date
views 460

Dunyoning eng qimmat o‘nta ligasida to‘rtta o‘zbek to‘p tepmoqda

Dunyoning eng qimmat o‘nta ligasida to‘rtta o‘zbek to‘p tepmoqda

Transfermarkt portali dunyoning eng qimmat o‘nta ligasini e’lon qildi. Reytingda o‘zgarish ro‘y berdi. Yevropaning mashhur futbolchilarini qimmat narxlarga sotib olayotgan Saudiya Arabistoni chempionati kuchli o‘nlikka qo‘shildi.

Saudiya Arabistoni ligasi iste’dodlarga boy bo‘lgan va Yevropaga futbolchi yetkazib berishda yetakchilardan bo‘lgan Niderlandiya chempionatidan o‘zib ketdi.

Eng qimmat futbol ligalarida o‘ynayotgan o‘zbekistonlik o‘yinchilar soni bugungi kunda to‘rt nafarni tashkil qilmoqda.

Xususan, Eldor Shomurodov umumiy reytingda uchinchi pog‘onada qayd etilgan Italiya A Seriyasida uch yildan buyon to‘p tepmoqda. Bu mavsum O‘zbekiston milliy terma jamoasi sardori yuqori divizion debyutanti “Kalyari” jamoasi sharafini himoya qiladi.

Beshinchi o‘rinda qayd etilgan Fransiya chempionatidagi birinchi o‘zbek futbolchisi sifatida tarixga nomini muhrlagan Abduqodir Husanov ham debyutiga tayyorlanmoqda.

19 yoshli markaziy himoyachi Fransiya vitse-chempioni – “Lans” safidan o‘rin olgan. Abduqodir bu mavsum Yevropa chempionlar ligasining guruh bosqichida qatnashadigan yagona o‘zbek futbolchisi bo‘ladi.

Yana ikki nafar legionerimiz Turkiya Superligasidan qo‘nim topgan. O‘zbekiston milliy terma jamoasi yetakchilaridan Otabek Shukurov “Fatih Karagyumryuk” jamoasi safida ikkinchi mavsumini o‘tkazmoqda.

Endi turk ligasiga Husniddin Aliqulov ham yo‘l oldi. Iste’dodli himoyachimiz “Rizespor” jamoasiga qo‘shildi va yangi chempionatda debyutini ham nishonlab ulgurdi.

Aslida bu ro‘yxatda beshinchi o‘yinchi sifatida Jaloliddin Masharipovni ham ko‘rsatishimiz mumkin edi. U “An-Nasr” safida ikki yildan beri to‘p tepib kelayotgan edi. Biroq, bir necha kun oldin hujumkor futbolchimiz Ar-Riyod klubi bilan amaldagi shartnomani bekor qildi.

Ligadagi futbolchilarning narxi bo‘yicha eng qimmat chempionatlari o‘nligi va summalar quyidagicha ko‘rinish oldi:

1. Angliya Premer-ligasi (20 ta jamoa) – € 10,48 mlrd.

2. Ispaniya La Ligasi (20 ta jamoa) – € 4,67 mlrd. 

3. Italiya A Seriyasi (20 ta jamoa) – € 4,52 mlrd.

4. Germaniya Bundesligasi (18 ta jamoa) – € 4,14 mlrd.

5. Fransiya Liga 1 (18 ta jamoa) – € 3,48 mlrd.

6. Braziliya chempionati (20 ta jamoa) – € 1,46 mlrd.

7. MLS (29 ta jamoa) – € 1,29 mlrd.

8. Portugaliya chempionati (18 ta jamoa) – € 1,24 mlrd.

9. Turkiya Superligasi (20 ta jamoa) – € 1,07 mlrd.

10. Saudiya Arabistoni chempionati (18 ta jamoa) – € 1,02 mlrd.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Dunyoning eng qimmat o‘nta ligasida to‘rtta o‘zbek to‘p tepmoqda