar ayniqsa, hujum chizig‘ida katta bo‘lyapti. “Roma” rag‘bariyati oldingi chiziqning ikki vakili – Jastin Klyuyvert va Karles Peresni bir necha kun muqaddam boshqa klublarga transfer qilgandi.
Bu ikki futbolchining ishlari Joze Mourino “Roma”ga kelganidan keyin umuman yurishmay qolgandi.
Dunyoga mashhur “Ayaks” tarbiyalanuvchisi bo‘lgan Jastin Klyuvert “Roma”ga 2018 yili olib kelingan. Biroq, 2020 yili niderlandiyalik yulduz bir mavsumga “Leypsig” jamoasiga ijaraga berildi. Bu payt Rim jamoasini o‘z qo‘liga olgan Mourino ikki mavsum davomida uni asosiy tarkibga yaqinlashtirmadi.
Ijara asosida avval “Nitssa”, o‘tgan mavsumda “Valensiya” sharafini himoya qilgan Jastin Klyuyvert endi Angliya Premer-ligasi vakili “Bornmut”ga transfer qilindi. Angliyaliklar o‘yinchi uchun rimliklarga 11,2 million yevro to‘ladi.
“Barselona” tarbiyalanuvchisi Karles Peres ham bir yil davomida Mourino ko‘ngligi yo‘l topa olmadi. O‘tgan mavsum “Selta” hujumkor futbolchini ijaraga olgan edi. Vigoliklarga Peresning o‘yini ma’qul keldi va ular mavsum tugaganidan keyin 25 yoshli futbolchini 5,2 million yevroga to‘liq transfer qildi.
Mashhur nashrlardan biri - Corriere dello Sport gazetasining yozishicha, endi navbat Eldor Shomurodovga keldi.
Aslida sport direktori Tyagu Pinto o‘zbek hujumchisini “Spetsiya”da qoldirmoqchi bo‘layotgan edi. Portugaliyalik mutaxassis hujum chizig‘iga “Spetsiya” to‘purari Mbala Nzolani olib kelib, o‘rniga Eldor Shomurodovni olib qolishni taklif qilgandi.
Ko‘pchilik bu transferning amalga oshishiga ishonmadi. Chunki Eldor Shomurodov V Seriyada o‘ynashga rozi bo‘lishi qiyin. O‘zbek hujumchisi A Seriyada qolish uchun o‘tgan mavsum boshqa nufuzli ligalardan bo‘lgan chorlovlarni qabul qilmagan edi.
Endi Shomurodov oldida yangi variantlar paydo bo‘la boshladi. Yana Turkiya chempionligi uchun kurashishni maqsad qilgan “Galatasaroy” yaqinda Mauro Ikardi o‘rnini Eldor Shomurodov bilan to‘ldirish rejasini o‘rtaga qo‘ydi. Bundan tashqari, Gretsiya grandlaridan PAOK o‘zbek hujumchisiga qiziqish bildira boshladi.
Tyagu Pinto bu holatdan unumli foydalanib qolmoqchi. Nufuzli manbalardan www.giallorossi.net saytining ta’kidlashicha, Rim klubi rahbariyati o‘zbek forvardini Turkiyaga jo‘natishni rejalashtirmoqda.
“Galatasaroy” Shomurodovni keyinchalik sotib olish huquqi bilan ijaraga olishni so‘ragan. Manbalarning ta’kidlashicha, Tyagu Pinto muzokaralar jarayonida turklarga o‘zbek futbolchisini keyinchalik sotib olish majburiyatini yuklamoqchi.
Tez orada ikki tomon yana transfer masalasini muhokama qiladi. Nima bo‘lgan taqdirda ham, bu transfer Shomurodov rozilik bergan taqdirdagina amalga oshadi.
O‘zbekiston milliy terma jamoasi sardorining rimliklar bilan amaldagi shartnomasi 2026 yilning 30 iyunigacha tuzilgan.
“Zamin” yangiliklarini “Facebook”da kuzatib boring