Coca Cola Superligasining 16-turidan o‘rin olgan "Surxon" — "Turon" (1:0) uchrashuvidan so‘ng mehmonlar bosh murabbiyi Yorqin Nazarov matbuot anjumanida ishtirok etdi.
- O‘yin haqida
- Shogirdlarim bir-ikki o‘yinda g‘alaba qozongach, "Surxon"ni o‘yindan avval mag‘lub etdik, deb o‘ylashdi. Shu bois, birinchi bo‘limda ko‘ngildagidek o‘ynay olmadik. Ikkinchi bo‘limda esa o‘z o‘yinimizni ko‘rsata boshladik va vaziyatlar yaratdik. Ammo raqib darvozasini ishg‘ol qila olmadik. Yoshlar bilan ishlash yaxshi, biroq ularda barqarorlik yetishmaydi. Birinchi bo‘limda jamoani tanimadim. Ikkinchi bo‘lim nisbatan yaxshiroq o‘ynaganimizga qaramay, raqib darvozasini ishg‘ol qila olmadik. "Surxon"ni g‘alaba bilan tabriklaymiz.
- O‘tgan mavsum "Surxon"da faoliyat olib borgansiz. O‘sha jamoa bilan hozirgisi orasida qanday farq mavjud?
- Hozirgi "Surxon"da yoshlar yaxshi harakat qilishyapti. Qolaversa, murabbiylar ham yosh. O‘tgan yilgi jamoada ispaniyalik mutaxassislar ishlagandi. Ular bizning mentalitetga moslashgunga qadar ancha vaqt o‘tdi. Hozirgi jamoaning holati turnir jadvalida ham aks etib turibdi.
- "Turon"ning Superligada jon saqlab qolishidagi imkoniyatlarini qanday baholaysiz?
- Jamoada imkoniyat bor. Oxirigacha kurashamiz. Joriy yilgi maqsadimiz — chempionatda jon saqlab qolish.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!