Fransiya vitse-chempioni “Lans” o‘tgan yoz Loi Openda va Seko Fofana kabi yetakchi o‘yinchilarini boshqa klublarga sotib yubordi.
Lansliklar jamoaning yetakchi markaziy himoyachisi Kevin Dansoning transferidan ham mo‘may daromad olishni rejalashtirgan. Ana shu maqsadda Dansoga o‘rinbosar sifatida Belarusning “Energetik-BGU” jamoasidan Abduqodir Husanov olib kelindi.
Mavsumning birinchi qismida 19 yoshli legionerimiz Liga 1 va Yevropa Chempionlar ligasida jami sakkizta o‘yin o‘tkazib, jamoaning yetakchi himoyachilari o‘rnini to‘liq bosishga qodirligini ko‘rsatdi.
Qishki transferlar vaqtida Kevin Dansoning bozori yana qaynay boshladi. Avstriyalik futbolchiga PSJ va “Bavariya”dan jiddiy taklif bo‘ldi. Tarkibdagi yetishmovchiliklarni inobatga olgan “Lans” rahbariyati transfer masalasini yozgi transferlar davriga qoldirishga qaror qildi.
Parij va Myunxen superklublari mavsum yakunlanganidan keyin yana “Lans” eshigini qoqadi. Biroq yozga borib da’vogarlar soni ko‘payib ketishi mumkin. Chunki 26 yoshli himoyachiga Annliya Premer-ligasi vakillari ham e’tibor qaratdi. Lansliklarga 22 million yevroga baholanayotgan o‘z o‘yinchisini yanada qimmatroq pullashi uchun aynan mana shu holat kerak.
“Lans”ning yana bir yetakchi markaziy himoyachisi Fakundo Medinaga Italiya grandlari taklif bilan chiqyapti.
24 yoshli futbolchi Argentina terma jamoasiga jalb etib kelinayotgani ham unga bo‘lgan da’vogarlarning ortishiga sabab bo‘lmoqda.
Taniqli jurnalist Sebasten Denining ma’lum qilishicha, 24 yoshli markaziy himoyachiga “Yuventus”, “Inter” va “Milan” ko‘z tikmoqda.
A Seriya klublarining har biri Medina himoya markazini kuchaytirishiga ishonch bildiryapti. Qolarversa, “Lans” rahbariyatida himoyachini Angliya Premer-ligasiga transfer qilish varianti ham bor.
Medina Argentinaning “Taleres” klubi tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. 2020 yili “Lans” uni 3,5 milliont yevroga transfer qilgan.
Ayni paytda Fakundoning narxi 22 million yevroga ko‘tarilgan. Katta ehtimol bilan “Lans” xo‘jayinlari bu o‘yinchining transferi bilan ham yozda shug‘ullanadi.
Har ikki markaziy himoyachidan qay birining transferi muvaffaqiyatli amalga oshsa, bu asosiy tarkibdan muqim o‘rin egallash uchun kurashayotgan Abduqodir Husanovga qo‘shimcha imkoniyat hisoblanadi.
Qolaversa, kuni kecha “Lans”ga ayni paytda qaysi futbolchi yetishmayotganini aniqlash uchun o‘tkazilgan so‘rovnomada ishtirok etgan muxlislarning deyarli teng yarmi o‘zbek legioneriga ovoz bergan.
Ma’lumki, Husanov O‘zbekiston milliy terma jamoasi safida Qatar mezbonligida o‘tkazilayotgan Osiyo kubogida qatnashayotgani bois, bir necha o‘yinlarda “Lans”ga yordam berolmaydi. Muxlislar esa, jamoaga aynan Abduqodir kerakligini aytib, uni kutyapti.
“Zamin” yangiliklarini “Instagram”da kuzatib boring