O‘tgan mavsum Turkiya chempionligini qo‘lga kiritgan Turkiyaning “Galatasaroy” klubi Chempionlar ligasida muvaffaqiyatli qatnashi va yangi chempionatda ham g‘oliblik uchun munosib kurashish maqsadida tarkibini kuchaytirishga harakat qilmoqda.
Bosh murabbiy Okan Buruk birinchi navbatda hujum chizig‘ini qayta tashkil qilishga e’tibor qaratishga majbur bo‘lmoqda. O‘tgan mavzumda oldingi chiziq vakillari sifatida asosan uch futbolchi – Evropada mashhur bo‘lgan Mauro Ikardi, Bafetimbi Gomis va Dris Mertens to‘p tepdi.
Ular orasida mavsumni ijarada o‘tkazgan va 22 ta gol bilan chempionlikka katta hissa qo‘shgan Mauro Ikardining ijara muddati tugadi va PSJ ixtiyoriga qaytdi. Sakkizta to‘p kiritgan Gomisning ham turk klubi bilan shartnomasi yakunlandi.
“Galatasaroy” bosh murabbiy Okan Buruk qo‘llayotgan o‘yin uslubiga mos tushgan Mauro Ikardini yana jamoaga qaytarish bo‘yicha ish boshladi. Argentinalik yulduz kelasi mavsum ham asosiy hujumchi sifatida to‘p tepishi kerak.
Murabbiylar shtabi ikkinchi hujumchi pozitsiyasida Eldor Shomurodovni ko‘rishni istayapti. Klub direktorlar kengashi raisining o‘rinbosari Erden Timur Rimga borib, “Roma” rahbariyati bilan uchrashib keldi.
Ayni paytda Mauro Ikardi va Eldor Shomurodov o‘z klubida bir xil ahvolda. Ikki poytaxt klubi bosh murabbiylari – Luis Enrike va Joze Mourinoning yangi mavsumda bu hujumchilar xizmatiga ehtiyoji yo‘q. Sport direktorlari ulardan qutilishga harakat qilmoqda.
“Galatasaroy” bundan unumli foydalanib qolmoqchi. Xususan, Mauro Ikardi borasida turklar Parij klubi mutasaddilariga murojaat qilib, 30 yoshli futbolchining transferini to‘liq sotib olishni taklif qildi.
Frantsiyaning L'Equipe nashri xabariga ko‘ra, istanbulliklar Superligada o‘zini ko‘rsata olgan to‘purar uchun 10 million evro taklif qilmoqda. 2018 yillari transfer narxi 100 million evrogacha ko‘tarilgan argentinalik futbolchi www.transfermarkt.world sayti ekspertlari tomonidan hozir 19 million evroga baholanmoqda.
Yaqinda PSJ klubi yangi bosh murabbiy Luis Enrike 11 nafar futbolchi bilan xayrlashmoqchi ekanini xabar berdi va ular orasiga Mauro Ikardi ham kiritilgan.
Mauro Ikardi aslida “Barselona” klubi tarbiyalanuvchisi ekanini ko‘pchilik bilmasa kerak. Kataloniyaliklarning asosiy tarkibiga kiritilmagan futbolchi keyinchalik “Sampdoriya”, “Inter” va PSJ klublarida to‘p tepdi.
Shomurodov masalasida “Galatasaroy” avvaliga hujumchini ijaraga olib bir mavsum davomida sinab ko‘rmoqchi. Turkiyaning www.fotospor.com sayti “Roma” sport direktori Tyagu Pinto “Galatasaroy”dan Shomurodov bo‘yicha taklif kutayotgani va turklar o‘zbek futbolchisini keyinchalik sotib olishini inobatga olib, transferga to‘g‘ri narx qo‘yishni o‘ylayotgani haqida ma’lumot tarqatgan edi.
Istanbul klubi Shomurodov bo‘yicha birinchi taklifini birdirdi. Summalar oshkor qilinmagan bo‘lsa-da, turklarning maqsadi aniq.Ular 28 yoshli hujumchini keyinchalik sotib olish huquqi bilan bir mavsumga ijaraga olmoqchi.
Hozircha, bu taklif bo‘yicha “Roma” qarorini aytgani yo‘q. Transfer amalga oshishida tabiiyki, Shomurodovning ham fikri hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.
“Galatasaroy” murabbiylar shtabining rejasi aniq – ular oldingi chiziqda Mauro Ikardi va Eldor Shomurodov tandemini o‘ynatishni mo‘ljallamoqda.
“Zamin” yangiliklarini “Vkontakti”da kuzatib boring