Yevropa Chempionlar ligasida ishtirok etayotgan yagona futbolchimiz – Abduqodir Husanov musobaqa guruh bosqichining beshinchi turiga kelib, qit’aning eng nufuzli turnirida debyutini nishonladi.
“Lans”dagi legionerimizning debyuti Londondagi mashhur “Emireyts” stadionida “Arsenal”ga qarshi uchrashuvga to‘g‘ri keldi.
Mikel Arteta shogirdlari Fransiyadagi mag‘lubiyat uchun ortig‘i bilan alamini oldi. Birinchi bo‘limning o‘zida Kay Xavers, Gabriel Jezus, Bukayo Saka, Gabriel Martinelli va Martin Edegor bittadan gol urib, jamoasini 5:0 hisobida oldinga olib chiqdi.
“Lans” bosh murabbiyi Frank Xeyz himoyani mustahkamlash maqsadida 62-daqiqada Jonatan Gradit o‘rniga Abduqodir Husanovni tushirdi.
Hali o‘yinga kirishib ketmagan hamyurtimiz mezbonlarning tezkor hujumini to‘xtatishda to‘pni qo‘li bilan o‘ynadi. Maydonga tushganidan keyin bir daqiqa ichida ogohlantirilgan Husanov o‘zbek futboli tarixida Chempionlar ligasida eng tez sariq kartochka olgan futbolchiga aylandi.
19 yoshli futbolchimiz qolgan daqiqalarda juda ishonchli o‘ynagan vaziyatlar bo‘ldi. Abduqodir bir necha marta “Arsenal” hujumini qaytarishda jonbozlik ko‘rsatdi.
Bellashuvning 84-daqiqasiga kelib, Abduqodir Husanov yana voqealar markazida bo‘ldi. Yosh futbolchimiz raqib hujumini qaytarish chog‘ida jarima maydonchasi ichida Gabriel Martinellining yuziga urib yubordi.
Portugaliyalik hakam Artur Diash VAR yordamidan foydalanib, penalti belgiladi. Videotakrorni ko‘rgan hakam Abduqodir raqib yuziga zarba berib yuborgani uchun emas, balki to‘p jarima maydonchasini ichida o‘zbek futbolchisining qo‘liga tekkani uchun 11-metrlik belgini ko‘rsatdi.
Bundan tashqari, Artur Diash Husanovga qo‘li bilan o‘ynagan yana bir vaziyat uchun ikkinchi ogohlantirishni bermadi va Abduqodir bellashuvni davom ettiradigan bo‘ldi.
11 metrlik zarbadan gol urgan Jorjino jamoasining 6:0 hisobidagi g‘alabasini ta’minladi.
Bu uchrashuv Abduqodir Husanovning yodida umrbod saqlanib qolsa kerak.
Qaqshatqich mag‘lubiyatdan keyin “Lans” Chempionlar ligasi guruhidan chiqolmaydigan bo‘ldi. Guruhdagi so‘nggi o‘yin oldidan “Arsenal” 12 ochko bilan guruh bosqichini birinchi o‘rinda yakunlashi oydinlashdi. Ikkinchi uchrashuvda “PSV Eyndxoven” Ispaniyadagi uchrashuvida “Sevilya”ni yengib qaytdi. Niderlandiyaliklar dastlab ikkita gol o‘tkazib yuborganiga qaramay, keyinchalik uchta to‘p kiritdi.
Natijada 8 ochko jamg‘argan PSV pley-off yo‘llanmasiga ega chiqdi.
“Lans” 12 dekabr kuni so‘nggi uchrashuvda “Sevilya”ni qabul qiladi. Agar bu uchrashuv fransiyaliklar uchun muvaffaqiyatli yakunlansa, Abduqodir Husanov jamoasi Yevropa Ligasiga yo‘llanma oladi.
Quyida ushbu uchrashuvning qisqacha videosharhini tomosha qilishingiz mumkin:
“Zamin” yangiliklarini “Instagram”da kuzatib boring