21:46 / 03.07.2023
1 024

“Roma” muxlislari Shomurodovning ketishiga munosabat bildiryapti!

“Roma” muxlislari Shomurodovning ketishiga munosabat bildiryapti!

“Roma” sport direktori Tyagu Pinto “Spetsiya”da ijara muddati tugagan Eldor Shomurodovga boshqa jamoa topishga harakat qilmoqda.

Katta ehtimol bilan Joze Mourino keyingi mavsumda o‘zbek hujumchisiga boshlang‘ich tarkibdan joy bermaydi. Eldor yana zaxirada o‘tirib, o‘yin amaliyotisiz qolib ketishi mumkin.

Ayni paytda Turkiya chempioni “Galatasaroy” O‘zbekiston milliy terma jamoasi sardorini ijaraga olish bo‘yicha rimliklar bilan muzokara olib bormoqda.

Turk grandi mavsum yakunlangach, ikki to‘purari – Mauro Ikardi va Bafetimbi Gomis bilan xayrlashdi. Argentinalik hujumchi o‘tgan chempionatda 22 ta gol urib, chempionlikka katta hissa qo‘shdi. Fransiyalik forvard esa raqiblar darvozasini 8 marotaba ishg‘ol qilgandi.

Turkiya futbol federatsiyasi qaroriga ko‘ra, turkiy mamlakatlar futbolchilari Superligada legioner hisoblanmaydi. Shu bois, “Galatasaroy” Shomurodovni olishga qattiq kirishgan. Bundan tashqari, ular xorijlik mashhur forvardni ham olib kelishni rejalashtirmoqda.

Rimlik muxlislar Shomurodovga bo‘layotgan qiziqishlarga o‘z munosabatini bildirmoqda. Sports.uz portali e’tiboringizga “Roma” ishqibozlarining fikrlarini havola etadi.

Forza Roma:

Shomurodov yaxshi saviyadagi hujumchi. Klubdagilar unga imkoniyat bermayapsizlar. Eldor o‘z mamlakati terma jamoasida doim gol uryapti. “Roma”ga kelgan paytda ham darrov gol urishni boshlab, kerakli hujumchi ekanini ko‘rsatgandi. Keyin qimmatbaho Temmi Abraxam kelganidan keyin unga yetarli imkon berilmadi.

Ale:

Klubdagilar Shomurodovdan boshqalarga ham shunday qilgan.

Tiago Finto:

U tez orada yana o‘z darajasiga qaytadi.

Ginko3:

Bir uchrashuv davomida hech qachon 20 daqiqadan ko‘p o‘ynash imkoni bo‘lmadi. Bu juda qiyin vaziyat. Bu janob Mourinoning topishmoqlaridan biri. O‘rnida bo‘lganimda men Shomurodovga imkon bergan bo‘lardim.

La Scimmia Nuda:

O‘zbekiston terma jamoasidagi o‘yini haqida gapni davom ettiraylik. Yaponiya, Xitoy va Shvetsiya terma jamoalariga gol urish oson emas. Eldor buni uddalagan.

Ivan3:

“Spetsiya” va “Verona” o‘rtasidagi pley-off uchrashuvida Shomurodov penalti ishlab, muxlislarga umid bag‘ishladi. Nzola bu imkonni barbod qilib, butun o‘yin davomida bo‘shashib yurdi. Shomurodov uning pozitsiyasida o‘ynashi kerak edi. Eldor qarshi hujumlarda o‘ynaydigan jamoaga mos.

Vegemite:

Tanlovda xato qilmaslik kerak. Shomurodovni sotib yuborishda shoshilmaslik shart. Temmi Abraxamning  uzoq muddatga safdan chiqqani, Andrea Belotti barqaror emasligi uchun ham Eldorni saqlab qolish kerak.

Blouson Noir:

Bu fikrga qo‘shilaman. Bugungi kungi holat shuni taqozo etadi. Abraxam keyingi yilning boshigacha safdan chiqqan. Paulo Dibala ketma-ket ikkita o‘yinda barqaror o‘ynolmaydi.  Belottining urinishlari ham samarasiz.

Shomurodovni hech bo‘lmaganda yanvargacha tarkibda saqlab qolish kerak. Undan foydalanish mumkin.

Risposta:

Shomurodovni jamoada olib qolish kerak. Kelasi mavsum uchta turnirda qatnashishimizni inobatga olsak, universal hujumchi sifatida Eldorga ish topiladi. Hali narxi oshadi. “Spetsiya”dagi o‘yinidan keyin uni qimmatga transfer qilish qiyin.

Ddrmaancheno:

Shomurodov bo‘yi baland bo‘lishiga qaramay, ancha chaqqon va tezkor. Texnikasi zo‘r, zarbasi aniq va kuchli. Ayni karera qiladigan yoshda.

To‘g‘ri, “Spetsiya”da o‘zini ko‘rsata olmadi. Lekin terma jamoada muntazam gol urayotgani ko‘p narsadan dalolat beryapti.

Belottiga Eldordan ko‘ra ko‘proq imkon berildi. Italiyalik hujumchi ularning barini ko‘kka sovurdi. Agar Mourino Shomurodovga yana imkon bermasa, bir tomondan baxtini boshqa jamoalarda sinab ko‘rishi kerak.


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » “Roma” muxlislari Shomurodovning ketishiga munosabat bildiryapti!
ePN