date

Raneri Italiya termasini boshqarishga tayyorligini bildirdi

Italiyalik tajribali mutaxassis Klaudio Raneri milliy terma jamoa bosh murabbiyligiga tayyor ekanini ma’lum qildi. Sky Sports nashri xabar berishicha, 74 yoshli murabbiy agar Italiya termasidan taklif tushsa, uni ko‘rib chiqishga tayyorligini ochiq aytgan.

Raneri avvalroq ham Italiya milliy jamoasini boshqarish imkoniyati bo‘lganini esladi. Biroq o‘sha vaqtda u “Roma”da faoliyat yuritgan va bir vaqtning o‘zida ikki muhim vazifani bajarish imkoni yo‘qligini ta’kidlagan.

“Men avval Italiya terma jamoasini boshqarish taklifiga “yo‘q” degandim, chunki “Roma”da ishlardim va ikki lavozimni bir vaqtda egallash imkoni yo‘q edi. Hozir esa erkinman, shuning uchun taklif bo‘lsa, nega rozi bo‘lmasligim kerak? Mamlakating chaqirsa, “ha” deysan-da”, — dedi Raneri.

Ma’lumot uchun, Klaudio Raneri aprel oyi oxirida “Roma” rahbariyati maslahatchisi lavozimini tark etgan. Aytilishicha, bunga bosh murabbiy Jan Pero Gasperini bilan kelishmovchilik yuzaga kelgani sabab bo‘lgan. Shu tariqa, italiyalik mutaxassis ayni paytda erkin va yangi chaqiriqqa tayyor holatda turibdi.

Raneri jahon futbolida katta tajribaga ega murabbiylardan biri hisoblanadi. U faoliyati davomida “Roma”, “Kalyari”, “Uotford”, “Sampdoriya”, “Chelsi”, “Atletiko”, “Fiorentina”, “Napoli”, “Fulxem”, “Nant”, “Lester”, “Monako”, “Inter”, “Yuventus”, “Parma”, “Valensiya” kabi klublar, shuningdek, Gretsiya milliy terma jamoasini boshqargan.

Mutaxassisning eng katta yutuqlaridan biri, albatta, “Lester” bilan Angliya Premer-ligasida chempionlikka erishgani hisoblanadi. Bu voqea futbol tarixidagi eng katta sensatsiyalardan biri sifatida haligacha eslab kelinadi. Raneri ana shunday tajriba, sabr va jamoani ruhlantira olish qobiliyati bilan tanilgan.

O‘zbekiston muxlislari uchun ham Raneri nomi begona emas. Milliy terma jamoamiz sardori va eng yaxshi to‘purari Eldor Shomurodov Italiyadagi faoliyati davomida aynan Klaudio Raneri qo‘l ostida “Kalyari” va “Roma” jamoalarida to‘p surgan. E’tiborlisi, Raneri bilan ishlagan davrlarda Eldor jamoada muhim futbolchi maqomiga ko‘tarila olgan.

Bu jihat mutaxassisning futbolchilar bilan ishlash, ularga ishonch berish va kerakli paytda to‘g‘ri rol topib berish borasidagi tajribasini ko‘rsatadi. Raneri odatda jamoaga tartib, intizom va ruhiy barqarorlik olib kiradigan murabbiylardan sanaladi.

Italiya milliy terma jamoasi esa ayni paytda murakkab davrni boshdan kechirmoqda. Jamoa 2026 yilgi Jahon chempionatiga chiqa olmadi. Pley-offda Bosniya va Gersegovinaga qarshi mag‘lubiyatdan so‘ng bosh murabbiy Jennaro Gattuzo iste’foga chiqarildi.

Italiya jahon futbolida eng katta tarixga ega terma jamoalardan biri hisoblanadi. Biroq “skuadra adzurra” qatorasiga ikkinchi marta mundialdan chetda qolmoqda. Jahon chempioni bo‘lgan kam sonli termalardan biri uchun bu juda og‘ir zarba va katta inqiroz belgisi.

Shunday vaziyatda Raneri kabi tajribali, bosimni ko‘rgan va turli muhitlarda ishlagan mutaxassisning nomzodi Italiya uchun qiziq variant bo‘lishi mumkin. U terma jamoani qayta qurish, futbolchilarga ishonch berish va milliy g‘ururni tiklash vazifasini o‘z zimmasiga olishga tayyor ko‘rinmoqda.

Endi asosiy savol Italiya futbol federatsiyasi qanday qaror qabul qilishida. Raneri esa o‘z pozitsiyasini aniq bildirdi: agar mamlakat chaqirsa, u “ha” deyishga tayyor. Bu esa tajribali murabbiyning futbolga va Italiya termasiga bo‘lgan munosabatini yana bir bor ko‘rsatadi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Sport » Raneri Italiya termasini boshqarishga tayyorligini bildirdi