Kecha Jahon chempionati saralashi 1-turidan o‘rin olgan Turkmaniston - O‘zbekiston uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Unda hamyurtlarimiz 3:1 hisobida g‘alaba qozondi.
Birinchi bo‘lim yakunida Turkmaniston terma jamoasining 4-raqamli futbolchisi Meylis Durdiyev darvozamizning yaqin burchagini aniq nishonga olib hisobni ochdi.
Ikkinchi bo‘limda vakillarimz ketma-ket hujum uyushtirdi. 57-daqiqada termamiz sardori Eldor Shomurodovning uzatmasidan so‘ng Otabek Shukurov o‘yinda muvozanatni tiklagan bo‘lsa, 77-daqiqada Shukurov dublni rasmiylashtirdi. Bu golga ham Shomurodov assistentlik qildi. Uchrashuv so‘ngida Shukurovning super pasidan keyin Shomurodov ham raqib darvozasini ishg‘ol qildi - 1:3.
Bellashuvdan so‘ng terma jamoamiz bosh murabbiyi Srechko Katanes hamda Otabek Shukurov matbuot anjumanida ishtirok etdi. Quyida yarim himoyachimizning fikrlari bilan tanishib chiqishingiz mumkin:
- G‘alaba qozonganimizdan xursandmiz. Biz xarakter ko‘rsatdik. Murabbiyimiz aytganidek, oxirgi ikkita mundial saralashining 1-turida sun’iy maydonda to‘p tepib, mag‘lub bo‘lganmiz. Bugun ham ilk taymda mag‘lub bo‘la turib, yakunda g‘alaba qozonganimiz xarakter bilan bog‘liq. Shu faktor tufayli 3 ochkoni qo‘lga kiritdik.
- Futbolchi sifatida gapirsam, bunaqa maydonda futbol o‘ynab bo‘lmaydi. Shuningdek, bu futbolchini sog‘ligi uchun ham xavfli. Qaysi tashkilot bo‘lsa ham o‘yinchilarning sog‘ligini o‘ylashi lozim. To‘g‘ri, sharoit qanday bo‘lishidan qat’i nazar, bu yerda vatan sha’ni turgandi. Shunday bo‘lsa ham tabiiy maydonda hamma maza qilib futbol o‘ynardi. Biroq bugun (o‘yin kuni aytilgan fikr) futbol o‘ynamadik.
“Zamin” yangiliklarini “Facebook”da kuzatib boring