18:31 / 25.07.2023
836

Husanov “Manchester Siti”ni ham qiziqtirib qo‘ydi...

Husanov “Manchester Siti”ni ham qiziqtirib qo‘ydi...

O‘zbekistonlik Abduqodir Husanov 24 iyul kuni rasman “Lans” futbolchisiga aylandi. 19 yoshli markaziy himoyachi Fransiya vitse-chempioni bilan to‘rt yillik shartnoma imzoladi.

Bu transfer ko‘pchilikning diqqat markazida turibdi. Jahon ommaviy axborot vositalarida iste’dodli futbolchi Abduqodir Husanovning professional faoliyatiga doir qiziqarli faktlar e’lon qilinmoqda.

Sports.uz portali ushbu ma’lumotlarni o‘zbekistonlik futbol ishqibozlari e’tiboriga havola etadi.

Abduqodir Husanov Fransiya chempionatiga yo‘l olgan birinchi o‘zbek futbolchisi. Bundan tashqari, “Energetik-BGU”da o‘ynagan legionerimiz Belarus chempionatidan Yevropaning kuchli beshlik chempionatlari sovrindori bo‘lgan klubga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ko‘chib o‘tgan yagona futbolchiga aylandi.

Abduqodir Belarusga 2021 yili fevralda hali 17 yoshligidayoq kelgan. Ma’lumotlarga qaraganda, uni “Energetik-BGU”ga o‘zbekistonlik futbol agenti Ulug‘bek Asanboyev olib kelgan. Bu agent minsklik talabalarga Jasur Yaxshiboyev va Bobur Abduxoliqovni ham transfer qilinishida ishtirok etgan edi.

Belarus futbolidagi qoidaga ko‘ra, 18 yoshga to‘lmagan legioner futbolchi professional ligada ro‘yxatdan o‘tkazilmaydi. Buning yagona yo‘li – istisno tariqasida FIFAdan ruxsat olish edi. Biroq, klubning ham, agentning ham bu boradagi harakatlari samara bermadi. Xalqaro tashkilotdan ruxsat kelgani yo‘q.

2022 yili Abduqodir 18 yoshgacha to‘lishi bilan “Energetik-BGU” rahbariyati “Bunyodkor” tarbiyalanuvchisini Belarus chempionatida ishtirok etishi uchun ro‘yxatdan o‘tkazdi. O‘yinchiga taklif etilgan sharoitlar kulguli bo‘ldi. Husanovning maoshi 100 dollar atrofida belgilandi. Unga mablag‘ masalasida agenti yordam bergani aytilmoqda.

Husanov debyut mavsumida “Energetik-BGU” tarkibida 29 ta o‘yin o‘tkazib, uchta gol va to‘rtta assist qayd etdi. O‘sha paytdan boshlab, o‘zbek himoyachisiga xorij klublari e’tibor qarata boshladi. O‘tgan mavsumdan keyin Rossiya Premer-ligasi vakillari – “Spartak”, “Lokomotiv” va “Sochi” Husanovni so‘radi. Yevropani ko‘zlagan futbolchi ham, uning agenti ham bu takliflarni qabul qilmadi.

2023 yilgi mavsumni “Energetik-BGU” safida boshlagan Abduqodirni Yevropa klublari kuzatayotgan edi. Ayniqsa, mart oyida 20 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi Osiyo chempionati Husanov uchun ko‘rik vazifasini o‘tadi. Turnirda g‘olib chiqqan O‘zbekiston oltita o‘yinda atigi bitta to‘p o‘tkazdi. Bunda Husanovning himoyadagi yetakchiligi muhim bo‘ldi.

Bu g‘alaba O‘zbekiston terma jamoasining may oyida Argentinada tashkil etilgan 20 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi jahon chempionatiga olib chiqdi. O‘zbekiston qiyin guruhdan muvaffaqiyatli chiqib, 1/8 finalga chiqdi. Husanov to‘rtta o‘yinda to‘liq qatnashdi.

Ishonchli manbalar tarqatgan ma’lumotlarga ko‘ra, jahon chempionatida Husanov “Lans” va “Manchester Siti” skautlari e’tiboriga tushdi.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, Abduqodir nafaqat o‘z terma jamoasida, balki jahon chempionatining boshqa ishtirokchilaridan mukammal o‘yini, jismonan yaxshi rivojlangani, yuqori texnikasi, maydonni yaxshi ko‘ra olish qobiliyati va aqlu idroki bilan keskin ajralib turli va aynan mana shu omillar sababli ko‘p klublar nazarini qozondi.

Jahon chempionatidan keyin Abduqodir O‘zbekiston milliy terma jamoasidagi faoliyatini boshlab yuborgani ham bejiz emas, albatta.

Ekspertlar Yevropa klublari o‘zbek futbolchisini Belarus chempionatidagi o‘yinlarini bevosita kuzatmagani va faqat videolarda ko‘rganini aytmoqda. Asosiy kuzatish ishlari futbolchimizning terma jamoalardagi ishtiroki orqali bo‘lgan.

“Lans” iyun oyida “Energetik-BGU”ga Husanovni so‘rab murojaat qildi. Manbalarga ko‘ra, “Manchester Siti” ham kelajakda bu futbolchini olish fikridan qaytgani yo‘q. Abduqodir Husanov birdaniga “katta sakrash” qilishni istamagan va faoliyatini bosqichma-bosqich rivojlantirish maqsadida “Lans” variantini tanladi.

“Lans” klubi Abduqodirni Fransiya chempionati boshlangunga qadar o‘z safiga qo‘shib olishni istadi. Shu bois, fransuzlar o‘yinchining “Energetik-BGU” bilan shartnomasi tugashini kutmasdan transferni amalga oshirdi. Tomonlar bu ishni 100 ming yevroga hal qildi.

Husanovning “Lans”dagi maoshi qancha bo‘lishi haqida aniq ma’lumot yo‘q. Yevropa futboli mutaxassislari fransuz klubi yosh o‘yinchiga har oy 15-20 ming yevro to‘lashi mumkinligini taxmin qilmoqda.


arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Husanov “Manchester Siti”ni ham qiziqtirib qo‘ydi...