Rossiya Premer-ligasining 13-turida SSKA futbolchilari o‘z maydonida turnir jadvalida birinchi o‘rinda borayotgan “Krasnodar” futbolchilarini mag‘lubiyatga uchratdi.
Muhim uchrashuvda “armiyachilar”hujumchisi Fyodor Chalov kiritgan yagona golga Abbosbek Fayzullayev super pas uzatdi.
Ayni paytda rossiyalik ekspertlar, murabbiylar, futbol jamoatchiligi vakillari “Krasnodar”ning mag‘lubiyatsiz seriyasiga chek qo‘yilgan uchrashuv va unda faol o‘ynagan futbolchilar haqida o‘z fikr mulohazalarini bildirmoqda.
Rossiyada xizmat ko‘rsatgan murabbiy Valeriy Nepomnyashiy o‘yin borasida fikr bildirar ekan Abbosbek Fayzullayevning kelajagani oid qarashlarini ham aytib o‘tdi.
- “Armiyachilar” bor muammolarga qaramasdan, hujum chizig‘ida barqaror va juda ishonchli o‘yin namoyish etmoqda. Bosh murabbiy Vladimir Fedotov tarkib to‘liq shakllanmagan holatda ham barqaror o‘ynash mumkinligini ko‘rsatyapti.
Bu bellashuvning ikkinchi bo‘limida “Krasnodar” futbolchilarida hisobni tenglashtirish uchun ko‘p imkoniyat bo‘ldi. Lekin shu kuni omad SSKA tomonida edi, - dedi Valeriy Nepomnyashiy.
O‘zbek futboliga begona bo‘lmagan mutaxassis keyingi paytda SSKA yetakchilaridan biriga aylangan va hujumlarni tashkil etishda jonbozlik ko‘rsatayotgan Abbosbek Fayzullayev haqida ham fikr bildirdi.
Eslatib o‘tamiz, Valeriy Nepomnyashiy 2006 yilda “Paxtakor” va O‘zbekiston milliy terma jamoasiga bosh murabbiy bo‘lgan. Shu bois, tajribali mutaxassis o‘zbek futbolini yaqindan biladi.
- Abbosbek Fayzullayev qishda SSKAni tark etishi mumkin. Tabiiyki, faoliyatida ko‘tarilish bo‘ladi. Uning Yevropaga ketish ehtimoli katta. Chunki Fayzullayev “armiyachilar” safida juda yaxshi va yuqori saviyada o‘ynayapti.
Muhim jihati shuki, o‘zbek legioneriga sanksiya cheklovlari ta’sir qilmaydi va uning transferini rasmiylashtirishda hech qanday muammo bo‘lmaydi, - dedi Valeriy Nepomnyashiy.
Ta’kidlash joizki, anchadan beri Turkiyaning “Fenerbahche” klubi Fayzullayevga jiddiy qiziqish bildirayotgani va qishki transferlar vaqtida uni o‘z safiga qo‘shib olishga urinishi haqida xabarlar tarqatilmoqda. Bundan tashqari, turk klubi mutasaddilari o‘tgan oy Xitoyda tashkil etilgan O‘zbekiston va Vetnam terma jamoalarining o‘rtoqlik uchrashuvida Abbosning o‘yinini kuzatgani haqida ham ma’lumotlar bor.
Abbosbek Fayzullayevning o‘zi ham kelajakda kuchli ligalarda o‘ynash istagida ekanini ochiq aytgan. Hujumkor futbolchimiz “Barselona” muxlisi hisoblanadi va kelajakda “Kamp Nou”da o‘ynashni orzu qilyapti.
“Zamin” yangiliklarini “Instagram”da kuzatib boring