Ertaga O‘zbekiston terma jamoasi jahon chempionati saralashi doirasida Eronga qarshi maydonga tushadi. Ushbu bellashuv oldidan eronliklar yordamchi murabbiyi matbuot anjumanida ishtirok etdi va o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
Murabbiy: - Xayrli kun barchaga! Bugun matbuot anjumanida bosh murabbiyimiz Amir Galenoi ishtirok eta olmadi. Chunki u betob bo‘lib qoldi. O‘zbekiston haqida gapiradigan bo‘lsam, ular ajoyib jamoa. Shakllangan terma va bu bahs bizga albatta oson bo‘lmaydi.
Futbolchi: - Assalomu alaykum hammaga. Birinchi o‘yinimiz Gongkong bilan kechdi. Garchi yirik hisobda g‘alaba qozongan bo‘lsakda, o‘yin bizga qiyinchiliklar tug‘dira oldi. Ertangi bellashuvda ham oson o‘tmasligini bilsakda, g‘alaba uchun bor kuchimizni ishga solamiz.
Murabbiy: - O‘zbekiston - Osiyodagi eng yaxshi futbol namoyish etadigan jamoalardan biri. Katanetsning o‘yin uslubi haqida ma’lumotlar bilan tanishib chiqdik. Mutaxassis tajribali va o‘z ishini yaxshi biladi, shunga qaramay, biz uchun o‘yin ijobiy natija bilan yakun topadi.
Eron doim ikkinchi jamoa sifatida o‘ynaydi, degan fikrga qo‘shilmayman. Biz oxirgi bahslarda ko‘plab gollar urmoqdamiz, total futbol namoyish etmoqdamiz. Biz nafaqat hujum, balki himoyada ham kuchli o‘yin namoyish etishimiz bilan boshqalardan ajralib turamiz.
Futbolchi: - Men Eldor Shomurodov bilan bir jamoada to‘p tepish baxtiga muyassar bo‘ldim. Unga nisbatan hurmatim baland, Eldor juda katta tajribaga ega. Shu sabab u nafaqat o‘z yurtida, balki butun Osiyoda o‘z nomiga ega bo‘lgan futbolchi.
Murabbiy: - Ertaga bosh murabbiy o‘yinda jamoamizni boshlab tushadi. Bu borada muammo yo‘q. U faqat bugungi matbuot anjumanida ishtirok eta olmaydi, xolos.
Jahonbahshning jarohati biz uchun ahamiyatli ekani haqiqat. Biroq usiz ham biz rejalar tuza olamiz va bu bizga katta salbiy ta’sir o‘tkazmaydi, deb umid qilaman.
Futbolchi: - Biz futbolchilar maydonda faqat g‘alaba uchun maydonga tushamiz. Raqibga qarshi jang qilish uchun saf tortamiz. O‘zbekiston jamoalari yoki futbolchilari haqida gapiradigan bo‘lsak, ularga nisbatan hurmat bilan yondashamiz. Yirik mag‘lubiyatlar futbolda uchrab turadigan holat, bu alohida e’tibor qaratishga arzimaydi.
Murabbiy: - O‘zbekistonda yuqori saviyadagi futbolchilar yetarli. Ularning natijalari ham yildan-yilga yaxshilanib bormoqda. Bu mag‘lubiyat darajani ko‘rsatib beradi, deb hisoblamayman.
“Zamin” yangiliklarini “Vkontakti”da kuzatib boring