O‘zbekiston terma jamoasi sobiq sardori, "Olimpik" murabbiyi Server Jeparov Eron bilan o‘yindan avval o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
"Eron haqiqatdan ham kuchli jamoa. Tarkibida saralangan futbolchilar jamlangan. Ular bilan tezkor futbol o‘ynab, kamroq xato qilishimiz kerak. Eron bilan doim nimadir yetishmaydi. Lekin yutgan paytlarimiz ham bo‘lgan. 2012 yil Tehronda Eronni mag‘lubiyatga uchrata olganmiz. Ahil jamoa bo‘lgandik. Imkoniyatdan foydalanganmiz. Himoyada kamroq xatoga yo‘l qo‘yganmiz. Xuddi shu kabi ertaga ham mudofaa chizig‘ida tartibli o‘ynashimiz zarur.
Eron asosiy e’tiborni standart vaziyatlarga qaratadi. Burchak zarbalari, jarima to‘plarida juda ehtiyot bo‘lish talab qilinadi. Bu - futbol. Unda oldindan hech narsa deb bo‘lmaydi. Lekin o‘yinga yaxshi tayyorlangan, funksional, taktik tomonlama yetarlicha hozirlik ko‘rgan jamoa natijaga erishadi. O‘zbekiston terma jamoasiga omad tilayman. Jahon chempionatiga chiqishini tilab qolaman", - deydi Server Jeparov.
“Zamin” yangiliklarini “Youtube”da kuzatib boring