“Kalyari” 17 sentyabr kuni A Seriyaning to‘rtinchi turida o‘z maydonida “Udineze” futbolchilarini qabul qiladi. Klaudio Raneri jamoasi dastlabki uchta o‘yinning barchasida ochko yo‘qotdi. Sardiniyaliklar atigi bir ochko bilan autsayderlar qatoridan joy olgan.
“Kalyari” bosh murabbiyi Klaudio Raneri bo‘lajak o‘yin oldidan jurnalistlarning savollariga javob berdi.
- Transfer bozoridan qoniqdingizmi?
- Menga qaysi futbolchilarni tavsiya qilishgan bo‘lsa, ularning transferlarini o‘zim tasdiqladim. Tabiiyki, menga hech kim Kilian Mbappeni olishni taklif qilgani yo‘q. Lekin olingan o‘yinchilarning bari munosib futbolchilar. Hammamiz bir yoqadan bosh chiqarib o‘ynashimiz kerak. Men futbolchilarimni mag‘lub holda ko‘rishni istamayman.
- Ranerining “Kalyari”sini qachon ko‘ramiz?
- Tez orada, deb umid qilaman. Tezroq uyg‘onishimiz kerak, A Seriya bizni kutib o‘tirmaydi. Ochko jamg‘arish shart.
- “Kalyari”ga yana kim kerak? “Udineze”dan nima kutyapsiz?
- “Kalyari”da yaxshi pleymeykerga ehtiyoj bor. Safimizda ana shunday o‘yinchi bor. Uni maydonga tushiraman. Bizni jismonan baquvvat raqib kutyapti. “Udineze” A Seriyada 35-36 yildan beri o‘ynayapti.
- Prati qachon o‘ynaydi?
- Hali o‘ynamagan ko‘p o‘yinchilarimiz bor. Ertami kechmi ularning hammasini maydonga tushiramiz.
- O‘ng qanotda kamchiliklar ko‘zga tashlandi. Nimanidir o‘zgartirishni rejalashtirganmisiz?
- Men hamma narsani sinchkovlik bilan baholashga harakat qilaman. Dossenaga u yo‘l qo‘ygan xatolar aks etgan bir necha videolarni ko‘rsatdim. Hali o‘yin sxemasini ko‘rib chiqamiz. Hozircha, yakuniy qarorga kelganim yo‘q.
- Makumbu va Sulemana himoyalanishda xato qilyapti...
- Himoya chizig‘imiz yaxshi shakllangan. Bizda raqibdan to‘pni olib qo‘ya oladigan ikki o‘yinchi bor. Biroq ular paslarni o‘tkazib yuboryapti. Bu borada o‘z o‘yinlarini yaxshilashlari talab etiladi.
- Mankosuni o‘ynatsangiz bo‘lmaydimi?
- U jarohatdan qutildi va hafta davomida umumiy guruhda shug‘ullandi. Lekin u hali to‘liq tayyor emas. Shunga qaramay, uni yaxshi futbolchi, deb bilaman va undan foydalanishim mumkin.
- Tanaffusdan keyin terma jamoa o‘yinchilarini qay holatda qabul qilib oldingiz?
- Shomurodov va Nandes kabi terma jamoaga ketgan futbolchilar qo‘shimcha ishtiyoq va kuch-quvvatga to‘lib qaytdi. Prati va Oristanio haqida ham xuddi shu gapni aytishim mumkin. Hammasi o‘zini ko‘rsatish istagida.
- Hujumda kim o‘ynaydi?
- Petanya hafta davomida davolandi. Men uning o‘zi va tibbiyot xodimlari bilan nima qilishni gaplashib ko‘raman. Pavoletti to‘liq tuzaldi. Kim o‘ynashini hali hal qilganim yo‘q.
- “Bolonya”dan uchralgan mag‘lubiyat sababi nima?
- Biz birinchi bo‘lib to‘p kiritdik. Lekin shiddatli harakat qila olmadik. Vaqtni hakam bilan tortishishga sarfladik. E’tiborsizlik tufayli xatolarga yo‘q qo‘ydik. Bu haqda yigitlarga ham aytdim.
- “Bolonya” bilan uchrashuvda qo‘pol xatoga yo‘l qo‘ygan Radunovich yana darvozani o‘zi qo‘riqlaydimi?
- O‘tgan mavsumda u juda ishonchli o‘ynadi va bizni A Seriyaga olib chiqdi. Hamma darvozabon ham xato qiladi, eng zo‘rlari esa, kamchiliklarni bartaraf etishni biladi. Radunovichga xatosini to‘g‘rilash imkonini berishim to‘g‘ri bo‘ladi.
- O‘yin qanchalar muhim? Terma jamoadan kelganlarning ahvoli qanday?
- Biz uchun har bir uchrashuv muhim. “Udineze”ga ham hurmat bilan munosabatda bo‘lishimiz kerak. Eldor Shomurodov va Naytan Nandes sog‘-salomat va jamoaga yordam berishga tayyor.
A Seriyaning to‘rtinchi turidan o‘rin olgan “Kalyari” va “Udineze” o‘rtasidagi uchrashuv 17 sentyabr kuni Toshkent vaqti bilan soat 15:30 da boshlanadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!