FIFA kunlari munosabati bilan milliy ligalarda e’lon qilingan qisqa muddatli tanaffus yakunlandi. O‘z mamlakatlari terma jamoalariga taklif qilingan futbolchilar sekin-asta o‘z klublariga qaytmoqda.
A Seriya debyutanti “Kalyari” 13-turda o‘z maydonida “Monsa”ni qabul qiladi. Klaudio Raneri jamoasini xavfli hududdan olib chiqishga urinyapti va bo‘lajak uchrashuvda sardiniyaliklar faqat g‘alaba uchun to‘p tepadi.
“Kalyari”dan terma jamoalarga chaqirtirilgan futbolchilarning ko‘pligi murabbiylar shtabiga jamoani muhim o‘yinga tayyorlashda ancha pand berdi. Grand klublardan farqli o‘laroq, Raneri qo‘l ostida yuqori saviyali o‘yinchilar soni ancha chegaralangan.
“Monsa”ga qarshi bo‘ladigan bahs oldidan sardiniyaliklar uch nafar asosiy o‘yinchilari xizmatidan foydalana olmaydi. Urugvay terma jamoasi a’zosi Naytan Nandes va Italiya yoshlar terma jamoasi vakili Alessandro Di Pardo jarohati tufayli jamoasiga yordam berolmasligi aniq bo‘lib ulgurdi.
Shuningdek, Gaetano Oristanio ham shikastlangan va umumiy guruh mashg‘ulotlarida qatnashmasdan, o‘zi alohida shug‘ullandi. Mutaxassislar “Inter”ga tegishli o‘yinchi zaxiraga kiritilishi mumkinligini ta’kidlayapti.
Ma’lumotlarga qaraganda, terma jamoaga ketgan o‘yinchilarning aksariyati, xususan, Antuan Makumbu, Adam Obert, Pantelis Xatsidiakos, Mateush Viteska va Matteo Prati “Kalyari” ixtiyoriga qaytgan.
Biroq, tajribali hujumchilardan uch nafari – Zito Luvumbo, Janluka Lapadula va Eldor Shomurodov Italiyadan juda olislab ketgani uchun eng kech qaytadi.
- Janluka Lapadula o‘ynagan Peru terma jamoasi Boliviyadan mag‘lubiyatga uchradi va Venesuela bilan durang qayd etdi. Klaudio Ranerida uzoq masofa bosib keladigan 33 yoshli hujumchining jismoniy holatini baholashi uchun shanba kuni bo‘ladigan yakuniy mashg‘ulot bor xolos, - deb yozmoqda italiyalik jurnalist Paola Paskalis.
Sardiniyaga oxiri yetib boradigan o‘yinchi Eldor Shomurodov hisoblanadi. Legionerimiz ham faqatgina shanba kuni bo‘ladigan mashg‘ulotda qatnasha oladi. Mutaxassislar Eldor sport formasini tiklab olganini e’tirof etmoqda.
28 yoshli hujumchi 2026 yilgi jahon chempionatining saralash turnirida Turkmaniston va Eronga qarshi bahslarni juda yaxshi o‘tkazdi. Ikki o‘yinda Eldor bitta gol va uchta assist qayd etdi. Terma jamoamizning beshta golida ishtirok etdi.
Albatta, Shomurodovning natijalarini murabbiylar shtabi vakillari Klaudio Raneriga yetkazgan. Qolaversa, Eldor terma jamoaga qo‘shilishdan oldin A Seriyada “Yuventus” bilan bo‘lgan uchrashuvda ham juda faol o‘ynagan edi.
- Bosh murabbiy Klaudio Raneri barcha o‘yinchilar kelishini intizorlik bilan kutyapti. O‘z mamlakati oldidagi burchini bajarish uchun ketganlar orasida Eldor Shomurodov ham bor. O‘zbek futbolchisi Turkmaniston va Eron terma jamoalariga qarshi o‘tkazilgan uchrashuvlarda sport formasini tiklab olganini namoyish qildi, - deb yozdi www.cagliarinews24.com sayti jurnalisti Lorenso Shirru.
“Kalyari” va “Monsa” o‘rtasidagi uchrashuv 26 noyabr kuni Toshkent vaqti bilan 16:30 da boshlanadi.
“Zamin” yangiliklarini “Twitter”da kuzatib boring