Oyiga 200 dollardan yiliga 5,2 million funtgacha: Abduqodir Husanov haqida qiziqarli faktlar

Oyiga 200 dollardan yiliga 5,2 million funtgacha: Abduqodir Husanov haqida qiziqarli faktlar
QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
  • Abduqodir Husanov «Bunyodkor»da qadrlanmaganidan so‘ng Belarusning «Energetik-BGU» klubiga o‘tib, Yevropa skautlari e’tiboriga tushdi.
  • 2023-yilda Fransiyaning «Lans» klubi uni 100 ming yevroga sotib oldi, keyinchalik esa 2025-yil yanvarida «Manchester Siti»
  • 40 million yevro (bonuslar bilan 50 million yevro) evaziga transfer qildi.

Bugungi kunda nafaqat O‘zbekiston, balki butun jahon futboli e’tiborida turgan 22 yoshli himoyachi Abduqodir Husanovning bosib o‘tgan yo‘li hayratlanarli voqealarga boy. «Bunyodkor»da qadrlanmagan iste’doddan to APL grandi safidagi katta yutuqlargacha — Husanov faoliyatining muhim sahifalari taqdim etildi.

«Bunyodkor»dan Yevropa sari: Taqdirni o‘zgartirgan qaror

  • Ilk qadamlar: Abduqodir 2011 yildan 2021 yilgacha Toshkentning «Bunyodkor» akademiyasida tahsil oldi. Unga Sergey Chigodayev, Akmal Risqullayev, Alisher Ibrohimov va o‘z otasi ustozlik qilgan.

  • Qadrlanmagan iste’dod: Achinarlisi, «Bunyodkor»da uning salohiyati yetarlicha baholanmadi. Natijada yosh himoyachi faoliyatini xorijda boshlashga qaror qildi.

  • Belarus tramplini: 2022 yil boshida u «Energetik-BGU» (hozirgi «SKA-1938»)ga qo‘shildi. Klub chempionat kumush medallarini qo‘lga kiritdi, Husanov esa mavsumning ramziy terma jamoasidan o‘rin olib, Yevropa skautlari nazariga tushdi.

  • Fransiya va Chempionlar ligasi: 2023 yil yozida Fransiyaning «Lans» klubi uni atigi 100 ming yevro evaziga sotib oldi. Kuzda Husanov Chempionlar ligasida porlab, eng yuqori saviyadagi futbolga tayyorligini isbotladi.

50 million yevrolik transfer va «Siti»dagi muvaffaqiyat

2025 yilning yanvar oyida Angliya superklubi «Manchester Siti» o‘zbekistonlik himoyachi uchun «Lans»ga 40 million yevro (bonuslar bilan 50 million yevro) to‘ladi.

Hozirgacha Husanov «shaharliklar» safida 53 ta o‘yinda maydonga tushib, 1 ta gol urdi hamda Angliya kubogi (2026) va Liga kubogi (2026) sohibiga aylandi.

Klublar miqyosidagi umumiy statistika (Transfermarkt):

  • «Energetik-BGU» (2022–2023): 37 o‘yin, 4 gol

  • «Lans» (2023–2025): 31 o‘yin, 0 gol

  • «Manchester Siti» (2025 yildan): 53 o‘yin, 1 gol

Maoshlar tafovuti: Oyiga 200 dollardan yiliga £5,2 milliongacha!

Jahon chempionatidagi muvaffaqiyatli ishtirokidan so‘ng «Manchester Siti» futbolchi bilan shartnomani 2031 yilgacha uzaytirdi. Bu Husanovning daromadini keskin oshirdi:

  • Belarus: Rasmiy maosh oyiga 200 dollardan oshmagan;

  • «Lans» (Fransiya): Yiliga soliqqacha 140 ming yevro;

  • «Manchester Siti» (ilk shartnoma): Yiliga 2,6–3 million funt sterling;

  • Yangi shartnoma (hozir): Bonuslarsiz yiliga naqd 5,2 million funt sterling (maoshi deyarli ikki baravar ko‘paydi).

Tezlik rekordi va milliy terma jamoa muvaffaqiyatlari

Husanov barcha yoshdagi milliy jamoalarda (U-17 dan U-23 gacha va Parij Olimpiadasi) jami 26 ta bahs o‘tkazgan. Asosiy milliy terma jamoa safida esa 32 ta o‘yinga ulgurdi.

U 2026 yilgi tarixiy Jahon chempionatida yurtimiz sharafini himoya qilib, turnirdagi eng yuqori tezliklardan biri — 36,5 km/soatni qayd etdi. Mundial yo‘llanmasi unga davlatimizning yuksak mukofoti — «O‘zbekiston iftixori» unvonini keltirdi.

Qo‘lga kiritilgan asosiy yutuqlari:

  • 2023 — Osiyo chempioni (O‘zbekiston U-20)

  • 2024 — U-23 Osiyo kubogi finalchisi

  • 2024 — «Lans» klubida yilning eng yaxshi futbolchisi (muxlislar talqinida)

  • 2026 — Angliya kubogi va Angliya liga kubogi sohibi («Manchester Siti»)

  • «O‘zbekiston iftixori» faxriy unvoni

Izohlar 0

…

Mavzuga oid yangiliklar