O‘zbekiston U-17 terma jamoasi darvozaboni Muhammadyusuf Sobirov Fransiyaga qarshi uchrashuv oldidan o‘z fikrlarini bildirdi.
— Fransiyaga qarshi o‘yin haqida...
— Ertangi uchrashuvga tayyormiz. Barcha jamoadoshlarim Angliyaga qarshi uchrashuvdagi kabi birdam bo‘lib, ertangi bahsni o‘z foydamizga hal qilish niyatidamiz. Xudo xohlasa, yarim final yo‘llanmasiga ega chiqib, yangi tarix yozishni maqsad qilyapmiz.
— Tiklanish jarayoni haqida...
— Murabbiylarimiz Angliya qarshi o‘yin tugashi bilanoq tiklanish jarayonini boshlab yuborishgandi. G‘alaba qozonganimiz yaxshi, lekin shu bilan berilib, keyingi o‘yinga tayyorgarlikni unutmaslik kerakligini tushuntirishdi. Qisqa muddatda bosqichma-bosqich tiklanish mashqlari ustida ishlab bordik. Barcha jamoadoshlarim ertangi uchrashuvga tayyor.
— O‘yin penaltilar seriyasiga borishi mumkinmi va shaxsan o‘zingiz ham tayyorgarlik ko‘ryapsizmi?
— Futbolda hamma narsa bo‘lishi mumkin. Biz har qanday holatga ham tayyorgarlik ko‘ryapmiz.
— Murabbiyning ko‘rsatmalari haqida...
— Mashg‘ulotlar davomida bosh murabbiyimiz qo‘l ostida shug‘ullanyapmiz. Ertaga tribunada bo‘lsa ham bevosita o‘yinda ishtirok etadilar. Shu sababli bu bizga u qadar katta muammo tug‘dirmaydi, deb o‘ylayman. Xudo xohlasa, ertaga o‘yinda g‘alaba qozonib, Jamoliddin akani ham xursand qilmoqchimiz. Shu fursatdan foydalanib bizni qo‘llab-quvvatlab turgan barcha Vatandoshlarimizga rahmat aytmoqchiman.
“Zamin” yangiliklarini “Twitter”da kuzatib boring