23:12 / 11.07.2023
567

Abduqodir Husanov Fransiya vitse-chempioni bilan shartnoma tuzdi

Abduqodir Husanov Fransiya vitse-chempioni bilan shartnoma tuzdi

Keyingi yillarda Belarus oliy ligasi, ayniqsa, “Enernetik-BGU” jamoasi o‘zbek futbolchilarini Yevropaga tanitishi yaxshi an’anaga aylanib bormoqda.

Xususan, ushbu jamoada 2022 yilning boshidan beri o‘ynab kelayotgan 19 yoshli hamyurtimiz Abduqodir Husanov Fransiya vitse-chempioni “Lans” skautlari nazariga tushdi.

Belarus matbuoti o‘zbek legioneri fransuzlar bilan shartnoma tuzganini aytmoqda. Uning “Energetik-BGU” bilan amaldagi shartnomasi shu yilning oxirigacha ekanini inobatga olib, ko‘pchilik fransiyaliklar o‘zbek futbolchisi transferi uchun qancha to‘lashiga qiziqmoqda.

Bu orada transferlarga ixtisoslashgan www.transfermarkt.world portali 11 iyul kuni Belarus chempionatidagi futbolchilarning transfer summalarini yangiladi.

Abduqodir Husanov “Bunyodkor” yoshlar jamoasi safidan “Energtik-BGU”ga o‘tganidan keyin oradan yarim yil o‘tib, ilk bor  www.transfermarkt.world portalida unga narx belgilandi. 2022 yilning 17 iyulida hamyurtimiz 150 ming yevroga baholangan edi.

Bir yil ichida markaziy himoyachining transfer summasi bir necha baravar oshdi. Bugungi kunda bu summa 400 ming yevroga yetdi.

Umuman olganda, Belarus chempionatida 389 nafar o‘yinchi to‘p tepmoqda va shulardan 19,5 foizini xorijlik charm to‘p ustalari tashkil qiladi. Bu songa o‘girganda ligada 76 nafar legioner bor, degani.

Oliy ligada jami Yevropa, Osiyo, Amerika va Afrika qit’alarining jami 24 mamlakatidan kelgan futbolchilar mahorat ko‘rsatmoqda. Eng ko‘p futbolchi belaruslarga qardosh bo‘lgan Rossiya vakillaridir. Ular 25 nafarni tashkil qiladi. Qolgan davlatlar vakillari ko‘pi bilan bittadan beshtagacha.

O‘zbekistonlik futbolchilardan uch nafari mavsumni Belarus oliy ligasida boshlagan edi. Biroq, Shahzod Ubaydullayev o‘yin amaliyoti berilmagani uchun “Shaxtyor”ni tark etdi.

Yana ikki o‘yinchimiz “Energetik-BGU”dagi faoliyatini davom ettirayotgan edi. Bu yilgi chempionatda sakkizta uchrashuvda bitta gol urgan Abduqodir Husanov Fransiyaga yo‘l oladigan bo‘lsa, endi bu mamlakatda bitta vakilimiz qoladi.

“Energetik-BGU”dagi 18 yoshli hujumchimiz Amirbek Bakayevning bu jamoada o‘ynayotganiga yaqinda bir yil bo‘ladi. “So‘g‘diyona”ning yoshlar jamoasidan to‘g‘ri Belarus oliy ligasiga kelgan Amirbek minsklik talabalar safidan joy olganida transfer summasi 50 ming yevro etib belgilangandi. Joriy mavsumda o‘n marta maydonga tushgan  markaziy hujumchining transfer summasi 75 ming yevroga ko‘tarildi.

Eslatib o‘tamiz, so‘nggi yillarda Belarus chempionatida o‘zbek futbolchilari o‘zidan yorqin iz qoldirib kelmoqda. Xususan, "Energetik-BGU”da porlagan Jasur Yaxshiboyev, Shahboz Umarov, Bobur Abduxoliqov Yevropa tomonlarda ancha tanildi.

Bu yilgi kashfiyot sifatida Abduqodir Husanovni e’tirof etishimiz lozim. Mana shu futbolchilarimizning bari O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zosiga aylangani ularning yutug‘i sifatida baholanadi.


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Abduqodir Husanov Fransiya vitse-chempioni bilan shartnoma tuzdi
ePN