16:18 / 29.08.2023
853

Shomurodov terlashga ham ulgurmagan uchrashuvdan keyin Raneri nimalar dedi?

Shomurodov terlashga ham ulgurmagan uchrashuvdan keyin Raneri nimalar dedi?

Italiya A Seriyasining ikkinchi tur uchrashuvlari Sardiniyada mahalliy “Kalyari” va o‘tgan mavsum sovrindori “Inter” jamoalari o‘rtasidagi murosasiz bellashuv bilan yakunlandi.

Debyutant  maydonidagi o‘yin taqdirini milanliklar birinchi bo‘limdayoq hal qildi. Avvaliga 21-daqiqada Denzel Dyumfris hisobni ochgan bo‘lsa, to‘qqiz daqiqadan keyin Lautaro Martines hisobdagi farqni yiriklashtirdi.

Klaudio Raneri taktik o‘zgartirishlar kiritganidan keyin ikkinchi bo‘limda mezbonlar ancha ishonchli harakat qildi. Eldor Shomurodov maydonga 85-daqiqada tushirildi. O‘yin oxirida legionerimiz jamoadoshi Paulo Atssini qulay pozitsiyaga chiqardi. Biroq, berilgan zarbani “Inter” posboni bartaraf etdi.

O‘yin 2:0 hisobida milanliklar g‘alabasi bilan yakunlandi. Klaudio Raneri matbuot anjumanida quyidagi fikrlarni aytib o‘tdi.

O‘yin haqida

“Inter” birinchi va ikkinchi gol urilgan vaziyatlarda juda yaxshi o‘ynadi. Raqib bosimni oshirib bordi. Ikkinchi bo‘limda biz o‘zimizni yig‘ishtirib oldik va “Inter”ga muammo tug‘dirishga harakat qildik. Uchrashuv qiyin bo‘lishini oldindan bilardik va biz raqib harakatlariga yetarlicha qarshilik ko‘rsata olmadik.

Chempionat starti haqida

Men dastlabki sakkizta o‘yinimiz juda qiyin o‘tishini inobatga olganman. Chempionat startida hamma narsa yuklamalarni va bosimni qay darajada ko‘tara olishingizga bog‘liq bo‘ladi. “Inter” o‘zini juda yaxshi his qilyapti. Men esa o‘z jamoamga turtki berishga urinyapman. Bu gal hech narsa qila olmadik.

“Kalyari” haqida

Aslida men o‘z jamoamdan qoniqyapman. “Inter” kabi jamoalar qanday o‘ynash kerakligini tushunib yetishimizga sababchi bo‘ladi. Birinchi bo‘limda tarkibimizda tajribali o‘yinchilar bo‘lsa ham, ularga qarshilik ko‘rsata olmadik. Bellashuvning ikkinchi qismida biz yaxshiroq o‘ynadik. Demak, hozirgi vaziyatdan chiqib keta olamiz.

Jamoadan ketishi haqida

Saudiya Arabistoniga ketgan bo‘larmidim? To‘g‘risini aytsam, u yerga bormasdim. Futbolda faqat pul muhim emas. “Kalyari” klublar miqyosidagi faoliyatimda oxirigi ish joyim bo‘ladi. Balki o‘zimga yoqqan terma jamoa bo‘lsa, keyinchalik xalqaro miqyosda murabbiylik qilishim mumkin.

Maqsadi haqida

Endi oldimizdagi vazifa haqida bosh qotirishimiz kerak. Bu mavsum yuqori diviziondagi joyimizni saqlab qolib, klub rahbariyati va ajoyib muxlislarimiz ishonchini qozonishimiz talab etiladi. Bu yo‘nalishda har kuni ishlashni yo‘lga qo‘yib olganmiz.

Muxlislarga jamoamiz yoqadi. Futbolchilar ham maqsadga yetish uchun borini beryapti. Biz mentalitetimizni to‘g‘ri shakllantirishimiz lozim. Biz mag‘lub bo‘lishimiz mumkin, lekin hech qachon taslim bo‘lmaymiz, kurashdan to‘xtamaymiz.


arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Shomurodov terlashga ham ulgurmagan uchrashuvdan keyin Raneri nimalar dedi?