Xabaringiz bor, yaqinda “Neftchi” klubi tajribali hujumchi Shoxruz Norxonov bilan shartnoma imzolanganini rasman e’lon qildi.
2023 yilgi mavsumda “Navbahor” hamda “Buxoro” safida to‘p surgan o‘yinchi o‘zi kutgan natijalarga erisha olgani yo‘q. Lekin shunga qaramay, futbolchi “Neftchi”ga o‘tish orqali yanada katta maqsadlar sari kurashishga tayyorligini bildirmoqda. Buni quyidagi suhbat orqali o‘qishingiz mumkin.
- Shoxruz, dastlab chempionat haqida so‘ramoqchiman. Uni “Navbahor”da boshlab, “Buxoro”da yakunladingiz. Oldingidek sermahsullik ham bu safar kamroq bo‘ldi. 2023 yilgi mavsum borasida xulosalaringiz qanday?
- To‘g‘ri aytdingiz, bu yil maqsadlarim o‘zgarib ketdi. Yil boshida “Navbahor” bilan katta niyatlar uchun ishga kirishgandim. Lekin nasib qilmagan ekan, u yerda qololmadim. Sababi bitta: o‘yin amaliyoti kam bo‘lib qolgani uchun ketdim.
- “Buxoro” pro ligaga tushib ketdi. Siz u yerda qo‘lingizdan kelganicha yordam berdingiz. Ammo o‘xshamadi. Bu muvaffaqiyatsizlikni qanday izohlaysiz?
- “Buxoro”ga yosh va yangi tarkib yig‘ilgandi. U yerda ko‘p futbolchilar debyut ham qilishdi. Hamma birdek harakat qildi. Lekin bu futbol. Har doim ham siz xohlagandek bo‘lavermaydi. Ammo aniq bilamanki, “Buxoro” Superligaga hali bundan-da kuchli bo‘lib qaytadi.
- “Buxoro”dan ketishni qachon rejalashtirib qo‘ygandingiz?
- O‘zim birga ishlagan murabbiy bilan gaplashdik. 2-davra tugamasdan oldin hal bo‘lib qolgandi. Klub bilan ham kelishib olgandik.
- “Neftchi”ning ilk transferiga aylandingiz. Sizga takliflar orasida “Neftchi”niki eng zo‘rimidi?
- Men vodiy jamoasida o‘ynadim. Menga muxlislar muhiti juda yoqdi. Amalga oshira olmagan maqsadlarimga “Neftchi” bilan erishmoqchiman. Jamoa murabbiyi menga ishonch bildirgani o‘tishimga sabab bo‘ldi.
- Vitaliy Levchenko bilan ilk suhbat qachon bo‘lgandi? Bu jamoa seleksiyani juda shiddatli olib bormoqda. Yangi mavsumda nima kutish mumkin?
- Ha, murabbiy bilan gaplashdik va menga jamoa oldiga qo‘yilayotgan maqsadlar yoqdi. Nasib qilsa, hammasini ko‘rasiz.
- Dragan Cheran 5-marotaba to‘purar bo‘ldi. Sizdan ham muxlislar kutishyapti...
- Cheran kuchli futbolchi. Unga omad tilayman. Ammo ishonamanki, keyingi mavsum o‘zbek hujumchilari to‘purar bo‘lishadi, nasib qilsa.
- Siz uchun mavsumning eng yaxshi murabbiyi va futbolchisi kim?
- Menimcha, “Neftchi” bosh murabbiyi bu yil eng yaxshisi bo‘ldi. Eng yaxshi futbolchi, umumiy qilib olsak, Oston O‘runov.
- Vodiyda o‘ynab ko‘rdingiz, endi Farg‘onada to‘p surasiz. “Neftchi”ning muxlislari ham talabchan, juda. Bu kimgadir motivatsiya, kimgadir bosim beradi. Sizgachi?
- Albatta, vodiyda muxlislar futbolga juda qiziqishadi. Menga bosim bo‘lmaydi. Aksincha, stadion to‘la muxlislar bilan hammasi ajoyib o‘tadi.
Shuhratbek Jo‘rayev.
“Zamin” yangiliklarini “Vkontakti”da kuzatib boring