11:12 / 15.10.2023
166

"Superliga - yangi daraja, hozirgi tarkibni kuchaytirishga to‘g‘ri keladi" - Abramov

"Superliga - yangi daraja, hozirgi tarkibni kuchaytirishga to‘g‘ri keladi" - Abramov

Pro liga 21-turi doirasida «Dinamo» «G‘ijduvon»ni yirik hisobda (4:0) mag‘lub etib, muddatdan avval Superliga yo‘llanmasiga ega chiqdi. O‘yindan keyingi matbuot anjumanida Vadim Abramov jurnalistlar savollariga javob qaytardi.

- Avvalambor, butun Samarqand ahlini bugungi g‘alaba va Superliga yo‘llanmasi bilan tabriklayman. Ha, «Dinamo» Oliy divizionga birinchi marta qaytayotgani yo‘q, ammo bu safar kamida uzoq muddatga Superligada mustahkam o‘rin olishini xohlardim. Endigi maqsadimiz ham kelasi mavsum ligada qolish emas, chiqqanga yarasha jiddiy vazifalarni ko‘zlashimiz lozim. Shu o‘rinda, har qanday ob-havo bo‘lishiga qaramay, stadionga kelib, bizni qo‘llab-quvvatlab turgan muxlislarga rahmat.

Hali biz uchun mavsum tugamadi, muhim bahs arafasida turibmiz. O‘zbekiston kubogi yarim finali doirasida «Nasaf»ga qarshi maydonga tushamiz, ertadan bu o‘yinga tayyorlanamiz.

- Siz ilk marta Pro ligada ishlab ko‘rdingiz, ayting-chi, bu turnirda ishlash nimasi bilan qiyin bo‘ldi?

- Oson musobaqaning o‘zi yo‘q. Pro liganing ham o‘ziga xos qiyinchiliklari bor. Bu avvalo taqvim bilan bog‘liq. Chunki har doim katta tanaffus bo‘lib qoladi, o‘yinchilarni esa bir maromda ushlab turish qiyin. Aytaylik, avgustda biz 8 ta o‘yin o‘tkazdik, keyin esa yana katta tanaffuslar yuzaga keldi. Asosiysi, vazifani uddaladik, hamma joyda ham qiyinchilik bor. Yigitlarga rahmat deyman.

- Superliga va Pro liga o‘rtasida qanday farqlarni ko‘rdingiz?

- Katta farqni ko‘rmadim. Birgina muammo – taqvimda. Bu yil kubok doirasida Superliga jamoalariga ham qarshi o‘ynadik, ko‘rdingiz, farq katta emasdi.

- Payshanba kuni «Nasaf»ga qarshi yarim final kutib turibdi. Tarkibda muammolar bo‘lmaydimi? Jamoa to‘purari Kojo o‘yingacha safga qaytadimi?

- Kojo Qirg‘iziston milliy jamoasi safidan qanday holatda qaytishini ko‘ramiz. «Nasaf»ga qarshi o‘yinda yordam bera olsa, yaxshi, aks holda boshqa variantlarni ko‘rib chiqamiz.

- Bugun Ro‘ziqul Berdiyev «Dinamo»ning o‘yinini stadiondan kuzatdi. Bu borada siz ham «Nasaf»ni o‘rganishga ulgurdingizmi?

- Men ham ularning o‘yinini kuzatib keldim. «Nasaf» Chempionlar ligasidagi g‘alabadan keyin g‘alabali yurishini davom ettirmoqda. Raqiblarimiz o‘z uyida o‘ynashadi, qolaversa, «Nasaf» kubokning amaldagi g‘olibi sifatida ham yarim final favoriti ekaniga shubha yo‘q. Ammo futbolda hamma narsa ro‘y berishi mumkin, ayniqsa bir o‘yinlik bahsda. Biz ham harakat qilamiz.

- Keyingi mavsumdagi tarkib borasida ham qandaydir xulosalar qilishga ulgurdingizmi?

- Superliga – yangi daraja, hozirgi tarkibni kuchaytirishga to‘g‘ri keladi. Har bir pozitsiya raqobatbardosh bo‘lishi lozim. Hozirdan taxminlar qilishga erta, mavsum yakunlangach bu borada aniqroq xulosalar qilish mumkin, - deydi Vadim Karlenovich.

“Dinamo” matbuot xizmati.


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » "Superliga - yangi daraja, hozirgi tarkibni kuchaytirishga to‘g‘ri keladi" - Abramov