Rossiya Premer-ligasining 12-turidan o‘rin olgan “Rubin” va TsSKA o‘rtasidagi bahs o‘zbekistonlik muxlislardan aksariyatining e’tiborini qozondi.
Chunki O‘zbekiston milliy terma jamoasiga nomzod futbolchilardan uch nafari mana shu ikki jamoa o‘yinchisi hisoblanadi. Umarali Rahmonaliev va Rustam Ashurmatov joriy yil boshidan beri Qozon klubi sharafini himoya qilib kelmoqda. Abbosbek Fayzullaev esa, avgustda TsSKA safiga qo‘shildi va qisqa fursatda “armiyachilar”ning etakchisiga aylandi.
Bu uchrashuvda “o‘zbek derbisi”ni ko‘ra olmadik. Moskvaliklar bosh murabbiyi Vladimir Fedotov Fayzullaevni to‘liq o‘ynatgan bo‘lsa, mezbonlar ustozi Rashid Rahimov o‘zbekistonlik legionerilarini maydonga tushirmadi.
Uchrashuvda TsSKA tashkil qilgan vaziyatlarning eng xavflisi Abbosbek Fayzullaev ishtirokida bo‘ldi. Dastlab, bellashuvning 18-daqiqasida “Rubin” jarima maydonchasida yuzaga kelgan vaziyatda legionerimiz kuchli zarba berdi. Mezbonlarning omadi kelib, to‘p darvoza ustiniga tegib qaytdi.
Ikkinchi vaziyatda to‘p darvoza to‘ridan joy oldi. Fayzullaev qiyin holatda turganiga qaramay, jamoadoshi etkazib bergan to‘pni raqib darvozasiga aniq joyladi. Biroq hujum chog‘ida o‘yindan tashqari holat qayd etilgani bois, Abbosning goli inobatga olinmadi.
So‘nggi daqiqalargacha kurash qizg‘in kechgan bellashuvda hisob ochilmadi va tomonlar bittadan ochkoni bo‘lishib oldi.
O‘yindan keyin ushbu uchrashuvning eng yaxshi futbolchisi, deb topilgan Abbosbek Fayzullaev o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.
— Bugun g‘alaba qozonishni istagan edik. Lekin vaziyatlardan unumli foydalanishimizga nimadir etishmadi.
Bizda gol urishimiz uchun uchta qulay vaziyat bo‘ldi, biroq gol urishni uddalay olmadik.
Endi ana shunday imkoniyatlardan foydalanishni uchun yana o‘z ustimizda ishlashni davom ettiramiz. G‘alaba qozonish uchun gol urish kerak.
Durang natijalar seriyasiga nima sabab bo‘layotganini bilmayman, mehnat qilishda davom etish shart, - dedi Abbosbek Fayzullaev.
“Paxtakor” tarbiyalanuvchisi bo‘lgan Abbosbek Fayzullaev avgust oyida TsSKAga ko‘chib o‘tgan edi. Oradan bir oy o‘tib, “armiyachilar”ning hujumlarini tashkil etadigan asosiy figuraga aylandi. Sermahsul o‘yini tufayli Fayzullaev oxirgi ikki oyda to‘rtta individual sovringa ega chiqdi.
20 yoshli futbolchimiz TsSKAning sentyabr oyidagi eng yaxshi futbolchisi bo‘ldi. Bundan tashqari, “Krilya Sovetov”, “Spartak” va “Rubin” bilan bo‘lgan uchrashuvlarda ham eng yaxshi futbolchiga atalgan sovringa ega chiqdi.
Yuqori o‘rinlar uchun kurashayotgan TsSKA Rossiya Premer-ligasidagi navbatdagi uchrashuvini 29 oktyabr kuni o‘z maydonida chempionat peshqadami “Krasnodar”ga qarshi o‘tkazadi.
“Zamin” yangiliklarini “Twitter”da kuzatib boring