"Nasaf" hamda "Al Faysali" o‘rtasida o‘tkazilgan OCHL guruh bosqichining 5-tur o‘yinidan (3:1) keyin mehmon jamoa ustozi Ahmad Hayel matbuot anjumanida ishtirok etdi.
Ahmad Hayel: "Bugungi bahs uchun futbolchilarimga rahmat aytmoqchiman. Birinchi bo‘limni g‘alaba bilan yakunladik. Birinchi taymdan ko‘nglim to‘ldi. Ikkinchi bo‘limning boshida ikkita gol o‘tkazib yubordik va bu futbolchilarimning motivatsiyasiga ta’sir qildi. Qaytishga harakat qildik, ustunlikka ham erishdik. Penaltidan foydalana olmadik. Umuman olganda, jamoamning o‘yinidan qoniqdim, natijadan emas".
- "Al Faysali"ning keyingi bosqichga chiqish imkoniyatlarini qanday baholaysiz?
- Bugungi bahsdan so‘ng imkoniyatlarimiz biroz pasaydi. Milliy chempionat va OCHLda yomon o‘yin ko‘rsatmayapmiz. Ushbu musobaqa guruh bosqichining so‘nggi o‘yini qoldi va unda yaxshi natija qayd etishga harakat qilamiz. Bu bizning so‘nggi bahsimiz bo‘lmasligi mumkin. Biroq bundan keyin bor e’tiborni milliy chempionatimizga qaratsak kerak.
- O‘yindan oldin mehmon jamoa vakillari o‘zgacha o‘yin ko‘rsatishlari haqida aytishgandi, bugun o‘sha o‘yinni namoyish eta olishdimi?
- Birinchi o‘yinimizdan farqli ravishda bugun boshqacha taktika tanlagan edik. Rejamiz - himoyaviy o‘yinga e’tibor berib, qarshi hujumlardan unumli foydalanish edi. Ikkinchi bo‘limda rejalarimiz buzilib ketdi. Raqibning ikkita golidan so‘ng oldinga o‘tishga majbur bo‘ldik.
- "Al Sadd" "Sharja"ni mag‘lub etdi. Guruhdagi intriga saqlanib qoldi. So‘nggi tur oldidan keyingi bosqichga chiqishi mumkin bo‘lga jamoa nomini ayta olasizmi?
- O‘yin bo‘yicha qaraydigan bo‘lsak, "Nasaf" juda yaxshi nomzod. Ular bunga arziydi.
“Zamin” yangiliklarini “Twitter”da kuzatib boring